Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (353-son)
04.07.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish hamda sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish, taʼlim sifatini qatʼiy nazorat qilishning shaffof va taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlariga (keyingi oʻrinlarda — taʼlim tashkilotlari) doir maʼlumotlar asosida ularning reytingini aniqlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
taʼlim tashkilotlarining faoliyati va samaradorligini baholash orqali hududlar kesimida ularning reytingini aniqlash tartibi;
taʼlim tashkilotlarining baholash reytingini indikatorlar asosida amalga oshirish tartibi;
taʼlim tashkilotlarining baholash reytingini hisoblash metodikasi hamda baholash reytingi natijalari boʻyicha taʼlim tashkilotlarining toifalarini belgilash tartibi.
3. Belgilansinki:
taʼlim tashkilotlari faoliyatini reyting baholash yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat tartibini saqlash departamentining Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (keyingi oʻrinlarda — Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati) tomonidan inson omilisiz taʼlim tashkilotlariga doir maʼlumotlar asosida ularning reytingini hisoblashning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) orqali amalga oshiriladi va uning natijalari jamoatchilikka eʼlon qilinadi;
axborot tizimining sifatli va uzluksiz faoliyat koʻrsatishi, maʼlumotlar bazasining shakllantirilishi, boshqa tizimlar bilan integratsiya qilinishi hamda texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarning doimiy ravishda oʻtkazib borilishi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan amalga oshiriladi;
axborot tizimini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashni moliyalashtirish Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasi hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
2022-yil 1-sentabrga qadar taʼlim tashkilotlariga doir maʼlumotlar asosida ularning reytingini hisoblash axborot tizimini yaratsin va ishga tushirsin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda mazkur qarorning ahamiyati va mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borish choralarini koʻrsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qaror 2022-yil 1-sentabrdan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-iyul,
353-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 353-son qaroriga ILOVA
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — taʼlim tashkilotlari)ning reytingini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
baholash reytingi — reyting koʻrsatkich (indikator)lari orqali taʼlim tashkilotlarining faoliyati samaradorligini baholash;
yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — yagona axborot tizimi) — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (keyingi oʻrinlarda — YHXX) tomonidan taʼlim tashkilotlarining taʼlim xizmatlari natijasini baholashning yagona avtomatlashtirilgan apparat-dasturiy vositalar majmui.
3. Taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Reyting baholash koʻrsatkichlari (indikatorlari)
4. Reyting baholash quyidagi koʻrsatkich (indikator)lar asosida amalga oshiriladi:
taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihon natijalari;
taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgandan keyin, yil yakuniga qadar yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik hollaridagi jarima ballari;
yil yakuniga qadar qonuniy kuchga kirgan sud qaroriga asosan taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari aybi bilan sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari soni;
taʼlim tashkilotlarida toʻliq shtatda faoliyat yuritadigan oliy maʼlumotga yoki ilmiy darajaga ega oʻqituvchilarning soni toʻgʻrisida maʼlumotlar.
5. Taʼlim tashkilotlari reytingini baholash mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan koʻrsatkich (indikator)lar asosida YHXX tomonidan amalga oshiriladi.
6. Reyting ballari axborot tizimlaridan olingan quyidagi maʼlumotlar asosida shakllantiriladi:
oʻqituvchi va haydovchilikka nomzodlar toʻgʻrisida taʼlim tashkilotlari tomonidan kiritiladigan maʼlumotlar;
tadbirkorlik subyektlarining axborot tizimlaridagi hamda YHXXning yagona axborot tizimidagi imtihon natijalari;
Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlaridan yoʻl-transport hodisalari, yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha jarima ballari haqida maʼlumotlar.
3-bob. Taʼlim tashkilotlari reytingini hisoblash metodikasi
7. Taʼlim tashkilotlari reytingini aniqlash ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash mezonlari va hisoblash metodikasi asosida yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
8. Reyting quyidagi koʻrsatkich (indikator)lar yordamida aniqlanadi:
BB — taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining imtihon natijalari koʻra ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq yigʻilgan ballar;
OʻFN — taʼlim tashkilotlarida toʻliq shtatda faoliyat yuritadigan fan nomzodi yoki undan yuqori ilmiy darajaga ega oʻqituvchilarning umumiy soni (har bir oʻqituvchi bir birlikda hisoblanadi);
OʻOM — taʼlim tashkilotlarida toʻliq shtatda faoliyat yuritadigan ilmiy darajaga ega boʻlmagan oliy maʼlumotli oʻqituvchilarning umumiy soni (har bir oʻqituvchi bir birlikda hisoblanadi);
BJ — taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlgandan keyin yil yakuniga qadar yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik hollaridagi jarima ballari;
BX — taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari aybdor sifatida koʻrsatilgan yoʻl-transport hodisalari soni;
BS — taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining umumiy soni.
9. Taʼlim tashkilotlari tomonidan yagona axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar asosida real vaqt rejimida statistik va tahliliy maʼlumotlar shakllantiriladi.
10. Taʼlim tashkilotlari faoliyati samaradorlik darajasi, aniqlangan indikatorlar miqdoriga qarab, 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanadi.
11. Koʻrsatkich (indikator)larni reyting baholash natijalariga muvofiq taʼlim tashkilotlari reytingi quyidagicha “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi:
81 balldan 100 ballgacha boʻlgan taʼlim tashkiloti — “yashil”;
51 balldan 80 ballgacha boʻlgan taʼlim tashkiloti — “sariq”;
50 balldan past boʻlgan taʼlim tashkiloti — “qizil”.
4-bob. Reyting baholash natijalari boʻyicha taʼlim tashkilotlarining toifalarini belgilash
12. Taʼlim tashkilotlarining reyting ball koʻrsatkichlari respublika boʻyicha yagona shaklda yuritiladi hamda yil yakunlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha alohida hisoblab chiqiladi.
Reyting natijalari har yili yanvar oyining 25-sanasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinadi.
13. Ichki ishlar vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
reyting natijalari boʻyicha faoliyat samaradorligi darajasi “yashil” deb topilgan taʼlim tashkilotlarining ijobiy ish tajribasi ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka yetkazib boriladi;
“yashil” toifadagi taʼlim tashkilotlarining ijobiy ish tajribasini boshqa taʼlim tashkilotlariga joriy etish va ommalashtirish boʻyicha seminar-treninglar tashkil etish choralari koʻriladi.
14. Reyting natijalariga koʻra “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga kiruvchi taʼlim tashkilotlariga ushbu Nizomga 4-ilovada koʻrsatilgan namunadagi “farqlovchi belgi (logotip)” beriladi.
Bunda, “farqlovchi belgi (logotip)” taʼlim tashkiloti binosining old kirish qismiga va avtotransport vositalarining old/orqa oynasiga majburiy oʻrnatiladi.
Mazkur farqlovchi belgilar qatʼiy hisobda turadi va reyting natijalaridan kelib chiqib taʼlim tashkilotlariga beriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
15. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash
SXEMASI
Bosqichlar Masʼul organlar Tadbirlar Muddatlar 1-bosqich Taʼlim tashkilotlari Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritadi. Kunbay asosida 2-bosqich YHXX Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali taʼlim tashkilotlarining imtihon natijalari hamda yoʻl-transport hodisalari, yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha jarima ballari haqida maʼlumotlarni oladi. Onlayn (real vaqt) rejimida 3-bosqich YHXX Reyting natijalariga koʻra taʼlim tashkilotlarini toifalarga ajratadi. Har yillik hisobot davri yakunidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar 4-bosqich YHXX Taʼlim tashkilotlarining ijobiy ish tajribasini boshqa taʼlim tashkilotlariga joriy etadi hamda reyting natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib boradi. Har yillik hisobot davri yakunidan keyingi oyning 30-sanasiga qadar
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash mezonlari va hisoblash
METODIKASI
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining imtihon natijalariga koʻra yigʻilgan ballar
JADVALI
Taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarning imtihon natijalari Yigʻiladigan ball miqdori I. Nazariy imtihonlar boʻyicha Birinchi urinishda muvaffaqiyatli topshirsa 1 Ikkinchi urinishda muvaffaqiyatli topshirsa 0,8 Uchinchi urinishda muvaffaqiyatli topshirsa 0,6 Toʻrtinchi va undan koʻp martada muvaffaqiyatli topshirsa 0,4 II. Amaliy imtihonlar boʻyicha Birinchi urinishda muvaffaqiyatli topshirsa 1 Ikkinchi urinishda muvaffaqiyatli topshirsa 0,8 Uchinchi urinishda muvaffaqiyatli topshirsa 0,6 Toʻrtinchi va undan koʻp urinishda muvaffaqiyatli topshirsa 0,4
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Reyting natijalariga koʻra “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga kiruvchi taʼlim tashkilotlariga beriladigan “farqlovchi belgi (logotip)”lar namunalari
