11-modda. Kompensatsiya komissiyalari
Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-781-son) · Sana: 29.06.2022 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengash huzurida ularning qarorlari asosida kompensatsiya komissiyalari (bundan buyon matnda Kompensatsiya komissiyalari deb yuritiladi) tuziladi.
Kompensatsiya komissiyalari aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, mahalliy Kengashning qarorlari bilan oʻn olti kishidan iborat boʻlgan tarkibda ikki yil muddatga tasdiqlanadi.
Kompensatsiya komissiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
oʻn nafar deputat (shundan bir nafari rais);
nodavlat notijorat tashkilotlarining uch nafar vakili;
hududiy iqtisodiyot va moliya organining vakili (ovoz berish huquqisiz);
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi hududiy boʻlinmasining vakili (ovoz berish huquqisiz);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, tegishli viloyat yoki Toshkent shahar hokimligi tuzilmasidagi yer uchastkalarini olib qoʻyish va kompensatsiya berish ishlarini muvofiqlashtirish shuʼbasining rahbari (ovoz berish huquqisiz).
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmasidagi yer uchastkalarini olib qoʻyish va kompensatsiya berish ishlarini muvofiqlashtirish shuʼbalarining rahbarlari tegishli Kompensatsiya komissiyalari kotibining vazifalarini bajaradi.
Kompensatsiya komissiyalari oʻz faoliyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengash tomonidan tasdiqlanadigan reglamentlar asosida amalga oshiradi.
