25-modda. Ichimlik suvining sifati
Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish toʻgʻrisida (O‘RQ-784-son) · Sana: 22.07.2022 · Amalda
Ichimlik suvi epidemiologik, radiatsiyaviy va kimyoviy jihatdan xavfsiz boʻlishi kerak.
Suv obyektlaridan olinadigan suvning va tayyorlangan ichimlik suvining tarkibiga doir talablar, shuningdek tahlil oʻtkazish muddatlari hamda tahlillarning turlari davlat standartlariga muvofiq belgilanadi.
Ichimlik suvi sifatining tahlili ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlarining laboratoriyalarida amalga oshiriladi. Ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlarida laboratoriyalar mavjud boʻlmagan taqdirda, ichimlik suvi sifatining tahlili shartnoma asosida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining yoki davlat nazorati organining laboratoriyalarida amalga oshiriladi.
Ichimlik suvining sifati ustidan davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va davlat nazorati organi tomonidan amalga oshiriladi.
