Metropolitendan foydalanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablari (0023-22-son SanQvaN)ni tasdiqlash toʻgʻrisida (10-son)
11.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 13-iyulda hisobga olindi, hisob raqami 95]
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-iyuldagi PQ-4790-son “Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qaror qiladi:
1. Metropolitendan foydalanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablari (0023-22-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 11-iyun,
10-son
Kelishildi:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi X. XASILOV
2022-yil 26-may
Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining 2022-yil 11-iyundagi 10-son qaroriga ILOVA
Metropolitendan foydalanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablari (0023-22-son SanQvaN)
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) metropolitenda yoʻlovchilarni tashishda qulay va xavfsiz sharoitlarni yaratish, xodimlarning salomatligi va yuqori ish qobiliyatini saqlash, shuningdek harakatda va harakatda boʻlmagan vagonlar, bekatlar, ishlab chiqarish hamda maishiy xonalariga nisbatan sanitariya-gigiyena talablarini belgilaydi.
1-bob. Metropoliten bekatlari hamda vagonlariga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari
1. Metropoliten bekatlarining mikroiqlim koʻrsatkichlari quyidagilarga muvofiq boʻlishi lozim (ochiq yer usti platformalari va yer osti oʻtish yoʻllaridan tashqari):
yilning iliq davrida (tashqaridagi havoning oʻrtacha sutkalik harorati +10oS dan yuqori boʻlgan davrda) havo harorati +25°S dan ortiq boʻlmasligi kerak. Havoning nisbiy namligi va shamolning tezligi yilning iliq davrida meʼyorlanmaydi;
yilning sovuq davrida (tashqaridagi havoni oʻrtacha sutkalik harorati +10oS ga teng yoki past boʻlgan davrda yoʻlovchilarning ustki kiyim-boshda boʻlishini inobatga olgan holda (mavsumga qarab) havo harorati +10°S dan 16°C gacha, havoning nisbiy namligi 15 foizdan 75 foizgacha, shamolning tezligi 0,1 m/s dan 1,0 m/s gacha boʻlishi lozim. Platformalarda poyezdlarning kelishi va ketishida esa shamolning tezligi 2 m/s dan ortmasligi kerak.
Turli nuqtalarda havo haroratining oʻzgarishi vertikal holatda 3°C dan (poldan 2 m gacha balandlikda), gorizontal holatda (binoning qarama-qarshi tomonlarida) esa 4°C dan koʻp boʻlmasligi lozim.
2. Inson salomatligiga koʻrsatiladigan salbiy taʼsirni oldini olish uchun ifloslangan moddalarning havodagi miqdori aholi yashash punktlaridagi atmosfera havosi uchun:
bir martalik maksimal yoʻl qoʻyiladigan miqdoridan (aralash changning miqdori — 0,5 mg/m3 dan, uglerod ikki oksidining miqdori yoz vaqtida — 0,1 foizdan, yilning qolgan mavsumlarida esa 0,12 foizdan) oshib ketmasligi;
tovushning bosimi darajasi, tovush darajasi va tovushning ekvivalent darajalari, shuningdek tovushning maksimal darajalari mazkur sanitariya qoidalarining 1-ilovasiga keltirilgan qiymatlardan oshib ketmasligi;
vaqti-vaqti bilan tebranib turadigan tovush bosimining va uzilib-uzilib turadigan infratovushning umumiy darajasi 120 dBdan oshib ketmasligi taʼminlanadi.
3. Tebranma tezlik va tebranma tezlanish kattaliklari hamda elektromagnit nurlanishning energiya oqimi zichligi boʻyicha taʼsir etish darajasi va elektr maydon kuchlanishi ruxsat etilgan darajadan oshib ketmasligi kerak.
4. Xonalardagi ionlanuvchi nurlanishning ruxsat etilgan darajasi quyidagi talablarga javob berishi kerak:
tashqi gamma nurlanishning ekvivalent dozasining quvvati 0,3 mk Zv/soatdan koʻp boʻlmasligi;
oʻrtacha yillik radon va toron izotoplari ekvivalent muvozanatli hajm faolligi (ARn.ekv) 100 Bk/m3 dan koʻp boʻlmasligi kerak.
5. Barcha texnik uskunalar va texnik tizimlar yoʻlovchilar uchun moʻljallangan joylarga oʻrnatilishidan oldin radiologik nazoratdan oʻtkaziladi.
Bunda, uskuna yuzasida 0,1 m masofada tashqi gamma nurlanishning ekvivalent dozasi quvvati soatiga 1,0 mk Zv dan yoki nurlanishning maksimal energiyasi 5 keV dan koʻp boʻlmasligi lozim.
6. Metropoliten bekatlarida havoning mikroorganizmlar bilan ifloslanish darajalari yilning issiq davrida mikroorganizmlarning umumiy soni 1500 dan, gemolitik stafilokokklar va streptokokklar esa 100 dan (1 m3 havo tarkibida koloniya hosil qiluvchi birliklar soni), shuningdek yilning sovuq davrida mikroorganizmlarning umumiy soni 2500 dan hamda gemolitik stafilokokklar va streptokokklar esa 150 dan oshmasligi zarur.
7. Qattiq maishiy chiqindilar maxsus ajratilgan asfaltlangan yoki betondan qilingan maydonning yuza qismida oʻrnatilgan qopqoqli metall konteynerlarda yigʻilishi va Ushbu konteynerlarning kanalizatsiyaga ulangan oqimi mavjud boʻlishi hamda ushbu maydonlar 10 kunda kamida 1-marta yuvilishi va dezinfeksiya qiluvchi vositalar bilan ishlov berilishi koʻzda tutiladi (qishki davrdan tashqari).
8. Yoʻlovchilar poyabzalidan tushadigan loy va suvlarni qabul qilib oluvchi panjarali chuqurchalar kamida haftada 1-marta tozalanishi va har gal tozalangandan keyin yoʻlovchilar jarohatlanishining oldini olish uchun panjara qismlari zich qilib joylashtirilishi lozim.
9. Ishlatib boʻlingan simobli elektrolampalar markazlashtirilgan holda utilizatsiya qilinishi lozim.
10. Metropolitenda ventilyatsiya va isitish tizimlarini mavsumiy sxemalariga mos ravishda ishlashi hamda mikroiqlimning meʼyoriy oʻlchamlari taʼminlanishi lozim.
11. Tozalash inventarlariga belgi qoʻyiladi va belgisiga muvofiq ishlatiladi. Xonalarni tozalash vositalari va tozalash inventarlari yoʻlovchilar harakat qiladigan joydan alohida mazkur sanitariya qoidalarining 3-ilovasiga muvofiq maxsus ajratilgan xonalarda saqlanadi.
12. Metropoliten bekatlarini dezinfeksiya qilish maqsadida ultrabinafsha nurlari manbaidan foydalanishga faqat yoʻlovchilar boʻlmagan vaqtda (tungi vaqtda) ruxsat beriladi.
13. Metropoliten bekatlaridagi umumiy va halokat vaqtidagi sunʼiy yoritish tizimi rang harorati diapazoni 2700°K dan 3500 °K gacha boʻlgan yorituvchi uskunalar va oq chiroqli svetodiodlar bilan taʼminlanadi.
Umumiy va halokat vaqtidagi sunʼiy yoritish tizimi uchun moʻljallangan svetodiodli chiroq uskunalari yoʻlovchilarni koʻrish maydoniga toʻgʻri tushadigan nurlarning tushishini istisno qiladigan himoya burchagiga ega boʻlishi, umumiy va halokat vaqtidagi sunʼiy yoritish tizimining eng yuqori farqi 1,5:1 nisbatda boʻlishi maqsadga muvofiq.
14. Sunʼiy yoritish tizimi quyidagicha oʻrnatiladi:
bekatning kirish qismidagi pol sathidan — 100 lk;
eskalatorlarda (zinalar sathidan) — 75 — 100 lk;
bekatning markaziy zallarida (pol sathidan) — 100 — 200 lk;
yopiq bekatlar perronlarida (pol sathidan) — 150 lk;
ochiq bekatlar perronlarida (pol sathidan) — 100 lkdan kam boʻlmasligi maqsadga muvofiq.
Metropoliten bekatlarining halokat vaqtidagi sunʼiy yoritilganlik darajasi 10 lkdan kam boʻlmasligi lozim.
15. Vagonlar salonlarida yoritish koʻrsatkichlari, fizik omillarning ruxsat etilgan darajalari va zararli kimyoviy moddalarning ruxsat etilgan miqdorlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga mos kelishi kerak.
16. Vagonlar salonlarida mikroiqlimning ruxsat etilgan koʻrsatkichlari quyidagicha:
yilning iliq davrida havoning harorati +25 °C gacha boʻlishi kerak. Bunda havoning nisbiy namligi hamda shamol tezligi meʼyorlanmaydi;
yilning sovuq davrida yoʻlovchilarning ustki kiyim-boshda boʻlishini hisobga olgan holda (mavsumga qarab), havo harorati +14 °C dan + 18 °C gacha, balandlik boʻyicha harorat farqi, havo va toʻsiqlar oʻrtasidagi farq, polning harorati koʻpi bilan 5 °C, havoning nisbiy namligi 30 foizdan 70 foizgacha, shamol tezligi koʻpi bilan 0,4 m/s boʻlishi kerak.
17. Vagonlar sunʼiy yoritish lampalari yoki svetodiodli yoritish qurilmalari orqali yoritilganda, vagonlardagi minimal ahamiyatga ega nuqtalarda (vertikal tekislik kesishgan joydagi oʻrindiq suyanchigʻidan 0,6 m sathda va gorizontal tekislikda poldan 0,8 m sathda) yorugʻlik eng kamida 150 lk, halokatli yoritish darajasi esa 10 lk boʻlishi lozim.
Vagon salonlaridagi umumiy sunʼiy yoritilganlikning notekis tarqalishi 30 foizdan oshib ketmasligi lozim.
18. Shovqinning ruxsat etilgan darajalari tovush darajasi va tovushning ekvivalent darajalari (tunnellardagi harakat davomida ham) 80 dBAni tashkil etishi lozim.
19. Vagonlarning sanitariya holati yoʻnalishlarga chiqishdan oldin farroshlar jamoasi va uchastka rahbari tomonidan tekshiriladi hamda harakatlanuvchi vagonlarning sanitariya jurnaliga oʻtkazilgan tozalash ishlari toʻgʻrisidagi belgi qayd etiladi.
20. Vagonlar salonlarida ventilyatsiya tizimi doimiy ishlab turishi, ventilyatsiya hajmini mavsumga mos oʻzgartirish va vagonlarning ventilyatsiya kanallarini sanitariya-gigiyenik jihatdan tozalash ishlari oʻtkazilishi lozim.
21. Elektr isitgich va elektr yoritgich asboblari chang va iflos qatlamlardan oyiga kamida bir marta tozalanishi kerak.
22. Vagonlarda tozalash ishlari mazkur sanitariya qoidalarining 2-ilovasiga muvofiq ular yoʻnalishda boʻlmagan vaqtida olib boriladi.
2-bob. Metropolitenning ishlab chiqarish va maishiy xonalari uchun sanitariya-gigiyena talablari
23. Doimiy ish joylari va vaqtinchalik foydalaniladigan ishlab chiqarish xonalari, shuningdek maishiy xonalarda sanitariya talablariga muvofiq boʻlgan mikroiqlim koʻrsatkichlari taʼminlanishi lozim.
24. Tunnellar, ishlab chiqarish va maishiy xonalar havosida ifloslantiruvchi moddalar miqdori aholi yashash punktlaridagi atmosfera havosi uchun bir martalik maksimal va yoʻl qoʻyilgan miqdorlardan oshib ketmasligi, aralash chang miqdorining yuqori darajasi esa 0,5 mg/m3 dan oshmasligi koʻzda tutiladi.
25. Ishlab chiqarish va maishiy xonalar havosida uglerod ikki oksidining eng yuqori miqdori 0,1 foizni tashkil etishi lozim.
26. Ishchi joylarda havo ultratovushining tovush bosimi darajalari, ishlovchilar uchun kontaktli ultratovushning tebranma tezligi darajasi va tebranma tezlikning eng yuqori nuqtasi ruxsat etilgan darajalardan ortib ketmasligi kerak.
27. Sunʼiy yoritilganlik darajasi koʻrishga oid ishlar tavsifi va ishlab chiqarish hamda maishiy xonalarning yoritilish darajasiga mos kelishi kerak.
Tunneldagi yorugʻlik manbalari tunnelga kirib kelayotgan poyezddan himoyalangan boʻlishi kerak.
Yuqoriga chiqishda joylashgan tunnelning kirish qismi, tunnel ichki qismlari och ranglarga boʻyalishi, bekat oldidan rels boshlanishi sathidagi va bekat kirish qismidagi yorituvchanlik darajasi QMQ 2.05.04-97 “Metropolitenlar” da belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Yer ostida joylashgan xonalarni sunʼiy yoritish uchun R (70 ER, E 80) toifali yorugʻlik uzatadigan indeksli oq nur sochadigan svetodiodlar ishlatilishi kerak. Svetodioidli yoritgichlar nuri ishchining koʻrish maydoniga toʻgʻridan-toʻgʻri tushmasligi kerak.
28. Ish sharoitida radiochastotali diapazonli (RD) elektromagnit nurlanishlar manbalarining taʼsir qilish (30 kGs — 300 gGs) zonalarida boʻlgan shaxslarga energiya oqimi zichligi boʻyicha elektr va magnit RD elektromagnit nurlanishlarning taʼsir qilish darajalari hamda taʼsir qilish davomiyligi SanQvaN 0019-21 “Radiotexnik inshootlarni joylashtirish va ulardan foydalanishga qoʻyiladigan gigiyenik talablar”da belgilangan ruxsat etilgan darajalardan ortib ketmasligi kerak.
29. Ultrabinafsha nurlanish intensivligining taʼsir etish davomiyligi va maxsus himoya vositalarining mavjudligi inobatga olingan holda SanQvaN 0014-21 “Ishlab chiqarish sharoitida ultrabinafsha nurlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari”da ruxsat etilgan darajadan oshib ketmasligi kerak.
30. Metropoliten obyektlari videodispleyli terminallar bilan jihozlanganda, binolarga, ish joylariga, mikroiqlimga, havo muhitining aeroionli va kimyoviy tarkibiga, shovqinga, tebranishga, yoritilganlikka va xodimlarning dam olish sharoitlari amaldagi sanitariya-gigiyena talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
31. Ishlab chiqarish va maishiy xonalarda ham havoning mikroorganizmlar bilan ifloslanish darajalari metropoliten bekatlarida belgilangan koʻrsatkichlar bilan bir xil boʻlishi lozim.
32. Barcha texnik uskunalar va texnik tizimlar yoʻnalishlar va inshootlarga oʻrnatilishidan oldin radiologik nazoratdan oʻtkazilishi kerak. Texnik uskunaning istalgan yuzasidan 0,1 m masofada tashqi gamma nurlanishning ekvivalent dozasi quvvati soatiga 1,0 mkZv dan yoki nurlanishning maksimal energiyasi 5 keV dan koʻp boʻlmasligi lozim. Ionlovchi nurlanishlar va radonlarning ruxsat etilgan darajalari mazkur sanitariya qoidalarining 4-ilovasiga muvofiq boʻlishi kerak.
33. Havo oqimining hajmi va almashinuvlari soni QMQ 2.04.05-97 “Havoni moʻtadillash, isitish va shamollatish”da belgilangan ishlab chiqarish va maishiy xonalariga boʻlgan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
34. Tunnel va bekatlar ichidagi havo tunnel oldidagi va bekatdagi xodimlar doimiy boʻladigan xonalar ventilyatsiyasi uchun ishlatilganida, changga qarshi filtrlarning ifloslanganlik darajasi tizimli ravishda jadval asosida nazorat qilib boriladi.
35. Havo oqimini kirishi va chiqib ketishini tashkil qilish texnologiyasi, hajmi havoni bino va inshootlarda bir tekisda harakatlanishini taʼminlab berishi, uyurma oqimlar, turgʻun zonalarning hosil boʻlishiga va zararli moddalar mavjud boʻlgan xonalardagi havoni boshqa xonalarga chiqishiga yoʻl qoʻymaslik koʻzda tutiladi.
36. Odatiy ish sharoitida xodimlar doimiy boʻladigan xonalarda ventilyatsiya tizimlaridagi havoning xonalarda qayta aylanmasligi taʼminlanadi.
37. Texnologik jarayonlarga bogʻliq zararli moddalar ajraladigan ishchi joylardagi (kavsharlash, boʻyash, payvandlash, detallarni kerosinda yuvish, havo oqimi bilan tozalash, moylash jarayonlari) mahalliy havo soʻrish uskunalarining holati ustidan tizimli nazorat texnologik jarayonga bogʻliq ravishda oʻtkazib boriladi.
38. Zararli moddalar mavjud boʻlgan xonalardagi (akkumulyatorlar saqlanadigan xonalar, hojatxonalar, yoqilgʻi-moy mahsulotlari omborlari, tibbiyot xonalari, eskalatorlarning mashina zallari va boshqalar) havo muayyan imkoniyat darajasida faqat tashqariga chiqarib tashlanadi.
39. Isitish-sovutish tizimlaridagi havoni namlash va uni kontakt (“hoʻl”) usulida sovutish uchun ichimlik suv quvurlaridagi suvdan foydalaniladi.
40. Ventilyatsiya tizimlarining davriy koʻriklari (havo yoʻllarini tozalash, havo yoʻllarining oʻtkazuvchanligini tekshirish va havo bilan haydash, bakterial ifloslanishni nazorat qilish, mikroiqlim koʻrsatkichlarini, havoning kimyoviy tarkibini va changni aniqlash) har chorakda kamida 1-marta oʻtkaziladi.
41. Havo oqimi ventilyatsiya tizimi yordamida har gal oʻzgartirilganda va zaxira ventilyatori ishlatilganda, dastlab ventilyatsion quvurlarda yigʻilib qolgan changdan tozalanadi.
42. Ventilyatsiya xonalari va ularni oʻrab turgan hudud doimo toza holatda boʻlishi va u yerga begonalar kirishi taqiqlanadi.
43. Ventilyatsiyadan foydalanish jadvalini ishlab chiqishda ob-havo sharoitlarining mavsumiy oʻzgarib turishi hisobga olinadi, ventilyatsiya tizimi havo almashinuvi va mikroiqlimning meʼyoriy koʻrsatkichlarini taʼminlab berishi kerak va bu jadvallar har yili belgilangan tartibda ventilyatsiya tizimining texnologik oʻchirib qoʻyilishini ham inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
44. Odamlar doimiy boʻladigan xonalar, sanitariya-maishiy xonalari havo, suv va elektr isitish tizimlari hisobiga isitiladi. Xodimlar vaqtinchalik boʻladigan xonalar esa havo va elektr isitish yoʻli bilan isitiladi. Isitish va ventilyatsiya tizimining ish jadvali mikroiqlim va toʻsiqli yuzalarning meʼyoriy koʻrsatkichlarini taʼminlab berishi koʻzda tutiladi.
45. Xoʻjalik va ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimlari (ichimlik suv quvuri), ichimlik suvi sifati va suvga sanitariya ishlov berilishi belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga mos kelishi kerak.
46. Metropoliten xodimlari uchun ajratilgan xonalar va maishiy xonalarda koʻzda tutilgan dushlar, qoʻl yuvish uchun rakovinalar, sovuq va issiq suv tizimi bilan, shuningdek qoʻl yuvgichlar oldida sovun va qoʻlni quritish vositalari boʻlishi taʼminlanishi lozim.
47. Ish vaqti mobaynida va ish vaqti tugagandan keyin chiqindilar oʻz vaqtida tozalanishi kerak.
48. Xonalarni va hududlarni tozalash uchun moʻljallangan mexanizm va inventarlar ishchilarga xalal bermaydigan joyda saqlanadi. Tozalash inventarlarini saqlash, tozalash va quritish xonalari issiq va sovuq suv taʼminoti tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
49. Xonalarni dezinfeksiya qilish maqsadida ultrabinafsha nurlari manbaidan foydalanishga u yerda odamlar boʻlmagan vaqtda ruxsat beriladi.
50. Ishlab chiqarish xonalaridagi yoritgichlar va derazalar toza boʻlishi kerak.
51. Metropoliten xodimlari Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida davriy tibbiy koʻriklardan oʻtishlari kerak.
52. Doimiy navbatchilik tashkil etiladigan qismlarda (korxonaning asosiy boʻlinmalarida) birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun dori vositalari va tibbiy buyumlar toʻplami boʻlishi va birinchi yordam koʻrsatish qoidalari yozilgan maʼlumotlar (plakatlar) osib qoʻyilishi kerak.
53. Ish sharoiti toksik va zararli moddalar (benzol, toluol, ksilol, skipidar, boʻyoqli aerozol, qoʻrgʻoshin, karbidli smola, shovul kislotasi, kerosin, mazut, grafitli surtiladigan moy, shpalga singdiruvchi materiallar, sementli chang va boshqalar) bilan bogʻliq boʻlgan metropoliten ishchilari “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq nafas olish, teri qoplamlari va koʻruv organlari uchun shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi kerak.
54. Metropolitenda amalga oshiriladigan ishlar ventilyatsiya tizimiga, yoritilganlikka, xonaning foydalanilayotgan va boʻsh turgan maydonlariga, ish joylari va xonalarning ergonomik hamda gigiyenik tavsiflariga salbiy taʼsir qilmasligi lozim.
55. Metropolitenda taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda ishlatiladigan materiallar sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi, shuningdek ushbu materiallardan atmosfera havosiga, tuproqqa va yer osti suvlariga ajraladigan zararli kimyoviy moddalar aholi yashash punktlari uchun yoʻl qoʻyilgan miqdordan oshib ketmasligi kerak. Bunda taʼmirlash ishlari uchun sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan yangi moddalar va materiallar ishlatilishi mumkin emas.
56. Maishiy xonalar taʼmirlanganda, devor sirtlari eshik balandligigacha qoplama Bilan qoplanishi, dush oldi xonalarida esa xonaning barcha balandligi qamrab olinishi kerak. Devorlar, toʻsiqlar va shiftlar (qoplangan sirtdan yuqori qismi) namga bardoshli va bugʻ oʻtkazmaydigan boʻyoqlar bilan boʻyaladi. Pollar keramik plitalar bilan qoplanishi, kiyinish va dush qabul qilish xonalariga namga chidamli gilamlar toʻshalishi maqsadga muvofiq.
57. Tunnelda yemirilishga qarshi ishlar, qoʻrgʻoshin chilvirlar yordamida tyubing teshiklarini yopish, karbidli smolani haydash va teshiklarni burgʻalash ishlari olib borilganda umumiy almashinadigan ventilyatsiya ishlatilishi hamda mazkur ishlar nafas olish, teri qoplamalari va koʻrish organlari uchun shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda amalga oshirilishi lozim.
58. Oʻzida qoʻrgʻoshin saqlaydigan buyumlarni kavsharlash bilan bogʻliq boʻlgan ishlar qoʻrgʻoshin aerozolini bartaraf qilish uchun mahalliy havo soʻruvchi uskunalar bilan jihozlangan ish joylarida bajarilishi lozim.
59. Uskunalar va inshootlarni ularning xususiyatidan kelib chiqadigan taʼmirlash ishlarini bajarishda ishchilarga alohida kiyim javonlari hamda nafas olish, teri qoplamalari va koʻrish organlari uchun shaxsiy himoya vositalari beriladi. Maxsus kiyim-bosh shkafning maxsus boʻlinmasida saqlanishi lozim.
60. Avtomatik nazoratdan oʻtkazish punktlari kabinalari va navbatchi eskalator kabinalaridagi doimiy ish joylarida SanQvaN 0324-16 “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimini sanitariya-gigiyenik normalari”da keltirilgan mikroiqlimning meʼyoriy koʻrsatkichlari taʼminlanishi lozim.
61. Texnologik uskunalarni taʼmirlash va ekspluatatsiya qilishda xodimlar xonalarida havo muhitiga zararli moddalarning tushishini oldini olish choralari koʻrilishi lozim.
62. Bekat boʻyicha navbatchi, markazlashtirilgan bekat post navbatchilari va poyezd dispetcherlari ish oʻrinlarining yoritilganlik darajasi (stol lampasi mavjud boʻlganida, ishchi-xodim ish stoli ustidagi yoritilganlik darajasi) 270 dan 300 lk gachani tashkil qilishi maqsadga muvofiq.
Boshqaruv pulti panelida (tabloda) vertikal yoritilganlik darajasi 150 dan 200 lk gacha boʻlishi koʻzda tutiladi.
Avtomatik nazorat oʻtkazish punktlarining yoritilganlik darajasi 150 lk dan kam boʻlmasligi, elektron-hisoblash mashinalari operatorlarining ish joylari umumiy yoritilganda 200 lk dan kam, kombinirlangan yoritilganlikda esa 400 lk dan kam boʻlmasligi kerak.
63. Boshi berk yoʻllarda havo aylanishining bir meʼyorda kechishini taʼminlash maqsadida tunnelli ventilyatsiya tizimi ishlab turishi lozim.
64. Berk yoʻllardagi platformalarda choʻgʻlanma lampalar ishlatilishi kerak.
Yoritilganlik darajalari quyidagi tartibda tashkil etiladi:
mashinistlarning xonalaridagi ishchi stol yuzasida kamida 300 lk;
berk yoʻllardagi platformalardagi choʻgʻlanma lampalarda kamida 30 lk;
koʻrikdan oʻtkaziladigan chuqurlikda kamida 50 lk;
kombinirlangan yoritilganlikda vagonlarning yurish qismlarida kamida 150 lk;
lokomotiv brigadalarning tungi dam olish xonalarida kamida 75 lk;
dam olish xonalarida kamida 150 lk.
65. Boshi berk yoʻllar va texnik xizmat punktlarining devorlari och rangli yuzaga ega boʻlishi lozim. Bu esa yuzalardagi ifloslanishlarning oʻz vaqtida tozalanishiga imkon beradi.
66. Vagonlarni taʼmirlovchi chilangarlar qoʻl terisini himoya qiluvchi vositalar va changga qarshi respiratorlar bilan taʼminlanishi lozim.
67. Vagonlarni taʼmirlash ustaxonalarida foydalaniladigan maxsus chuqurlikning poli tekis boʻlishi, moylardan va neft mahsulotlaridan doimo tozalanib turishi lozim.
Maxsus chuqurlikning yon devorlari moylardan tozalashga oson boʻlgan material bilan qoplangan boʻlishi hamda ogʻish burchagi 3 darajadan kam boʻlmagan ochiq tarnovli suvni qochiradigan kanalizatsiya quvurlari bilan taʼminlanishi lozim.
68. Agressiv va zararli moddalar (kislotalar, ishqorlar, neft mahsulotlari) qoʻllaniladigan xonalarning pol va devorlari kimyoviy taʼsirga chidamli boʻlishi hamda ushbu moddalar yigʻilib qolmasligi kerak. Polga toʻkilgan suyuqliklarni, shuningdek akkumulyator elektrolitlarini, elektropoyezd gʻildiraklarini va aravachalarini yuvuvchi mashinalardan toʻkilgan oqava suvlarni, shuningdek, detallarni yuvuvchi mashinalarning tozalanmagan va neytrallanmagan suvini tozalash inshootlarida tozalangandan soʻng kanalizatsiyaga oqizish mumkin.
69. Asosiy ish joylaridagi sunʼiy yoritilganlik darajasi quyidagicha tashkil etiladi:
kichik aniqlikdagi ishlar (chilangar-taʼmirlovchilar, chilangar-santexniklar, akkumulyator tuzatuvchilar, temirchilarning ishlari) uchun — 200 dan 300 lk gacha;
kichik aniqlikdagi ishlar (chilangar-taʼmirlovchilar, chilangar-santexniklar, akkumulyator tuzatuvchilar, temirchilarning ishlari) uchun — 200 dan 300 lk gacha;
70. Asosiy ish joylaridagi tabiiy yoritilganlik koeffitsiyenti quyidagilarni tashkil qilishi kerak:
yuqori va yon tomondan yoritilganlikda — 3 foizdan 4 foizgacha;
yon tomonlama yoritilganlikda — 1 foizdan 1,5 foizgacha.
71. Depoda shovqin va tebranishni oʻziga singdirib yuboradigan qurilish materiallarini qoʻllash orqali shovqin va tebranish darajalarini kamaytirilishi lozim. Qoʻlda ishlatiladigan tebranma asbob bilan ishlaganda tebranish va shovqindan himoya qiladigan shaxsiy himoya vositalari (tebranishni soʻndiradigan qoʻlqoplar, dastaklar, antifonlar) qoʻllaniladi.
72. Detallarni qoqish va betonlash ishlarini olib borayotgan taʼmirlash xodimlarining ish joylaridagi chang miqdori 6 mg/m3 dan oshib ketmasligi, yoʻllardagi koʻrsatkichli oʻtkazgichlarni tozalashda kerosin bugʻlarining miqdori 300 mg/m3 dan oshmasligi kerak.
73. Tunnellarning chegaralangan uchastkasida kapital va joriy taʼmirlash ishlari olib borilganda, qoʻshimcha mahalliy 50 lk dan kam boʻlmagan yoritgichlar qoʻllaniladi.
74. Tunnellar, tepalikka oʻrnatilgan kameralar, berk yoʻllar hamda relslar boshlanishida choʻgʻlanma lampaning sunʼiy yorituvchanlik darajasi 10 lkdan kam boʻlmasligi lozim.
75. Tunnellarda perforatorlar bilan ishlaganda va yemirilishga qarshi ishlar amalga oshirilganda ishchilar nafas olish zonasidagi chang miqdori 6 mg/m3dan, zararli moddalar miqdori esa ishchi zonalar havosiga qoʻyilgan ruxsat etilgan miqdordan oshib ketmasligi kerak.
76. Akkumulyatorli xonalarda pollar, devorlar, shiftlar, shuningdek stellajlar va uskunalar kimyoviy taʼsirga chidamli boʻlgan materiallar bilan qoplanishi maqsadga muvofiq.
Akkumulyatorli xonalarda polga toʻkilgan kislotalarni darhol soda va sovun Bilan neytrallanishi, ishqoriy akkumulyatorlardan toʻkilgan elektrolit esa 2 — 5 foizli kislota Bilan neytrallanishi, shundan soʻng binoda tozalash ishlarini oʻtkazilishi zarur.
77. Xodimlar xonalari va taʼmirlash ishlari oʻtkaziladigan binolarda (akkumulyatorli xona, ustaxonalar, releyli ustaxona, dispetcher xonasi, radiouzellar) va tunnellarda ish jarayonida havo muhiti va mikroiqlimning meʼyoriy koʻrsatkichlarini taʼminlab beruvchi umumiy almashinadigan ventilyatsiya ishlab turishi kerak.
78. Akkumulyatorli xonalarda ishlaganda quyida koʻrsatib oʻtilgan moddalarning eng yuqori darajadagi ruxsat etilgan miqdori:
nafas olish zonasida ishqoriy bugʻlar miqdori — 0,5 mg/m3;
uyumlar kavsharlanganda qoʻrgʻoshin miqdori — 0,01 mg/m3;
detallar zararsizlantirilganda kerosin miqdori — 300 mg/m3 ni tashkil etadi.
79. Tunnellarda halokat qoʻngʻirogʻi va aloqa xizmatining qurilmalari va mexanizmlari joylashgan joylarda choʻgʻlanma yoki yoritishga maqbul lampali (yoritilganlik darajasi 50 lk dan kam boʻlmagan) qoʻshimcha mahalliy yoritgichlardan foydalaniladi.
80. Xodimlarning koʻrish qobiliyatiga zarar yetkazmaslik maqsadida, eskalatorlar xonasida yoritilganlik darajasi 100 lk dan, eskalator bekatlari va qiya yoʻlaklarda ishlar oʻtkazilayotganda umumiy yoritilganlik 50 lk dan va mahalliy yoritilganlikni ishlatganda 150 lk dan kam boʻlmasligi zarur. Eskalator ishchilarining dam olish xonalarida tabiiy yoritilganlik darajasi 150 lk dan, kombinatsiyalangan yoritilganlikda 300 lk dan kam boʻlmasligi lozim.
Eskalator ishchilarining dam olish xonalarida koʻrish organlariga toʻgʻridan-toʻgʻri tushadigan nurlanishdan himoya qilish uchun oq nur sochadigan svetodiodlardan foydalanishga ruxsat beriladi.
81. Eskalator bekatlari va qiya yoʻlaklardagi toʻsib turuvchi yuzalardagi oʻyiqlar va yoriqlar tozalashga qulay va dezinfeksiya qilish uchun oson boʻladigan materiallar bilan oʻz vaqtida taʼmirlanishi koʻzda tutiladi.
82. Tozalash va elektr uskunalarni siqilgan havo bilan puflashda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar salomatligini saqlash maqsadida nafas olish, teri qoplamalari hamda koʻrish organlari uchun shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
83. Eskalator xonalari sovuq va issiq suv hamda qoʻl yuvgichlar oldida sovun va quritish vositalari bilan taʼminlanishi lozim.
84. Mazkur sanitariya qoidalarini ishlab chiquvchilar roʻyxati 5-ilovada keltirilgan.
Metropolitendan foydalanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablariga 1-ILOVA
Binolarda va ish joylarida tovush bosimi, tovush darajalarini yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan va ruxsat etilgan darajalari, tovushni ekvivalent va maksimal darajalari
T/r Binolar turlari, mehnat faoliyati, ish joylari Tovush bosimi darajalari, dB, oktava chiziqlarida oʻrtacha geometrik chastotalar bilan Tovush darajalari va ekvivalentli tovush darajalari (dBA) Tovushni maksimal darajalari LA maks, (dBA) 31,5 63 125 250 500 1000 2000 4000 8000 1. Ishlab chiqarish xonalari a yuqori talablarga ega boʻlgan rahbarlik ishi, konstruksiyalash, loyihalashtirish, dasturlash, maʼmuriyat binolaridagi, hisob-kitob qilinadigan ishchi joylar va boshqalar. 86 71 61 54 49 45 42 40 38 50 b diqqat-eʼtiborni talab qiladigan yuqori malakali ish, maʼmuriy-boshqaruv faoliyati va boshqalar. 93 79 70 68 58 55 52 52 49 60 v tez-tez koʻrsatmalar bilan va doimiy eshituvga oid nazoratni talab qiladigan akustik signallar bilan bajariladigan ish, instruksiyaga ega boʻlgan aniq grafik boʻyicha operator ishi. Dispetcher xizmati xonalaridagi ish joylari va boshqalar. 96 83 74 68 63 60 57 55 54 65 g kuzatuv jarayonlariga va distansion boshqaruvga diqqat-eʼtiborni talab qiladigan ish, shovqinli uskunalar mavjud boʻlgan xonalaridagi ish joylari va boshqalar. 103 91 83 77 73 70 68 66 64 75 d ishlab chiqarish binolarini va korxona hududlaridagi doimiy ish joylarida barcha turdagi ishlarni bajarish (1a...1g bandlarda sanab oʻtilganlardan tashqari. 107 95 87 82 78 75 73 71 69 80 2 Yoʻlovchilar uchun moʻljallangan xonalar 93 79 70 63 59 55 53 51 49 60 75 3 Tibbiyot xonalari 76 59 48 40 34 30 27 25 23 35 50 4 Lokomativ brigadalarni (mashinistlar) dam olish xonalari 76 59 48 40 34 30 27 25 23 35 50 5 Maishiy xonalar (3 va 4-bandlarda koʻrsatilganlaridan tashqari 90 75 66 59 54 50 47 45 44 55 70
Metropolitendan foydalanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablariga 2-ILOVA
Metropolitenning yoʻlovchilar uchun moʻljallangan xonalarini tozalash va dezinfeksiya qilish davriyligi
T/r Tozalash oʻtkazish obyektlari va joylari Tozalash oʻtkazish turlari (chang va chiqindilardan tozalash, namli tozalash) Tozalash oʻtkazish davriyligi Dezinfeksiyalovchi vositalarni qoʻllash 1 Tashqi hudud Chiqindini, qorni, muzni, qattiq qoplangan loy qatlamlarini tozalash Ifloslanishiga qarab sutkasiga 2-martadan kam emas Chora-tadbirlar rejasi boʻyicha 2 Panjarali chuqurchalar Chuqurchalarni chiqindi va suvlardan tozalash, pajaralarni mexanik tozalash Ifloslanishiga qarab haftasiga 1-martadan kam emas Oyiga 1-martadan kam emas 3 Vestibyulni kirish eshiklari Namli tozalash Sutkasiga 1-marta Haftasiga 2-marta 4 Vestibyul tamburlari Chiqindi va changni tozalash Ifloslanishiga qarab smenada 1-martadan kam emas 5 Kassa peshtaxtalari Namli tozalash Smenada 2-marta Smenada 2-marta 6 Pollar va zinalar, plintuslar Chiqindi va changni tozalash Smena davomida chiqindini toʻplanishiga qarab Namli tozalash Sutkasiga 1-marta tungi vaqtda Sutkasiga 1-marta 7 Vitrajlar Changni tozalash Oyda 1-marta Namli tozalash Chorakda 1-marta Yiliga 2-marta 8 Chiqindi uchun urnalar Chiqindidan tozalash Toʻlishiga qarab, sutkada 1-martadan kam emas Namli tozalash Sutkasiga 1-marta Sutkasiga 1-marta 9 Magnitli chiptalar uchun urnalar Chiptalardan tozalash Toʻlishiga qarab Namli tozalash Haftasiga 1-marta Oyiga 1-marta 10 Barcha binolarni toʻsib turuvchi yuzalari, intererlarni dekorativ va meʼmoriy qismlari, axborot va reklama lavhalari, marshrutli koʻrsatkichlar va qurilmalar, texnologik oʻyiqlar Changni tozalash Oyiga 2-marta Namli tozalash Chorakda 1-marta Yiliga 2-marta 11 Ventilyatsion pajaralar, radiokarnay panjaralari, AKP telefon apparatlari, pul hisoblovchi apparatlar, orqa tomon koʻzgulari va boshqa texnik qurilmalari Chiqindi va changni tozalash Haftasiga 1-marta Namli tozalash Oyiga 1-marta Oyiga 1-marta 12 Ekskalator blustradlarini yuzalari Chiqindi va changni tozalash Smenada 2-martadan kam emas Namli tozalash Haftasiga 1-marta oyiga 1-marta 13 Ekskalator zinalari Chiqindini, loyni va changni tozalash Doimiy Namli tozalash Haftasiga 1-marta Haftasiga 1-marta 14 Ekskalator tutqichlari Namli tozalash Smenada 2-marta Smenasiga 2-marta 15 Yoʻllarni qattiq asosi, platforma konsoli ostidagi lotoklar, ochiq drenajlar Suv bilan yuvish Oyiga 1-marta 16 Elektrli yoritgichli asboblar va armatura Changni tozalash Oyiga 1-marta (koʻp lampali qandillar — chorakda 1-marta) Namli tozalash Yiliga 2-marta 17 Vagon salonlari Chiqindi va yot buyumlarni tozalash Smenada 2-marta Namli tozalash Har kuni Har kuni 18 Vagonlarni tashqi yuzalari Yuvish vositalarini qoʻllagan holda avtomatlashtirgan yuvish Grafik boʻyicha, 6-8 kunda 1-martadan kam emas Maxsus chora-tadbirlar rejasi boʻyicha
Izohlar:
* yot buyumlarni toʻplash yoʻli bilan chiqindilarni supurib tozalash (shuningdek, yogʻoch qirindilardan yoki boshqa adsorbentlardan foydalanilgan holda tozalash) hamda changyutgich yordamida va quruq toza yumshoq mato bilan vaqti-vaqti bilan changni tozalash amalga oshiriladi.
** namli tozalash yuvuvchi mashinalardan, moslamalardan maksimal foydalanilgan holda amalga oshiriladi, bu esa yuvuvchi vositalarni qoʻllagan holda suv bilan yuvish va keyin yuvuvchi vositalarning qoldiqlarini tozalashni oʻz ichiga oladi.
Metropolitendan foydalanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablariga 3-ILOVA
Tozalash inventarlarini belgilash
Inventar Belgilangan maqsadi Belgi Belgilash uslubi Chelaklar hojatxonalarni yuvish uchun UB moyli boʻyoq bilan chelakni tashqi yuzasiga yoziladi Chelaklar yoʻlovchilar uchun moʻljallangan va xizmat xonalarini polini yuvish uchun Pollar uchun moyli boʻyoq bilan chelakni tashqi yuzasiga yoziladi Chelaklar yoʻlovchilar uchun moʻljallangan xonalarining skameykalarini, divanlarini, devorlarini va naqshinkor panjaralarni yuvish uchun divanlar uchun moyli boʻyoq bilan chelakni tashqi yuzasiga yoziladi Choʻtkalar hojatxona polini supurish uchun UB choʻtka dastasiga moyli boʻyoq bilan yoki yondirib oʻyib yoziladi Choʻtkalar yoʻlovchilar uchun moʻljallangan va xizmat xonalarini polini supurish uchun pollar uchun choʻtka dastasiga moyli boʻyoq bilan yoki yondirib oʻyib yoziladi Qop tikiladigan mato hojatxonalarni yuvish uchun qizil rangli mato qiyqimi qiyqimlar qop tikiladigan matoni burchaklariga tikiladi Qop tikiladigan mato yoʻlovchilar uchun moʻljallangan va xizmat xonalarini polini yuvish uchun yashil rangli mato qiyqim qiyqimlar qop tikiladigan matoni burchaklariga tikiladi Flanel yoʻlovchilar uchun moʻljallangan xonalarining skameykalarini, divanlarini, devorlarini va naqshinkor panjaralarni yuvish uchun belgilanmaydi
Metropolitendan foydalanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablariga 4-ILOVA
Ionlovchi nurlanishlarni va radonlarni ruxsat etilgan darajalari
Fizik kattalik (belgi) Oʻlchov birligi Oʻlchash oʻtkazish joyi va obyektlar Ruxsat etilgan darajalar, koʻp emas: Tashqi gamma-nurlanishni ekvivalentli dozasini quvvati(N) MkZ/soatiga Yer sathidan 0,1 m darajada va yaqindagi binodan 30 metrdan kam boʻlmagan ochiq maydonlar 0,3 Ishlab chiqarish va maishiy xonalarda Inshootni ochiq joyda joylashgan hududida dozani 0,3 dan koʻp boʻlmagan quvvatga oshishi Radon va toron oʻrtacha yillik ekvivalentli muvozanatini hajmli faolligi (A_Rn.ekv.) Bk/m3 Ishlab chiqarish va maishiy xonalarda 100
Metropolitendan foydalanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talablariga 5-ILOVA
Ishlab chiquvchilar roʻyxati:
Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti (SGvaKK ITI);
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi (AJ MSES);
“Toshkent metropoliteni” DUK;
Tuzuvchilar: Iskandarov T.I. SGvaKK ITI pestitsidlarning toksikologiyasi va gigiyenasi laboratoriyasi mudiri, t.f.d., professor, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi; Adilov U.X. “Poli-bio-med” ilmiy tadqiqot ishlab chiqarish korxonasi direktori, t.f.d.; Xamrakulova M.A. SGvaKK ITI kasb kasalliklarni tashxislash, davolash va profilaktikasi laboratoriyasi mudiri, t.f.d., katta ilmiy xodimi; Slavinskaya N.V. SGvaKK ITI mehnat gigiyenasi va fiziologiyasi laboratoriyasi mudiri, t.f.n., katta ilmiy xodimi; Abduraximov Sh.T. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmati bosh vrachi; Muxamedova X.P. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmati Mehnat gigiyenasi boʻlimi mudiri; Iskandarova G.T. Toshkent tibbiyot akademiyasi “Kommunal gigiyena va mehnat gigiyenasi” kafedra mudiri, t.f.d., professor; Kulishova L.Yu. “Toshkent metropoliteni” DUK texnik boʻlim boshligʻi; Sagdullayeva B.O SGvaKK ITI katta ilmiy xodim. Taqrizchilar: Zaredinov D.A. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining “Gigiyena” kafedrasi mudiri, t.f.d., professor; Tuychiyev J.T. Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Sanitariya-gigiyena boshqarmasi bosh mutaxassisi; Sadikov A.U. SGvaKK ITI bosh ilmiy xodimi, t.f.d.
