Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida (SQ-571-IV-son)
08.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2022-yilning 10-avgustiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) parlament soʻroviga kelib tushadigan javobni tahlil qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashiga axborot kiritsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 8-iyul,
SQ-571-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 8-iyuldagi SQ-571-IV-sonli Qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI (iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan)
Mamlakatimizda mahalliy sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarish va tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilgan.
Mahalliylashtirish dasturi asosida 2021-yilda 2 053 ta loyiha doirasida 24,4 trln soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish belgilangan boʻlib, amalda 1 938 ta loyiha ishga tushirilgan va 30,1 trln soʻmlik (rejaga nisbatan 123 foiz) sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. 411,0 mln AQSh dollari qiymatidagi 254 turdagi mahsulot eksport qilingan, 12 433 ta ish oʻrni yaratilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida 538 ta loyiha doirasida 13 trln soʻmdan ziyod, hududlar boʻyicha esa 1 400 ta loyiha asosida qariyb 17 trln soʻmlik ichki va tashqi bozorlarda talabi yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, amalga oshirilgan loyihalar hisobiga ilgari ishlab chiqarilmagan yangi turdagi mahsulotlar, jumladan, suv tashuvchi yuk mashinasi, burgʻilash nasosi, kichik quvvatli elektr motori, ultra tovush suv oʻlchagichi kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Tarmoqlar kesimida asosan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi korxonalar, “Oʻzyogʻmoysanoat” uyushmasi, “Oʻzikkilamchiranglimetall” AJ va Davlat geologiya qoʻmitasi tasarrufidagi korxonalar tomonidan mahalliylashtirish dasturlari doirasida ijobiy ishlar amalga oshirildi hamda mamlakatimizga ayrim mahsulotlar importini qisqartirishga erishilgan.
Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish maqsadida 2019-yildan Oʻzbekiston Respublikasi elektron kooperatsiya birjasi portali — “cooperation.uz” ishga tushirilgan boʻlib, bugungi kunda qariyb 95 mingta subyekt ishtirokchi sifatida roʻyxatga olingan.
Mazkur portal orqali 2021-yilda 72 mingdan ortiq sanoat korxonalari oʻrtasida qiymati 17,5 trln soʻmlik 86 mingdan ziyod shartnomalar imzolangan.
Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan korxonalarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Hukumat qarori bilan ularga butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilishda bojxona toʻlovlarini 120 kungacha kechiktirib toʻlash imkoniyati yaratilgan.
Shu bilan birga, mahalliylashtirish dasturlari ijrosini taʼminlash, xususan, importni kamaytirish hamda elektron kooperatsiyani rivojlantirishda ayrim muammolar saqlanib qolmoqda.
Birinchidan, 2021-yilda mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 1,9 trln soʻmlik 115 ta loyiha (tarmoq korxonalarida 44 ta, hududlarda 71 ta) ishga tushirilmagan. 203 ta loyiha boʻyicha mahalliy mahsulot ishlab chiqarish rejasi bajarilmagan.
Tarmoqlar kesimida “Oʻzavtosanoat” AJ (prognoz bajarilmagan qismi 1,2 trln soʻm), Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (442 mlrd soʻm), “Oʻzmaxsusmontajqurilish” AK (419 mlrd soʻm), “Oʻztoʻqimachiliksanaot” uyushmasi (304 mlrd soʻm), “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining (271 mlrd soʻm), hududlar kesimida esa Xorazm (286mlrd soʻm), Qashqadaryo (120 mlrd soʻm), Andijon (89 mlrd soʻm), Samarqand (68 mlrd soʻm) viloyatlarining mahalliylashtirish rejalari ijrosi taʼminlanmagan.
Bundan tashqari, 19 ta holatda import qilingan xomashyo, material va butlovchi qismlar summasini mahalliylashtirish dasturlari doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmiga qoʻshish orqali mahalliylashtirish darajasi sunʼiy oshirib koʻrsatilgan.
Maʼlumot uchun: Buxoro viloyatidagi “Buxoro shams savdo” MChJ Maʼlumot uchun: Buxoro viloyatidagi “Buxoro shams savdo” MChJ hisobotiga koʻra mahalliylashtirish darajasi 40 foizni (7,4 mlrd soʻm) tashkil etgan. Biroq, oʻrganishlarda jamiyat import qilingan qurilish oynalarini hisobotga qoʻshib yozganligi va shu orqali mahalliylashtirish koʻrsatkichi 10 foizga sunʼiy oshirilganligi aniqlangan.
Ikkinchidan, respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasi past.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-iyundagi “2017 — 2021-yillarda avtomobil sanoatini jadal rivojlantirish va boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3028-sonli qaroriga muvofiq “Oʻzavtosanoat” AJ 2021-yilga kelib yengil avtomobillarni mahalliylashtirish darajasini 74,2 foizga, avtobus va yuk mashinalarini 49,3 foizga yetkazishi kerakligi belgilangan. Biroq, bugungi kunda mazkur yoʻnalishlarda mahalliylashtirish darajasi mos ravishda 57 foiz hamda 34,5 foizni tashkil etadi, xolos.
Shuningdek, farmatsevtika tarmogʻida mamlakatda talab yuqori boʻlgan dori vositalarini toʻliq mahalliylashtirish darajasi past, ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan ishlab chiqilgan koʻplab mahalliy dori vositalari tijoratlashtirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “2019 — 2021-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5707-sonli Farmonida nazarda tutilgan boʻlishiga qaramasdan, bolalarda sil kasalligini yuqtirish holatini erta aniqlash uchun qoʻllaniladigan diaskin testlari hanuzgacha mahalliylashtirilmagan.
Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan jami 10 199 nomdagi dori vositasidan 3 062 tasi yoki atigi 30 foizi mahalliy ishlab chiqarish korxonalari hissasiga toʻgʻri keladi. Ushbu dori vositalarining 3 058 tasi (99,9 foizi) toʻliq mahalliylashtirilmagan va asosan “in bulk” shaklida import qilingan yoki import qilingan substansiyalar asosida toʻliq boʻlmagan texnologik sikl boʻyicha ishlab chiqarilgan.
Maʼlumot uchun: “in bulk” mahsuloti — dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish uchun moʻljallangan boʻlib, bunda qadoqlash, isteʼmol oʻrami va markirovka qilishdan tashqari barcha texnologik bosqichlar Oʻzbekiston hududidan tashqarida amalga oshirilgan dori vositasi yoki tibbiyot buyumi (2018-yil 23-yanvardagi PQ-3489-sonli qarori).
Mahalliylashtirish darajasining pastligi, oʻz navbatida, import xomashyo va materiallarga yuqori darajada qaramlikni yuzaga keltirib, oqibatda mahsulot narxining oshishiga va aholining xarid qobiliyati pasayishiga sabab boʻlmoqda.
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan dorixonalarda oʻtkazilgan oʻrganishlarda 9 ta holatda belgilangan ustamalarni 20 foiz oʻrniga 93 foizgacha qoʻllash, 6 ta holatda yaroqlilik muddati oʻtgan, roʻyxatdan oʻtmagan va kirim hujjati mavjud boʻlmagan dori vositalarini realizatsiya qilish holatlari aniqlangan.
Uchinchidan, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan avtomobil sanoati va elektrotexnika sohasidagi korxonalar tomonidan mahsulotlar importi hajmi oshishiga yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, 2021-yilda elektrotexnika va avtomobil mahsulotlari hamda ularning ehtiyot qismlari importi 4,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, import hajmi 2020-yilga nisbatan 20 foizga oshgan (3,7 mlrd AQSh dollari).
2021-yilda avtomobil sanoati sohasida qariyb 2,5 mlrd AQSh dollari qiymatidagi mahsulotlar import qilingan boʻlsa, ularning 57 foizini faqat butlovchi qismlar tashkil qilgan.
Shuningdek, mazkur davrda respublikaga qariyb 2 mlrd AQSh dollari qiymatidagi elektrotexnika mahsulotlari va ularning ehtiyot qismlari import qilingan boʻlib, import hajmi 2020-yilga nisbatan 32 foizga oshgan (1,4 mlrd AQSh dollari).
Yuqorida keltirilgan tovarlar importining asosiy qismi mahalliylashtirish dasturlariga kiritilgan “Uzauto Motors” AJ, “Samarqand avtomobil zavodi” MChJ, “Uzauto Trailer” MChJ, “Uz Truck And Bus Motors” MChJ, “Uz Chasys” MChJ, “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi”, “Texnopark” MChJ, “Oʻzelektoapparat-Electroshield” AJ hamda “Toshelectroapparat” MChJ tomonidan amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar narxlari tarkibida import ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, “Damas DLX” avtomobili narxining oʻrtacha 70 foizi, “Damas” Labo avtomobilining 78 foizi, “Spark” avtomobilining 44-51 foizi, “Neksiya-3” avtomobilining 45-50 foizi, “Kobalt” avtomobilining 44-49 foizi, “Lasyetti Jentra” avtomobilining oʻrtacha 54-59 foizi import hissasiga toʻgʻri keladi.
Toʻrtinchidan, sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish maqsadida tashkil etilgan elektron portal orqali qonunchilikka zid ravishda toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish, yuqori narxlarda xaridlarni amalga oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchi subyektlar boʻlmagan hamda import tovarlarini elektron kooperatsiya birjasida sotish holatlari mavjud. Xususan, mahalliy ishlab chiqaruvchi boʻlmagan subyektlarning 3,5 mlrd soʻmlik hamda importyorlarning 52 mlrd soʻmlik import tovarlari elektron kooperatsiya birjasida sotilganligi aniqlangan.
Shuningdek, elektron portal orqali faqatgina mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻz tovarlarini sotishi lozim boʻlsa-da, 2020-2021-yillarda 30 ta yetkazib beruvchi tomonidan import qilingan tovarlar nomi va/yoki rusumlari oʻzaro mos kelgan 55,1 mlrd soʻmlik import tovarlari realizatsiya qilingan. Statistik va soliq hisobotlarida mahsulot ishlab chiqarganligi koʻrsatilmagan yoki bunday hisobotlarni umuman topshirmagan 110 ta subyekt 54 mlrd soʻmlik mahsulotlarni elektron kooperatsiya birjasida sotishiga yoʻl qoʻyilgan.
Monopol korxonalarning yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlari birja savdolari orqali realizatsiya qilinishi belgilangan boʻlsa-da, amalda 15 turdagi 619 mlrd soʻmlik mahsulot asossiz ravishda elektron kooperatsiya birjasida sotilgan.
Elektron portalda dam olish kunlari yoki ish soatidan tashqari vaqtlarda oldindan rejalashtirib, raqobatni cheklash orqali “kelishilgan” shartnomalarni tuzish holatlari mavjud. Xususan, 1 234 ta buyurtmachining 7,4 trln soʻmlik 30,3 mingta shartnomasi (barcha shartnomalarning 39,0 foizi) shanba va yakshanba kunlari hamda 1 243 ta buyurtmachining 3,4 trln soʻmlik 17,5 mingta shartnomasi (barcha shartnomalarining 22,5 foizi) ish soatidan (09:00 — 18:00) tashqari vaqt oraligʻida tuzilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi PQ-3386-sonli qarorida ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotiladigan yuqori likvidli va monopol turdagi tovarlar roʻyxati tasdiqlangan boʻlishiga qaramasdan, elektron portal orqali 8 turdagi 8,1 mlrd soʻmlik tovarlar 7 ta korxona tomonidan qaror talablariga zid ravishda realizatsiya qilingan.
Beshinchidan, 2019 — 2022-yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish yuzasidan belgilangan ayrim topshiriqlar ijrosi taʼminlanmagan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-99-sonli qarori bilan 2022-yil 1-mayga qadar mahalliy ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 10-raqamli kodlari joriy etilmagan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-avgustdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4812-sonli qarorida davlat xaridlari subyektlarining xarid tizimini auditdan oʻtkazish belgilangan boʻlishiga qaramasdan, bugungi kunga qadar vazifa ijrosi taʼminlanmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
soʻnggi ikki yilda amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan iqtisodiyotning tarmoq korxonalariga belgilangan mahalliylashtirish dasturlari doirasidagi koʻrsatkichlar bajarilmasligi sabablari va ularning ijrosini toʻliq taʼminlash yuzasidan Hukumat tomonidan koʻrilayotgan choralar;
mamlakatda talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirish, tarmoq va hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish natijasida ichki bozorni mahalliy mahsulotlar va xizmatlar bilan toʻldirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar;
ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va ulardan samarali foydalanish hamda ularni modernizatsiya qilish orqali butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish holati hamda investitsiyalar jalb qilishni jadallashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar;
mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan iqtisodiyotning avtomobil sanoati, farmatsevtika va elektrotexnika sohasidagi yirik korxonalar tomonidan import hajmini optimallashtirish hamda mahalliylashtirilgan mahsulotlar tarkibida import qilingan xomashyo ulushini qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar;
ilm-fanni rivojlantirish, ishlab chiqarishni yanada koʻpaytirish hamda yangi ilmiy-tadqiqotlar qilish va innovatsion ishlanmalarni joriy etish natijasida ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, yuqori sifatli yangi turdagi mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarilishini taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar;
sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni ichki bozorda elektron kooperatsiya portali orqali realizatsiya qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda qonunchilikka zid ravishda elektron kooperatsiya portalida savdolarni amalga oshirishning oldini olish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar boʻyicha Senatga asoslantirnlgan tushuntirishlar berish yuzasidan yoki Vazirlar Mahkamasining nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi hamda javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinib, uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishi mumkinligi maʼlum qilinadi.
