60-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik ustavi (261-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Konsul quyidagi notarial harakatlarni bajaradi:
1) bitimlarni (shartnomalar, vasiyatnomalar, ishonchnomalar va hokazolarni) tasdiqlaydi. Oʻzbekiston Respublikasidagi uy-joyni (joyning bir qismini), kvartira, dala hovli, bogʻ hovli, garajni, shuningdek boshqa bino, inshootni yoki imoratni boshqa shaxsga oʻtkazish va garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnomalar bundan mustasno;
2) meros qilib qoldirilgan mulkni qoʻriqlash chora-tadbirlarini koʻradi;
3) merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
4) er-xotinning umumiy mulkidagi ulushga egalik huquqi toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
5) hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini shahodatlaydi;
6) hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini shahodatlaydi;
7) hujjatlarning bir tildan boshqa tilga toʻgʻri tarjima qilinganligini shahodatlaydi;
8) shaxs tirik ekanligi faktini tasdiqlaydi;
9) fuqaroning muayyan joyda ekanligi faktini tasdiqlaydi;
10) fuqaroning fotosuratda aks ettirilgan shaxs ekanligini tasdiqlaydi;
11) hujjatlar taqdim etilgan vaqtni tasdiqlaydi;
12) pul summalari va qimmatli qogʻozlarni depozitga qabul qiladi;
13) ijro xatlarini yozadi;
14) saqlash uchun hujjatlarni qabul qiladi;
15) qonunda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni bajaradi.
Konsul tomonidan notarial harakatlarni bajarish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan, shuningdek ushbu Ustav bilan belgilanadi. Konsul tomonidan notarial harakatlarni bajarish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
