Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan oʻtgan davrda olib borilgan ishlar toʻgʻrisida (2256-IV-son)
24.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy komissiya deb yuritiladi) raisi A. Saidovning Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan oʻtgan davrda olib borilgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, oʻtgan davrda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni samarali amalga oshirish borasida barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilgan.
Xususan, Konstitutsiyaviy komissiya oʻz ishini ochiq va oshkoralik tamoyillari asosida olib borgan.
Aholining fikrlari va takliflarini “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, 1341 qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, mahallalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali hamda bevosita qabul qilish, koʻrib chiqish, saralash, tasniflash, umumlashtirish, ularning yagona bazasini shakllantirish ishlari izchil davom ettirilgan.
Oʻtgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha aholi, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan taqdim etilgan takliflar soni 60 mingdan ortgan.
Bildirilgan fikr-mulohazalarning va takliflarning tahlili xalqimizning yangi davrdagi oʻzgarishlarga befarq boʻlmasdan, oʻzi tashabbus koʻrsatib, mamlakatda kechayotgan keng koʻlamli islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlishga intilayotganligini hamda konstitutsiyaviy islohotlarni xayrixohlik va yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlayotganligini koʻrsatmoqda.
Keng jamoatchilikning takliflari, fikr-mulohazalari asosida shakllantirilgan yakuniy takliflardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ishlab chiqilgan.
Joriy yil 20-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvi davomida xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi boʻladigan yangilanayotgan Konstitutsiya haqida bildirgan fikr-mulohazalari, belgilab bergan 4 ta ustuvor yoʻnalish hamda ularning har biri boʻyicha ilgari surilgan taklif va tashabbuslari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yanada takomillashtirilgan.
Jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqib ilgari surilgan ushbu taklif va tashabbuslarning Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga chuqur singdirilishi “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirishga hamda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoyani toʻla roʻyobga chiqarishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga egadir.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirishda inson huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, mehnat munosabatlarini yaxshilash, yoshlarning huquqlarini va manfaatlarini muhofaza qilish, taʼlimni, ilm-fanni rivojlantirish, xususiy mulkning daxlsizligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarini taraqqiy ettirish, oila institutini mustahkamlash, ekologiya va atrof-muhitni asrash kabi muhim masalalarga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi A. Saidovning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan oʻtgan davrda olib borilgan ishlar toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Konstitutsiyaviy komissiya oʻz faoliyatini davom ettirib, fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarni umumlashtirgan holda, ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritib borishi qayd etib oʻtilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-iyun,
2256-IV-son
