“SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasini tashkil etish toʻgʻrisida (585-son)
31.12.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yetim bolalarni uygʻun rivojlantirish va tarbiyalash uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori qiladi:
1. “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi, Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligining “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati (Avstriya) bilan birgalikda “Oʻzbekiston bolalar mahallalari” (“SOS — Detskiye derevni Uzbekistana”) uyushmasini tashkil etish va Toshkent shahrida Bolalar mahallasini (“SOS—Detskaya derevnya”) qurish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi toʻgʻrisidagi Nizomga rozilik berilsin (ilova qilinadi). Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, quyidagilar “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining asosiy vazifalari hisoblanadi;
jamoatchilik va davlat tuzilmalarining yetim bolalarni jismoniy, intellektual va maʼnaviy rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, ularni ijtimoiy va huquqiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish;
yetim bolalarni Oʻzbekistonda qabul qilingan anʼanaviy pedagogika tamoyillarini hisobga olgan holda tarbiyalash. Tarbiyachi onalarni va xodimlarni tanlash, ular uchun pedagogik va boshqa zarur tayyorgarlikni tashkil etish;
“SOS — Kinderdorf Interneshnl” jamiyati aʼzolari boʻlgan tashkilotlar bilan “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” va ular bilan bogʻliq SOS — loyihalari bolalar bogʻchalari, maktablar, oʻqitish, sport va dam olish markazlari qurish va ularni toʻliq jihozlashni tashkil etishda vositachi sifatida hamkorlik qilish;
davlat, jamoat va xususiy tuzilmalarni Uyushma faoliyatiga faol jalb qilish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari D. Gʻulomova jahondagi SOS — bolalar mahallalariga koʻmaklashish xalqaro jamiyati (“SOS — Kinderdorf Interneshnl”, Avstriya) bilan Bitimni ishlab chiqsin va Hukumat nomidan imzolasin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
a) “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati:
“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro jamgʻarmasi, Xotin-qizlar qoʻmitasi va boshqa organlar, shu jumladan, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasini taʼsis etadi;
Toshkent shahrida birinchi bolalar mahallasi tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Hukumati bilan yaqindan hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini hurmat qilish va bajarish, Oʻzbekistonning tarbiya va anʼanaviy pedagogika tamoyillariga amal qilish majburiyatini oladi;
Oʻzbekistonda bolalar mahallalari va bolalar bogʻchalari, maktablar, oʻqitish va dam olish markazlari, klinikalar kabi boshqa SOS — loyihalarni toʻliq tashkil etish, koʻrish va jihozlash uchun butun masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi;
“SOS — Bolalar mahallalari”dagi yetim bolalarning toʻliq xarajatlarini, shuningdek, xodimlarga ish haqi toʻlashni, shu jumladan, ijtimoiy, tibbiy sugʻurtalashni va pensiya taʼminotini ularning butun hayot faoliyati davomida mablagʻ bilan taʼminlaydi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
“SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyatiga va “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan barcha boshqa jamoat va xayriya tashkilotlariga beriladigan imtiyozlarni berish;
“SOS — Toshkent shahridagi Bolalar mahallasi” qurilishi va u bilan bogʻliq qurilish obyektlari uchun kamida 5 gektar yer maydoni, uni soliqlardan ozod qilgan holda, ajratish;
qurilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va “SOS — Toshkent shahridagi Bolalar mahallasi”ni uning chegarasigacha kommunikatsiyalar tarmogʻi va boshqa zarur xizmatlar bilan taʼminlash majburiyatini oladi;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati respublika hududida amal qilayotgan meʼyorlar, qoidalar va qonunlarga zid yoki zarar keltiradi deb hisoblaydigan hamma narsani taqiqlab qoʻyish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
4. Bosh vazir oʻrinbosari D.M. Gʻulomovaga “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasini tashkil etish va Uyushma hamda uning ishchi organlari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash yuzasidan masalalar majmuini bir oy muddatda ishlab chiqish va taʼsis yigʻilishini oʻtkazish topshirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasini oʻz faoliyatini xalqaro muruvvat dasturlari va ijtimoiy sohada begʻaraz texnikaviy koʻmaklashish doirasida amalga oshiruvchi tashkilot sifatida akkreditatsiya qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin.
7. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda:
“SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati bilan kelishgan holda Toshkent shahrida kamida 5 gektar yer maydoni ajratsin;
“SOS — Bolalar mahallasi” chegarasigacha boʻlgan muhandislik kommunikatsiyalari qurilishini oʻz mablagʻlari hisobidan taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi “SOS — Kinderdorf Interneshnl” va “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi bilan birgalikda yetim bolalar bilan ishlashning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda tarbiyachi “onalarni” pedagogik jihatdan tayyorlashni amalga oshirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “SOS — Kinderdorf Interneshnl” va “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi bilan birgalikda “SOS — Bolalar mahallasi”ga qabul qilinadigan yetim bolalarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni taʼminlasin.
10. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining muruvvat loyihalari bilan bogʻliq barcha yuklarning imtiyozli tariflar boʻyicha toʻsiqlarsiz qabul qilinishini va joʻnatilishini taʼminlasinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “SOS — Bolalar mahallasi” qurilishida va uning xodimlariga amaliy yordam koʻrsatishda qatnashish uchun “SOS — Kinderdorf Interneshnl” tomonidan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarga vizalar, shu jumladan koʻp martalik vizalar, yashashi va ishlashi uchun ruxsatnomalar bersinlar.
12. Uyushma apparati Toshkent shahar, Nukus koʻchasi, 79-uyga joylashtirilsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari D.M. Gʻulomova zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 31-dekabr,
585-son
Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 31-dekabrdagi 585-son qaroriga ILOVA
“SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi) “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari”ni tashkil etish, qurish, jihozlash va Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan bogʻliq loyihalarning faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati (Avstriya) oʻrtasida 1997-yilda tuzilgan shartnomaga muvofiq, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni, shuningdek ota-onalar qarovisiz qolish ehtimoli boʻlgan bolalarni jismoniy, intellektual va maʼnaviy kamol toptirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati tomonidan taʼsis etiladi.
2. Uyushmaning nomi:
oʻzbek tilida: “SOS — Oʻzbekiston Bolalar mahallalari”;
ingliz tilida: “SOS — Shildrenʼs Villages of Uzbekistan”;
rus tilida: “SOS — Detskiye derevni Uzbekistana”.
3. Oʻzbek va ingliz tillari Uyushmaning rasmiy tillari hisoblanadi.
Oʻzbek, ingliz va rus tillari ish yuritish tillari hisoblanadi.
4. Uyushmaning joylashgan manzili:
Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Nukus koʻchasi, 79-uy.
II. Faoliyatining asosiy maqsadi va yoʻnalishlari
5. Quyidagilar Uyushma faoliyatining asosiy maqsadi va yoʻnalishlari hisoblanadi:
jamoat va davlat tuzilmalarining ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni jismoniy, intellektual va maʼnaviy rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, ularni ijtimoiy muhofaza qilish va huquqiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlashga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish;
ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalashni hamda ularga yordam berishni taʼminlashga, ular uchun oilalardagi kabi hayot sharoitlari yaratishga yoʻnaltirilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishga moliyaviy yordam berish;
barcha bolalarga, ayniqsa ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarga, shuningdek ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarga yordam berish;
Oʻzbekiston Respublikasida SOS — bolalar mahallalari hamda bolalar bogʻchalari, maktablar, oʻquv, sport va dam olish markazlari, klinikalar va shu kabi ular bilan uzviy bogʻliq insonparvarlik SOS — loyihalarni qurishni hamda asbob-anjomlar bilan toʻliq jihozlashni tashkil etish;
“SOS — Kinderdorf Interneshnl” bilan hamkorlik qilish;
SOS — bolalar mahallalari hamda SOS — loyihalar uchun tarbiyachi onalar va xodimlar tanlash va ular uchun pedagogik hamda boshqa zarur tayyorgarlikni tashkil etish;
davlat, jamoat va xususiy tuzilmalarni Uyushma faoliyatiga faol jalb etish;
ota-onalar qarovisiz qolgan bolalar uchun insonparvarlik dasturlarini, hamda German Gmaynerning pedagogik gʻoyalarini, shuningdek ota-onalar qarovisiz qolish ehtimoli boʻlgan bolalar uchun oilani mustahkamlash dasturlarini ommalashtirish va qoʻllab-quvvatlash uchun maqolalar, axborot materiallarini nashr qilish, koʻrgazmalar, seminarlar uyushtirish, ommaviy axborot vositalari bilan ishlarni tashkil etish.
III. Yuridik maqomi
6. “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro uyushmasi tarkibiga kiradi.
7. Uyushma bank muassasalarida oʻzining hisob-kitob va valyuta schyotlarini ochish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻzining mol-mulki bilan javob beradi, sudda va hakamlik sudida daʼvogar yoki javobgar sifatida qatnashadi. Uyushma “ SOS — Kinderdorf Interneshnl” ramzidan foydalangan holda oʻz muhriga, firma blanklariga va boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
8. Uyushma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasidagi jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi qonunlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga va oʻz Ustaviga amal qiladi.
IV. Uyushmaning huquq va majburiyatlari
9. Uyushma quyidagi huquqlarga ega:
ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni, shuningdek ota-onalar qarovisiz qolish ehtimoli boʻlgan bolalar uchun oilani mustahkamlash dasturlarini tarbiyalash, ijtimoiy muhofaza qilish va huquqiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash muammolariga oid respublika va xalqaro insonparvarlik dasturlari hamda loyihalarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda qatnashish;
Oʻzbekiston Respublikasida SOS — bolalar mahallalari va boshqa SOS — obyektlarini tashkil etish hamda ularning hayot faoliyatini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi organlariga “ SOS — Kinderdorf Interneshnl” maqsadi va vazifalaridan kelib chiqadigan takliflar kiritish.
SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari”ni tashkil etish, qurish, jihozlash va Oʻzbekiston Respublikasida ular bilan bogʻliq loyihalarning faoliyat koʻrsatishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati (Avstriya) oʻrtasida 1997-yilda tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan imtiyozlar va preferensiyalardan oʻz faoliyati doirasida foydalanish.
10. Uyushma quyidagilarga majburdir:
“SOS — Kinderdorf Interneshnl” yoʻl-yoʻriqlari va koʻrsatmalarini bajarish;
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va ushbu Nizomga va oʻz Ustaviga muvofiq yuritish,
V. Uyushmaning javobgarligi
11. Uyushma Oʻzbekistondagi SOS — Bolalar mahallalari va SOS — loyihalar egasi hisoblanadi hamda ularni tashkil etish, jihozlash va ularning faoliyati uchun toʻliq moliyaviy va boshqacha turlarda javob beradi.
VI. Mol-mulki, mablagʻ bilan taʼminlash manbalari
12. Uyushma yuridik shaxs hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro huquq normalariga binoan oʻz faoliyati maqsadlari va mol-mulkining moʻljallanganligiga muvofiq ularga egalik qiladi, ulardan foydalanadi va ularni tasarruf etadi. Uyushmaning mulkiy huquqlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq himoya qilinadi.
13. Uyushma mablagʻlari quyidagilar hisobiga shakllanadi:
“SOS — Kinderdorf Interneshnl” uyushmasidan, “SOS — Kinderdorf Interneshnl” xalqaro jamiyati va bu tashkilotga kiruvchi jamiyatlar va ittifoqlardan tushumlar;
korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan, shuningdek xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalardan, xususiy shaxslardan begʻaraz xayriya badallari, xayr-ehsonlar va tushumlardan;
merosdan, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mablagʻlaridan, istalgan turdagi jamoatchilik tushumlaridan, mahalliy va xalqaro xayr-ehsonlardan;
muruvvat tadbirlarini va muruvvat yoʻnalishidagi boshqa tadbirlarni oʻtkazishdan olingan daromadlar;
qonunchilikka va mazkur Nizomga zid boʻlmagan boshqa daromadlardan.
14. Boshqaruv qaroriga koʻra Uyushmaning oʻz mablagʻlaridan ham Oʻzbekistondagi, ham uning tashqarisidagi qarovchisiz qolgan bolalarga yordam berish uchun foydalanilishi mumkin. Boshqaruv har yili bu mablagʻlarning bir qismini “SOS — Kinderdorf Interneshnl” doirasidagi xorijiy muruvvat loyihalariga ajratish huquqiga ega, bunda mablagʻlar xayr-ehson yigʻishda eʼlon qilingan maqsadlar uchungina ajratilishi mumkin.
VII. Boshqaruv organlari
15. Quyidagilar Uyushmaning boshqaruv organlari hisoblanadi:
Uyushma aʼzolarining umumiy yigʻilishi;
Uyushma prezidenti;
Uyushma boshqaruvi;
Uyushma direktori.
16. Uyushma boshqaruv organlarining vakolatlari, ularni shakllantirish (saylash) va faoliyatini tashkil etish tartibi Ustavga muvofiq belgilanadi.
VIII. Uyushma aʼzolari, ularning huquq va majburiyatlari
32. Uyushmaning haqiqiy aʼzolari, faxriy aʼzolari va “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi doʻstlari (homiy aʼzolar) Uyushmaning aʼzolari hisoblanadi.
33. Mazkur Nizomning muqaddimasiga muvofiq SOS — bolalar mahallalari gʻoyasini qoʻllab-quvvatlayotgan va Uyushma boshqaruvi tomonidan shunday deb tan olingan yuridik va jismoniy shaxslar Uyushmaning haqiqiy aʼzolari boʻlishlari mumkin. Uyushma haqiqiy aʼzolarining soni 25 raqamidan oshmasligi kerak.
Uyushmaning yangi haqiqiy aʼzolari Uyushma boshqaruvining umumiy yigʻilishdagi taklifi boʻyicha, agar bu taklifni Uyushma haqiqiy aʼzolarining koʻpchiligi yoqlab ovoz bersa, qabul qilinadi.
34. “SOS — Kinderdorf Interneshnl” maqsadlarini amalga oshirishda xizmat koʻrsatgan va yutuqlarga ega boʻlgan shaxslar Uyushmaning faxriy aʼzolari hisoblanadi. Bu shaxslar Uyushmaning faxriy aʼzolari sifatida Uyushma boshqaruvining umumiy yigʻilishdagi taklifi boʻyicha, agar bu taklifni koʻpchilik yoqlab ovoz bersa, saylanadi.
35. Uyushmaning haqiqiy va faxriy aʼzolari Uyushmaning rahbar organlariga saylash va saylanish, oʻz dasturlari va takliflarini koʻrib chiqish uchun kiritish, Uyushma tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda qatnashish huquqiga egadirlar.
36. Doimiy (erkin miqdordagi) badallari bilan Uyushma ishlarini qoʻllab-quvvatlaydigan jismoniy va yuridik shaxslar “SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari”ning doʻstlari hisoblanadilar. Ularni qabul qilish toʻgʻrisidagi masala boshqaruv tomonidan, oddiy koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan hal etiladi.
37. Uyushma aʼzolari:
Uyushmaning asosiy vazifalarini bajarishga faol koʻmaklashishga majburdirlar;
“SOS — Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasi dasturlarini amalga oshirishda aniq yordam koʻrsatishga doir tadbirlarda qatnashish huquqiga egadirlar;
Uyushma boshqaruviga yozma ravishda bildirishnoma taqdim etgan holda Uyushmadan chiqish huquqiga egadirlar. Uyushmadan chiqish sanasi bildirishnoma taqdim etilgandan keyin 3 oy oʻtgach boshlanadi.
Uyushma aʼzolari Ustavga muvofiq boshqa huquqlarga, shuningdek boshqa majburiyatlarga ega boʻlishlari mumkin.
38. Uyushmaning aʼzolari tomonidan badal toʻlash miqdorlari, muddatlari va tartibi Uyushma boshqaruvi tomonidan belgilanadi.
39. Uyushmaga aʼzolik:
jismoniy shaxsning vafoti munosabati bilan;
yuridik shaxs tugatilgan taqdirda;
Uyushma Ustavida nazarda tutilgan boshqa hollarda toʻxtatiladi.
40. Aʼzolarni Uyushmadan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror boshqaruv tomonidan, aʼzolar uchdan ikki qismining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Uyushma aʼzolari unga aʼzolikdan chiqarilganligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinishi kerak. Aʼzolikdan chiqarilganlik toʻgʻrisida Uyushma aʼzosining aʼzolikdan chiqarilganligi eʼtirof etilgandan keyin 2 oy mobaynida norozilik bildirilishi mumkin.
41. Aʼzolikdan chiqish chogʻida, ushbu aʼzolar tomonidan toʻlangan badallar qaytarib berilmaydi. Uyushma aʼzoligidan chiqish yoki chiqarilish tegishli yuridik shaxslar va Uyushmaning ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalardan kelib chiqqan oʻzaro majburiyatlariga daxl qilmaydi.
IX. Uyushma faoliyatining toʻxtatilishi
Uyushma faoliyatini toʻxtatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
