1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik ustavi (261-I-son) · Sana: 29.08.1996 · Amalda
Ushbu Ustavda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
“konsullik muassasasi” — Oʻzbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasining konsullik boʻlimi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatda taʼsis etiladigan bosh konsulxonasi, konsulxonasi, vitse-konsulxonasi va konsullik agentligi;
“konsul” — konsullik muassasasining rahbari boʻlmish bosh konsul, konsul, vitse-konsul va konsullik agenti;
“konsullik mansabdor shaxsi” — konsullik vazifalarini bajarish ishi topshirilgan har qanday shaxs, shu jumladan konsullik muassasasining rahbari, shuningdek diplomatiya vakolatxonasi konsullik boʻlimining mudiri;
“konsullik muassasasining xodimi” — konsullik muassasasiga xizmat koʻrsatish yuzasidan konsullik muassasasida maʼmuriy yoki texnikaviy vazifalarni bajarish bilan shugʻullanayotgan har qanday shaxs;
“konsullik okrugi” — konsullik vazifalarini bajarish uchun konsullik muassasasi ixtiyoriga berilgan hudud;
“konsullik binolari” — konsullik muassasasi ehtiyojlari uchun foydalanilayotgan binolar yoki ularning bir qismi, shuningdek ularga qarashli yer maydonlari;
“kema” — Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi ostida suzib yurgan har qanday kema, harbiy kema bundan mustasno;
“havo kemasi” — Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan har qanday havo kemasi, harbiy samolyot bundan mustasno.
