46-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining intizomiy javobgarligi
Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-788-son) · Sana: 08.08.2022 · Amalda
Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan lavozim yoʻriqnomasiga va Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga, shuningdek ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik unga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi:
hayfsan;
oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima;
malaka darajasini pasaytirish;
davlat fuqarolik xizmati lavozimini pasaytirish;
egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimidan ozod qilish.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilmagan boshqa intizomiy jazo choralarini qoʻllash taqiqlanadi.
