27-modda. Malaka sertifikatini berish va qayta rasmiylashtirish, uning dublikatini berish
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-787-son) · Sana: 04.08.2022 · Amalda
Malaka sertifikati jismoniy shaxsga malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirilganidan keyin Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan oʻn kun ichida beriladi.
Soliq maslahatchisi oʻz familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgargan taqdirda, tegishli oʻzgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlar berilgan sanadan eʼtiboran bir oylik muddatda Soliq maslahatchilari palatasiga malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish soliq maslahatchisi tomonidan malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida qayta rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan sertifikatning asl nusxasi va tegishli oʻzgartishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilingan holda ariza berilgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida amalga oshiriladi. Qayta rasmiylashtirish chogʻida avval berilgan raqamli malaka sertifikatining yangi blankasi beriladi. Avval berilgan sertifikatning blankasi yoʻq qilinadi.
Soliq maslahatchisining yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati oʻrniga malaka sertifikatining dublikatini berish toʻgʻrisidagi arizasi asosida uning dublikati beriladi. Malaka sertifikati yoʻqolganligi toʻgʻrisidagi axborot Soliq maslahatchilari palatasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Malaka sertifikatining dublikati aynan oʻsha raqam bilan, sertifikatning yangi blankasiga “Dublikat” degan yozuv albatta kiritilgan holda beriladi.
Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati Soliq maslahatchilari palatasiga qaytarilishi va yoʻq qilinishi lozim.
