23-modda. Soliq maslahatiga oid xulosa
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-787-son) · Sana: 04.08.2022 · Amalda
Soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatayotgan soliq maslahatchisi shartnomada nazarda tutilgan hollarda soliq maslahatiga oid xulosani mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq maslahatining milliy standartlarida belgilangan tartibda taqdim etadi.
Soliq maslahatiga oid xulosa soliq maslahati boʻyicha xizmatlar koʻrsatgan soliq maslahatchisi, soliq maslahatchilari tashkilotining rahbari tomonidan imzolanadi va mazkur tashkilotning muhri (mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlanadi.
Soliq maslahatiga oid xulosadagi mavjud axborot maxfiydir va u oshkor qilinishi mumkin emas, bundan shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno.
Soliq maslahatiga oid xulosa mijoz (ishonch bildiruvchi) tomonidan soliq organiga soliq maʼmuriyatchiligini va (yoki) soliq nazoratini amalga oshirish doirasida taqdim etilishi mumkin.
Soliq maslahatiga oid xulosa soliqqa oid nizoni sudgacha hal qilish doirasida koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
Mijozga (ishonch bildiruvchiga) soliq hisobini yuritish boʻyicha xizmatlar doirasida taqdim etilgan soliq maslahatiga oid xulosa soliq tavakkalchiligini baholash chogʻida soliq organlari tomonidan qabul qilinadi.
Yillik aylanmasi oxirgi uch yil ichida oʻn milliard soʻmdan oshmagan hamda soliq xavfi darajasi oʻrta boʻlgan soliq toʻlovchi ixtiyoriy ravishda tugatilganda, mazkur xulosani berish huquqiga ega boʻlgan soliq maslahatchilari tashkiloti bergan soliq maslahatiga oid xulosa soliq organlari tomonidan tan olinadi.
