52-modda. Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi yetkazilgan ziyon hamda zararning oʻrnini qoplash
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Ichimlik suvining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, davlat standartlariga muvofiq emasligi natijasida jismoniy shaxslarning sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrni qonunchilikka muvofiq ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlari tomonidan toʻliq hajmda qoplanadi.
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlaridan foydalanish qoidalariga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rioya etmaganlik, shu jumladan ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga, inshootlarga shikast yetkazganlik, taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirishga monelik qilganlik, suv obyektlarini ifloslantirganlik natijasida yetkazilgan zararning oʻrni aybdor shaxslar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq hajmda qoplanishi lozim.
