12-modda. Soliq maslahatchilari palatasining asosiy vazifalari va funksiyalari
Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-787-son) · Sana: 04.08.2022 · Amalda
Soliq maslahatchilari palatasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
soliq maslahatchilarining va soliq maslahatchilari tashkilotlarining manfaatlarini ifodalash;
soliq maslahatchilarining kasbiy manfaatlarini himoya qilish, ularning kasbiy darajasini rivojlantirish;
malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish va uning amal qilishini tugatish;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni va soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishda ishtirok etish.
Soliq maslahatchilari palatasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
soliq maslahatchilarining reyestrini yuritadi;
soliq maslahatchilari tashkilotlarining reyestrini yuritadi;
ushbu Qonun 23-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan, soliq maslahatiga oid xulosa berish huquqiga ega boʻlgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining roʻyxatini yuritadi;
soliq maslahatining milliy standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni va soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
amalga oshirilayotgan faoliyati bilan bogʻliq yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda, oʻz aʼzolarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
soliq maslahatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.
Soliq maslahatchilari palatasi ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan reyestrlarni, shuningdek roʻyxatni shakllantirish hamda yuritish tartibini belgilaydi.
Soliq maslahatchilari palatasi oʻquv jarayoniga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqadi va soliq maslahatiga oʻqitishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan ushbu talablarga rioya etilishi monitoringini ular bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradi.
Soliq maslahatchilari palatasi qonunchilikka va oʻz ustaviga muvofiq boshqa funksiyalarni ham bajarishi mumkin.
