Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida
01.08.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlatning oʻzaro manfaati yoʻlida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istagida,
bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida qulay shart-sharoitlarni yaratish va qoʻllab-quvvatlashga intilib,
mazkur Bitim asosida investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish ikkala davlatda ishbilarmonlik tashabbusini rivojlantirish, xususiy sarmoyalar kirib kelishi hamda iqtisodiy rivojlanishga koʻmak berishini eʼtirof etgan holda,
davlatlar milliy qonunchiligiga muvofiq, shuningdek, xalqaro huquq normalari vositasida investitsiyalarni himoya qilishning samarali mexanizmini taʼminlash muhimligini inobatga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Taʼriflar
Mazkur Bitim maqsadlari uchun:
1. “Investitsiyalar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investori tarafidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida foyda olish maqsadlarida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq holda kiritilgan mulkiy qiymatliklarning barcha turlarini anglatadi, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) koʻchar va koʻchmas mulk hamda boshqa mulkiy huquqlar;
b) ulushlar, aksiyalar yoki tijorat tashkilotlarida ishtirok etishning boshqa shakllari, shuningdek, obligatsiyalar;
v) pul mablagʻlari yoki iqtisodiy qiymatga va investitsiya belgilariga ega shartnoma boʻyicha har qanday majburiyatlarni bajarishga nisbatan talab qilish huquqlari;
g) intellektual va sanoat mulkiga boʻlgan huquqlar, shu jumladan, mualliflik huquqlari, ixtiro patentlari, tovar belgilari, sanoat namunalari, tovar chiqarilgan joyni koʻrsatish va texnologik jarayonlar, ishlab chiqarish sirlari, firma nomlari, nou-xau va gudvill, shuningdek, boshqa shunga oʻxshash huquqlar;
d) hududida investitsiyalar amalga oshirilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq taqdim qilinadigan yoki shartnomaga asosan vakolatli organ tomonidan beriladigan konsessiyalar, shu jumladan, tabiiy resurslarni qidirish, ishlab chiqish, qazib olish yoki ekspluatatsiya qilish huquqlari;
e) hududida investitsiyalar amalga oshirilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq investitsiyalar deb tan olinadigan oʻzga shakllardagi boshqa investitsiyalar.
Mazkur Bitimga muvofiq aktivni investitsiya sifatida tasniflash uchun u quyidagi investitsiya belgilariga ega boʻlishi lozim:
kapital yoki boshqa resurslarni kiritish boʻyicha majburiyat;
daromad yoki foyda olishni kutish;
tavakkalchilikni qabul qilish.
Mulkiy qiymatliklarni investitsiyalash yoki qayta investitsiyalash shaklidagi har qanday oʻzgarish, basharti bunday oʻzgarish tegishli Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga zid kelmasa, ularning investitsiya xususiyatiga daxl qilmaydi.
Mazkur Bitim maqsadlari uchun “investitsiyalar” atamasi quyidagi aktivlarni oʻz ichiga olmaydi:
a) hukumat yoki davlat korxonasi yoxud davlat tomonidan nazorat qilinadigan korxona tomonidan chiqarilgan qarz qimmatli qogʻozlari boʻyicha har qanday foizlar yoki hukumatga yoxud davlat korxonasiga yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan korxonaga berilgan qarzlar;
b) qabul qiluvchi davlatda korxonaning ish operatsiyalari boshlanguniga qadar yuzaga kelgan, korxonaga ruxsat olish, uni tashkil qilish, sotib olish yoki kengaytirish bilan bogʻliq har qanday operatsiya oldi xarajatlari, basharti investor bilan Ahdlashuvchi Tomonlardan biri oʻrtasidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa;
v) faqatgina tovarlar sotish yoki xizmatlar koʻrsatish boʻyicha tijorat bitimlaridan kelib chiqadigan pul mablagʻlarini talab qilish huquqlari;
g) faqatgina har qanday tijorat bitimi bilan bogʻliq kredit berishdan kelib chiqadigan pul mablagʻlarini talab qilish huquqlari.
Mazkur moddaning 1-bandi toʻrtinchi qismi b) kichik bandida soʻz yuritilayotgan ish operatsiyalari deganda, tashkilot quyidagi barcha harakatlarni istisnosiz amalga oshirishi tushuniladi:
a) qabul qiluvchi davlatda kapital qoʻyilmalari boʻyicha uzoq muddatli majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi;
b) tadbirkorlik tavakkalchiligini qabul qiladi;
v) oʻz faoliyatini qabul qiluvchi davlatning milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiradi.
2. “Daromadlar” atamasi Ahdlashuvchi Tomon davlatida investitsiyadan olingan har qanday mablagʻlar, shu jumladan, foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik mukofotlari, texnik yordam, texnik xizmat koʻrsatish uchun toʻlovlar va boshqa shakllardagi mukofotlarni anglatadi.
3. “Investor” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshiradigan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsini anglatadi:
a) jismoniy shaxs — Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlati qonunchiligiga muvofiq uning fuqarosi;
b) Ahdlashuvchi Tomonlarning istalgan biriga nisbatan yuridik shaxs — oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq tuzilgan yoki taʼsis etilgan, shuningdek, bunday deb tan olinadigan har qanday yuridik shaxs.
4. “Hudud” atamasi Ahdlashuvchi Tomon davlati suvereniteti ostida boʻlgan ushbu davlat milliy qonunchiligi va xalqaro huquqqa muvofiq suveren huquqlari yoki yurisdiksiyasini amalga oshiradigan hududni anglatadi.
5. “Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligi” atamasi Oʻzbekiston Respublikasining huquqini tashkil etuvchi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar yoki Belarus Respublikasining huquqini tashkil etuvchi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni anglatadi.
2-modda Mazkur Bitimning qoʻllanilishi
Mazkur Bitim qoidalari bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida uning qonunchiligiga muvofiq ushbu Bitim kuchga kirgunga qadar va undan keyin amalga oshirilgan barcha investitsiyalarga nisbatan qoʻllaniladi, biroq investitsiyalar, harakatlar yoki faktlar boʻyicha mazkur Bitim kuchga kirgunga qadar vujudga kelgan har qanday nizolar yoki ushbu Bitim kuchga kirgunga qadar hal qilingan har qanday daʼvolarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
3-modda Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga investitsiyalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni ragʻbatlantiradi va yaratadi hamda bunday investitsiyalarning kiritilishiga oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq ruxsat beradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida oʻzgarmas tarzda adolatli va teng huquqli rejim, shuningdek, toʻliq va tegishli huquqiy himoya taqdim qilinadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalarini boshqarish, saqlash, ulardan foydalanish yoki ularni tasarruf etishga asossiz yoki kamsituvchi choralar koʻrish orqali toʻsqinlik qilmaslik majburiyatini oladi.
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalariga nisbatan olgan har qanday majburiyatiga rioya etishga majburdir.
4-modda Milliy rejim va eng qulay rejim
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari va daromadlariga nisbatan oʻz davlatining investorlari yoki boshqa har qanday uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va daromadlariga taqdim etilgan rejimlardan, investorning fikriga koʻra, qay biri eng qulay boʻlsa, undan kam boʻlmagan qulay rejimni taqdim etadi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga investitsiyalarini boshqarish, saqlash, ulardan foydalanish yoki ularni tasarruf etishga nisbatan oʻz davlatining investorlari yoki har qanday uchinchi davlat investorlariga taqdim etiladigan rejimlardan, investorning fikriga koʻra, qay biri eng qulay boʻlsa, undan kam boʻlmagan qulay rejimni taqdim etadi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlari qoidalari bir Ahdlashuvchi Tomonni quyidagilarga muvofiq ushbu Ahdlashuvchi Tomon tarafidan berilishi mumkin boʻlgan har qanday rejim, imtiyozlar yoki yengilliklardagi afzalliklarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari va ularning investitsiyalariga tatbiq etish boʻyicha majburiyat yuklaydigan tarzda talqin qilinmasligi lozim:
a) erkin savdo, bojxona ittifoqi, umumiy bozor, iqtisodiy yoki valyuta ittifoqi toʻgʻrisidagi bitim yoxud boshqa shunga oʻxshash xalqaro bitim, shu jumladan, birinchi Ahdlashuvchi Tomon aʼzo boʻlgan yoki kelajakda aʼzo boʻlishi mumkin boʻlgan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning boshqa shakllari;
b) ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish toʻgʻrisidagi bitim yoki toʻliq yoxud asosan soliqqa tortishga taalluqli boʻlgan boshqa xalqaro bitim.
4. Mazkur Bitimning eng qulay rejimga taalluqli qoidalari quyidagilarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
a) bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari oʻrtasidagi nizolarni hal qilishga;
b) yer uchastkalarini xususiylashtirishga va xususiylashtirilgan yer uchastkalariga egalik qilish huquqini qoʻlga kiritishga nisbatan.
5-modda Ekspropriatsiya
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida natsionalizatsiya, ekspropriatsiya yoki amal qilishi bevosita yoxud bilvosita natsionalizatsiyaga yoki ekspropriatsiyaga teng boshqa choralar (keyingi oʻrinlarda “ekspropriatsiya”) qoʻllanilmaydi, ularning jamoat manfaatlarida kamsitilmaydigan asosda qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq, oʻz vaqtida, mutanosib va samarali kompensatsiya taʼminlangan holda qoʻllanilishi bundan mustasno.
2. Kompensatsiya amalda ekspropriatsiya qilingan yoki kelgusida ekspropriatsiya qilish haqida rasman maʼlum boʻlgan sanada hisoblangan ekspropriatsiya qilinayotgan investitsiyalarning bozor qiymatiga mos boʻlishi lozim. Kompensatsiya kechiktirilmasdan erkin ayirboshlanadigan valyutada toʻlanadi va mazkur Bitimning 8-moddasiga muvofiq bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga oʻtkaziladi. Ekspropriatsiya sanasidan boshlab kompensatsiya toʻlangan sanaga qadar kompensatsiya summasiga bozor asosida belgilanadigan tijorat stavkasida, ammo olti oylik dollar kreditlari boʻyicha London banklararo taklif stavkasidan (LIBOR) kam boʻlmagan stavkada foizlar hisoblanadi.
3. Agar bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan yoki taʼsis etilgan tijorat tashkilotining mol-mulkini yoxud uning bir qismini ekspropriatsiya qilsa hamda bu tashkilotga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari investitsiyalar kiritgan, shu jumladan, unda ulushli ishtirok etgan boʻlsa, ushbu boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga mazkur moddaning qoidalari ularning investitsiyalariga nisbatan oʻz vaqtida, mutanosib va samarali kompensatsiyani taʼminlash uchun zarur boʻlgan hajmda qoʻllanilishi kafolatlanishi lozim.
4. Investitsiyalari ekspropriatsiya qilinadigan investor ekspropriatsiyani amalga oshiruvchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining sudi yoki boshqa vakolatli organi tomonidan mazkur moddada belgilangan tamoyillarga muvofiq, oʻz ishining tezkor koʻrib chiqilishi va oʻz investitsiyalari baholanishining tahlil qilinishi huquqiga egadir.
6-modda Zararlarni qoplash
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlariga ularning investitsiyalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida urush, qurolli toʻqnashuv, mamlakat darajasidagi favqulodda holat, inqilob, qoʻzgʻolon yoki isyon oqibatida zarar koʻrgan boʻlsa, ushbu boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan ularni tiklash, zararlarni qoplash, kompensatsiya yoki oʻzgacha tarzda tartibga solishga nisbatan, mazkur boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati investorlariga yoki eng qulay rejimdan foydalanadigan investorlarga taqdim etadigan rejimlardan, investorning fikriga koʻra, qay biri eng qulay boʻlsa, undan kam boʻlmagan qulay rejim taqdim etiladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandiga daxl qilmagan holda, ushbu bandda nazarda tutilgan har qanday vaziyatlarda bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida:
a) ushbu boshqa Ahdlashuvchi Tomon qurolli kuchlari yoki hokimiyat organlari tomonidan ularning investitsiyalari toʻliq yoki qisman rekvizitsiya qilinishi natijasida zarar koʻrsa;
b) ushbu boshqa Ahdlashuvchi Tomon qurolli kuchlari yoki hokimiyat organlari tomonidan vaziyat taqozosi talabi bilan bogʻliq boʻlmagan holda ularning investitsiyalari toʻliq yoki qisman yoʻq qilinishi natijasida zarar koʻrsa,
investorlarga boshqa Ahdlashuvchi Tomon tarafidan tovon toʻlovi yoki kompensatsiya taqdim qilinadi, bunda ular har qanday holatda ham oʻz vaqtida, mutanosib va samarali amalga oshirilishi lozim, kompensatsiya esa rekvizitsiya yoki yoʻq qilinish paytidan boshlab haqiqatda toʻlov sanasiga qadar mazkur Bitimning 5-moddasi 2 — 4 bandlariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
7-modda Umumiy istisnolar
1. Mazkur Bitimdagi hech bir qoida Ahdlashuvchi Tomonni quyidagi kamsitmaydigan huquqiy choralarni qoʻllashdan cheklamasligi lozim:
a) inson hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, atrof-muhit, shuningdek, tarixiy va madaniy qadriyatlarni muhofaza qilishga qaratilgan choralar;
b) qazib olinadigan tabiiy resurslarni saqlash bilan bogʻliq choralar.
2. Mazkur Bitimdagi hech bir qoida quyidagi maqsadlarda talqin qilinmasligi lozim:
a) istalgan Ahdlashuvchi Tomondan u oshkor etilishi oʻzining muhim xavfsizlik manfaatlariga zid deb hisoblaydigan har qanday maʼlumotlarni olish imkoniyatini taʼminlashni talab qilish;
b) istalgan Ahdlashuvchi Tomonga oʻzining xavfsizlik manfaatlarini va muhim iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur deb hisoblagan har qanday harakatlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilish, basharti bunday harakatlar:
1) harbiy yoki boshqa xavfsizlik muassasalarini taʼminlash maqsadida bevosita yoki bilvosita amalga oshiriladigan qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar va boshqa tovarlar, materiallar, xizmatlar va texnologiyalar savdosi bilan bogʻliq boʻlsa;
2) urush yoki xalqaro munosabatlardagi boshqa favqulodda holatlar vaqtida amalga oshirilsa; yoki
3) yadro qurolini yoki boshqa yadroviy portlovchi qurilmalarni tarqatmaslikka doir milliy siyosatni yuritish yoki xalqaro shartnomalarni bajarish yuzasidan amalga oshirilsa; yoki
4) noqonuniy faoliyatga nisbatan amalga oshirilsa.
8-modda Erkin oʻtkazmalar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga tegishli soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligida belgilangan tartibda toʻlaganlaridan soʻng, oʻz investitsiyalari bilan bogʻliq toʻlovlarni chet elga erkin oʻtkazishlarini kafolatlaydi, bunday oʻtkazmalar, xususan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi, ammo bular bilan cheklanib qolmaydi:
a) mazkur Bitimning 1-moddasi 2-bandida belgilangan daromadlar;
b) investitsiyalarni saqlash yoki rivojlantirish uchun zarur boʻlgan asosiy va qoʻshimcha hissalar;
v) ikkala Ahdlashuvchi Tomon investitsiya sifatida tan olgan qarzlar va kreditlarni qaytarish uchun toʻlanadigan mablagʻlar, shuningdek, ularga hisoblangan foizlar;
g) investitsiyalarni qisman yoki toʻliq tugatish yoxud sotish munosabati bilan olingan mablagʻlar;
d) mazkur Bitimning 5 va 6-moddalarida nazarda tutilgan kompensatsiya;
e) hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlati qonunchiligiga muvofiq investitsiyalar bilan bogʻliq ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish uchun chet eldan yollangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa mukofotlari;
j) qoʻlga kiritilgan qimmatli qogʻozlardan olingan foiz va (yoki) diskont, dividendlar shaklidagi, shuningdek, ularning tasarrufdan chiqarilishi va (yoki) soʻndirilishidan olingan daromadlar.
2. Mazkur Bitim boʻyicha toʻlov oʻtkazmalari investitsiyalar hududida amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq, oʻtkazma sanasidagi ayirboshlash kursi boʻyicha erkin ayirboshlanadigan valyutada kechiktirmasdan amalga oshiriladi.
9-modda Subrogatsiya
Basharti bir Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli tashkiloti boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investorning investitsiyalariga nisbatan berilgan kafolat yoki sugʻurta shartnomasi boʻyicha toʻlovni amalga oshirsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu investorning huquqi yoki talab qilish huquqining birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning vakolatli tashkilotiga oʻtkazilishini hamda birinchi Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli tashkilotining huquq va talab qilish huquqlarini subrogatsiya prinsipi asosida mazkur huquqlarni taqdim etgan shaxs bilan bir xil hajmda amalga oshirish huquqini tan olishi lozim.
10-modda Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investori oʻrtasidagi nizolar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investori oʻrtasida investitsiyalar bilan bevosita bogʻliq boʻlgan nizo undagi tomonlar oʻrtasida tinch yoʻl bilan maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
2. Basharti nizo tomonlardan birining nizoni hal qilish toʻgʻrisidagi yozma murojaati paytidan boshlab olti oy ichida maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal etilmasa, bunda investor mazkur moddaning 5-bandida nazarda tutilgan protseduraga rioya etgan holda, nizoni koʻrib chiqish uchun quyidagilardan biriga topshirishi mumkin:
a) hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining vakolatli sudlari; yoki
b) 1965-yil 18-martda Vashingtonda imzolash uchun ochiq boʻlgan Davlatlar bilan boshqa davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari oʻrtasidagi investitsiyaga doir nizolarni hal qilish boʻyicha Konvensiyaga muvofiq taʼsis etilgan Investitsiyaga oid nizolarni hal qilish boʻyicha xalqaro markaz (ICSID), basharti ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlati mazkur Konvensiyaga qoʻshilgan boʻlsa; yoki
v) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo huquqi boʻyicha komissiyasi (UNCITRAL) Arbitraj reglamentiga muvofiq taʼsis etiladigan “ad hoc” arbitraj sudi; yoki
g) ilgari kelishilgan har qanday boshqa “ad hoc” xalqaro arbitraj sudi.
3. Nizodagi tomonlardan birining soʻroviga koʻra mazkur moddaga muvofiq arbitraj tarzida koʻrib chiqish 1958-yil 10-iyunda Nyu-Yorkda imzolash uchun ochiq boʻlgan Xorijiy arbitraj qarorlarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi Konvensiya (Nyu-York Konvensiyasi)ga aʼzo davlat hududida amalga oshiriladi.
4. Agar investor nizoni xalqaro arbitrajga taqdim qilgan boʻlsa, mazkur moddaning 2-bandida koʻrsatilgan uchta arbitrajlardan birini tanlash yakuniy hisoblanadi.
5. Nizodagi tomon hisoblangan Ahdlashuvchi Tomon nizoni arbitrajga topshirish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomani olgan sanadan boshlab toʻqson (90) kundan soʻng nizo xalqaro arbitrajga topshirilishi mumkin. Xalqaro arbitrajga topshirish niyati toʻgʻrisidagi xabarnomada quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
a) murojaatchining nomi va manzili, basharti daʼvo tashkilot nomidan berilayotgan boʻlsa, korxona nomi, manzili va roʻyxatdan oʻtgan joyi;
b) investor fikriga koʻra mazkur bitimning buzilgan qoidalari;
v) har bir daʼvo uchun huquqiy va faktik asoslar; shuningdek,
g) daʼvo talabi (daʼvo predmeti), shu jumladan, daʼvo qilinayotgan zarar yoki ziyonning taxminiy summasi.
6. Basharti investor nizoga olib kelgan holatlar haqida ilk bor xabar topgan sanadan yoki xabar topishi lozim boʻlgan paytdan eʼtiboran besh (5) yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa, nizo arbitrajga topshirilishi mumkin emas.
7. Basharti mazkur Bitimdagi qoidalar arbitraj qoidalariga zid boʻlsa, mazkur Bitim qoidalari ustuvor hisoblanadi.
8. Sud qarori nizodagi ikkala tomon uchun yakuniy va majburiy hisoblanadi hamda hududida sud qarori ijro etilayotgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining protsessual qonunchiligiga muvofiq ijro etilishi lozim.
11-modda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar
1. Mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllashga oid nizolar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida imkon qadar muzokaralar orqali hal etilishi lozim.
2. Basharti nizoni Ahdlashuvchi Tomonlardan birining bunday muzokaralar toʻgʻrisidagi talabnomasi paytidan boshlab olti oy davomida yuqorida qayd etilgan usulda hal etishning imkoni boʻlmasa, ushbu nizo Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabnomasiga binoan arbitraj sudiga topshirilishi mumkin.
3. Arbitraj sudi har bir muayyan holat uchun quyida belgilangan tarzda taʼsis qilinadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon arbitraj tarzida hal qilish talabnomasi olingandan soʻng ikki oy ichida bittadan sud aʼzosini tayinlaydi. Ushbu ikki sud aʼzosi Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan sud raisi etib tayinlanadigan uchinchi davlat fuqarosini aniqlaydilar. Rais boshqa ikki sud aʼzosi tayinlangan sanadan boshlab toʻrt oy ichida tayinlanishi lozim.
4. Agar mazkur moddaning 3-bandida belgilangan muddatlarda zaruriy tayinlovlar amalga oshirilmagan boʻlsa va basharti Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzgacha tarzda kelishib olmagan boʻlsalar, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma Xalqaro sud Raisiga yoʻllanishi mumkin. Agar Xalqaro sud Raisi Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlati fuqarosi boʻlsa yoki u yuqorida qayd etilgan harakatlarni boshqa sabablarga koʻra bajara olmasa, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma biron bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining fuqarosi hisoblanmaydigan hamda yuqorida qayd etilgan harakatlarni amalga oshira oladigan Xalqaro sudning lavozim jihatidan keyingi aʼzosiga yoʻllanadi.
5. Arbitraj sudi koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qiladi. Sud qarorlari ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun yakuniy va majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzi tayinlagan sud aʼzosi va oʻz vakillarining sud majlislaridagi xarajatlarini qoplaydi. Sud Raisining xarajatlari, shuningdek, boshqa xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida teng taqsimlanadi. Sud xarajatlar boʻyicha oʻzgacha qaror qabul qilishi ham mumkin. Boshqa barcha masalalar boʻyicha arbitraj sudi oʻz ishining reglamentini belgilaydi. Bunda reglament mazkur Bitim normalariga zid boʻlmasligi lozim.
12-modda Boshqa qoidalarning qoʻllanilishi
1. Basharti bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligi qoidalari yoki xalqaro huquqqa muvofiq hozirda mavjud boʻlgan yoxud keyinchalik Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitimga qoʻshimcha tarzda oʻrnatilgan majburiyatlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlari amalga oshirayotgan investitsiyalar mazkur Bitimga muvofiq oʻrnatilgan rejimga nisbatan qulayroq rejimdan foydalanishini nazarda tutadigan umumiy yoki maxsus qoidalarga ega boʻlsa, bunday qoidalar investor uchun yanada qulayroq boʻlgan qismida mazkur Bitimga nisbatan ustuvor kuchga ega boʻladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandi qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan birining xalqaro huquqqa muvofiq nizolarni hal etish sohasidagi majburiyatlariga tatbiq qilinmaydi.
13-modda Maslahatlashuvlar
Zarur hollarda, Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillari mazkur Bitimning amalga oshirilishiga daxl qiladigan har qanday masala yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Ushbu maslahatlashuvlar Ahdlashuvchi Tomonlardan birining taklifiga binoan, diplomatik kanallar orqali kelishilgan joyda va muddatlarda oʻtkaziladi.
14-modda Mazkur Bitimning kuchga kirishi, amal qilish muddati va amal qilishining tugatilishi
1. Mazkur Bitim har bir Ahdlashuvchi Tomon uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganligi toʻgʻrisidagi oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab oʻttizinchi kundan kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim oʻn yil muddatga tuziladi. Basharti hech bir Ahdlashuvchi Tomon tegishli muddat tugashidan kamida oʻn ikki oy oldin mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabarnoma yubormasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan navbatdagi oʻn yillik muddatlarga uzayaveradi.
3. Mazkur Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida yozma ravishda kelishilgan oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Istalgan bunday oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kuchga kirishi uchun mazkur Bitim kuchga kirishi boʻyicha talab qilinadigan protsedura qoʻllaniladi.
4. Mazkur Bitimning amal qilish muddati tugagunga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan 1 — 12 moddalarning qoidalari mazkur Bitim tugatilgan sanadan boshlab besh yil mobaynida oʻz kuchida qoladi.
Ushbuni tasdiqlagan holda, bunga lozim darajada vakolatlangan vakillar mazkur Bitimni imzoladilar.
Minsk shahrida 2019-yil 1-avgustda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
