Qoraqalpogʻiston Respublikasida yuz bergan holatlar va voqealarni oʻrganish masalalari toʻgʻrisida (2313-IV-son)
15.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Qoraqalpogʻiston Respublikasida inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlash masalasiga doir murojaatini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022-yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni oʻrganish boʻyicha komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022-yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni oʻrganish boʻyicha komissiya toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-2-ilovalar berilmagan.
3. Komissiya:
inson huquqlari, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini buzish bilan bogʻliq holatlar va hodisalarni chuqur oʻrganib chiqsin;
shaffoflikni taʼminlash maqsadida Komissiya faoliyati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hujjatlashtirilishini, shu jumladan audio-, foto- va video qayd etish vositalari yordamida qayd etilishini tashkil etsin;
oʻrganish natijalari boʻyicha yakuniy axborot tayyorlab, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Komissiya faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
5. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 15-iyul,
2313-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 15-iyul,
KQ-387-IV-son
