Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. Toshqulovning “Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (2187-IV-son)
07.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. Toshqulovning “Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini isloh qilish, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish hamda talabalarning turar joy bilan taʼminlanishini yanada yaxshilash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Soʻnggi ikki yilda talabalarning turar joy bilan taʼminlanishini yaxshilash boʻyicha qonunlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qator hujjatlari qabul qilindi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan PF-6208-sonli Farmoniga muvofiq ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan toʻlanadigan oylik ijara toʻlovining 50 foizi Davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi belgilandi. Joriy yilda mazkur maqsadlar uchun Davlat budjetidan 120,4 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.
Shuningdek 2021-yil 29-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran fuqarolarning uy-joylarini talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solinmasligi nazarda tutildi.
Bundan tashqari talabalarni turar joy bilan taʼminlash borasidagi muammolarga ijobiy yechim topish maqsadida turar joylarni tadbirkorlik subyektlari mablagʻlari ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida qurish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tizim asosida 2022 — 2025-yillarda 85 ta oliygohda 91,2 ming oʻrinli 228 ta talabalar turar joyini qurish koʻzda tutilmoqda.
Mazkur yoʻnalishda koʻrilgan tizimli chora-tadbirlar hamda amalga oshirilgan islohotlar natijasida 2021-yilda talabalar turar joylarining quvvati 32 070 oʻringa koʻpaytirilib, 91 416 oʻringa yetkazilgan va talabalarning turar joy bilan taʼminlanish darajasi 41 foizga yetgan.
Shu bilan birga talabalarni turar joy bilan taʼminlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tizimli va samarali tashkil etish boʻyicha koʻrilgan choralarga qaramay bu borada hanuzgacha qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Xususan, tadbirkorlar bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar turar joylarini oʻz vaqtida va sifatli barpo etish ishlarini yanada jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi 563-sonli Qarorida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga joriy yilning yanvar oyiga qadar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda talabalar uchun turar joy qidirishga ixtisoslashgan elektron platforma loyihasini ishlab chiqish vazifasi topshirilgan boʻlsa-da, ushbu axborot tizimi hanuzgacha yaratilmagan.
Ushbu yagona tizimning mavjud emasligi talabalarga turar joy izlash va topish bilan bogʻliq qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Bundan tashqari hozirgi kunda oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar uchun qoʻshimcha 131,6 ming oʻrinli turar joylarga talab saqlanib qolmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. Toshqulovning “Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshqulov):
tadbirkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida talabalar turar joylarini barpo etish ishlarini yanada jadallashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda talabalar uchun turar joy qidirishga ixtisoslashgan elektron platforma loyihasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish choralarini koʻrsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga oʻz hududlaridagi oliy taʼlim muassasalarida tasdiqlangan dasturga muvofiq talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish uchun tadbirkorlarni jalb qilish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joy bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ustidan muntazam ravishda parlament nazoratini olib borsin.
5. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Qodirov zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-iyun,
2187-IV-son
