Homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari toʻgʻrisida (SQ-574-IV-son)
08.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 18-noyabrdagi SQ-429-IV-sonli Qarori bilan homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javobni koʻrib chiqib, Oliy Majlis Senati bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Xususan, Hukumat javobiga koʻra 2021-yil davomida reproduktiv yoshdagi ayollar orasida kasallanishni kamaytirishga va ularni sogʻlomlashtirish yuzasidan profilaktik tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish boʻyicha tasdiqlangan reja-jadval asosida 8,9 mln nafardan ziyod tugʻish yoshidagi ayollarning 8,8 mln nafari (98,2%) tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan, ulardan 3,9 mln nafarida (44,3%) ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Kasallik aniqlanganlardan 3,5 mln nafari (91,8%) sogʻlomlashtirilgan, ulardan 3,2 mln nafari (91,5%) ambulator va 300,6 ming nafari (8,4%) statsionar sharoitda sogʻlomlashtirilgan.
Shuningdek, 2021-yil davomida hududlardagi tuman markazlaridan uzoqda joylashgan togʻli, choʻl va borish qiyin boʻlgan qishloqlarda “Koʻchma vrachlik brigadalari” yordamida 658,5 ming tugʻish yoshidagi ayollar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan va ularning 275,6 ming nafarida (41,9%) turli xil kasalliklar aniqlangan. Kasallik aniqlanganlarning 93,7 foizi sogʻlomlashtirilgan.
Istalmagan homiladorlikning oldini olish choralarini kuchaytirish borasida jami 4,7 mln nafarga yaqin tugʻish yoshidagi ayollar kontratseptiv vositalar bilan qamrab olingan. Shu bilan birga, koʻp tuqqan, organizmida jiddiy xastaligi boʻlgan 355,2 ming nafar ayolga ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiya amaliyoti qoʻllanilgan.
2021-yil davomida Sogʻliqni saqlash vazirligi BMT bolalar fondi YUNISEF bilan hamkorlikda “Goʻdaklarga nafas olishga yordam berish”, “Har bir chaqaloq parvarishi asoslari”, “Kam vaznli chaqaloqlar parvarishi” va “Respirator yordam koʻrsatish va neonatal jihozlardan samarali foydalanish” milliy protokollari boʻyicha tashkil etilgan oʻquv-seminarlarda jami 2 123 nafar tibbiyot xodimi oʻqitilib, tegishli sertifikat bilan taʼminlangan. Uz oʻrnida Tibbiy xodimlar kasbiy malakasini oshirish markazining oʻquv dasturlariga yuqoridagi mavzular tatbiq etilgan boʻlib, ushbu dasturlar boʻyicha jami 812 nafar tibbiyot xodimi, jumladan 179 nafar neonatolog shifokor va 633 nafar oilaviy shifokor hamda pediatrlar malakasi oshirilgan.
Parlament soʻrovida koʻrsatib oʻtilgan 2019 — 2023-yillarda reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturi ijrosi nazoratga olinib, kechiktirilgan vazifalarni amalga oshirish choralari koʻrilmoqda.
Yuqori malakali kadrlarga tegishli sharoitlar yaratgan holda ularni sohaga jalb etish, kadrlarni ishga olishda zamonaviy va shaffof mexanizmlar joriy etish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shu jumladan, jamgʻarma mablagʻlari hisobidan soha xodimlari moddiy ragʻbatlantirilib, tibbiyot xodimlari nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborilmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi tomonidan yaratilgan mexanizm asosida kadrlarni ishga olish yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek, davlat rahbari tomonidan oʻtkazilgan yigʻilish bayoniga asosan uch oy muddatda Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi, Respublika skrining markazi hamda ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi negizida yagona markaz tashkil etish yuzasidan qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish, har bir hudud uchun “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish belgilangan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari boʻyicha” respublika va hududiy shtablar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Bayonda 2022-yil iyuldan boshlab 3 600 ta doya shtatini tibbiyot muassasalariga taqsimlash, 2023-yil 1-yanvardan boshlab qoʻshimcha 4900 ta shtat birligi ajratish belgilangan.
Shu bilan birga, parlament soʻrovida koʻrsatilgan ayrim masalalarni hal etish choralari yetarli darajada koʻrilmagan. Xususan:
tugʻruq muassasalarining yuklamalarini ulardagi oʻrin fondiga hamda belgilangan normativ meʼyorlarga mosligini taʼminlash boʻyicha aniq reja va takliflar ishlab chiqilmagan;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga doir qonunchilik meʼyorlarining toʻliq ijrosini taʼminlash hamda mazkur oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ichki ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan dastur ishlab chiqilgan. Biroq dasturda faqat tibbiy va irofilaktik preparatlar bilan taʼminlash masalasi aks ettirilib, oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash masalasi esa ochiq qoldirilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 18-noyabrdagi SQ-429-IV-sonli Qarori bilan Homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javob maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2022-yil 31-avgustga kadar quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilinishini taʼminlasin:
tugʻruq muassasalarining perinatal statsionar yordam koʻrsatish darajalariga mosligini taʼminlash;
goʻdaklar va kichik yoshdagi bolalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash ishlarini jadallashtirish hamda mazkur oziq-ovqat mahsulotlarini mahalliylashtirish hisobiga ichki ehtiyojni qondirish.
Parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida joriy yil 10-sentabrga kadar Senatga maʼlumot taqdim etsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, halq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga mahalliy hokimliklar tomonidan tugʻruq komplekslarining taʼmirlanganligi holatini hamda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlanishini doimiy ravishda nazorat qilib borish va hududiy hokimlik va davlat boshqaruv organlarining sohada amalga oshirayotgan ishlari boʻyicha hisobotlarini sessiyalarda eshitib borish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi (O. Iminov) homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan joylarda koʻrilayotgan choralarni tahlil qilib, natijalari toʻgʻrisida Senat Kengashiga joriy yilning 1-oktabriga qadar maʼlumot taqdim etsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 8-iyul,
SQ-574-IV-son
