14-modda. Ekspert kengashi
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-787-son) · Sana: 04.08.2022 · Amalda
Soliq maslahatchilari palatasi huzurida Soliq maslahatchilarining ekspert kengashi (bundan buyon matnda Ekspert kengashi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Ekspert kengashining faoliyati Soliq maslahatchilari palatasi tomonidan tartibga solinadi.
Ekspert kengashi tarkibiga soliq maslahatchilari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, yurisprudensiya sohasidagi mutaxassislar kiradi.
Ekspert kengashining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
soliq toʻlovchilar va nazorat qiluvchi organlar oʻrtasida muntazam ravishda yuzaga kelayotgan soliqqa oid nizolar boʻyicha xulosani koʻrib chiqish hamda berish;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni ekspert baholash;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
Ekspert kengashining soliqqa oid nizolar boʻyicha xulosalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
