50-modda. Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanganlik uchun toʻlov miqdorini hisob-kitob qilish
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Jismoniy va yuridik shaxslarning ichimlik suvi taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga ushbu Qonunning 36-moddasida belgilangan tartibni buzgan holda ulanishi ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanish deb topiladi.
Ichimlik suvi taʼminoti va (yoki) oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib olingan taqdirda, isteʼmol qilingan ichimlik suvining va (yoki) chiqarib yuborilgan oqova suvlarning miqdori yuridik shaxslar uchun ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlarining (ichimlik va (yoki) oqova suv quvurining) oʻtkazish qobiliyatidan kelib chiqqan holda, jismoniy shaxslar uchun esa ichimlik suvini isteʼmol qilish normalaridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilinadi. Bunda ichimlik suvi quvurida suv mavjud boʻlganligi, isteʼmolchining hisob-kitob qilingan ichimlik suvi miqdoridan foydalanish va uni oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmogʻiga oqizib yuborish mumkinligi fakti inobatga olinadi.
