Respublika neyroxirurgiya xizmatini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (583-son)
31.12.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Mamlakat aholisi sogʻligʻini muhofaza qilishga muhim ahamiyat berib hamda neyroxirurgiya yordami tashkil etilishini takomillashtirish va uning sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Respublika neyroxirurgiya markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi tashkil etilsin.
Quyidagilar markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublikada neyroxirurgiya xizmatining ahvolini oʻrganish, tashhis qoʻyishning yangi samarali usullarini ishlab chiqish, neyroxirurgiya kasalliklarini davolash, oldini olishga doir ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va ularni sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy etish;
murakkab neyroxirurgiya kasalliklariga chalingan bemorlarni jahon standartlari darajasida davolash;
neyroxirurgiya sohasida sogʻliqni saqlash amaliyoti uchun yuqori malakali xodimlar tayyorlash;
respublika neyroxirurgiya muassasalariga tashkiliy va uslubiy yordam koʻrsatish;
neyroxirurgik patologiyaga uchragan bemorlarni davolash va ularga tashhis qoʻyishni yaxshilash masalalari boʻyicha ilmiy, uslubiy va axborot materiallarini ishlab chiqish va nashr etish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi respublikada sogʻliqni saqlashning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda neyroxirurgiya xizmatini rivojlantirishning istiqbolli dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi davlat ilmiy-texnika dasturlari va innovatsiya loyihalari doirasida 1998-yilda va keyingi yillarda Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi tomonidan “Neyroxirurgiya kasalliklariga tashhis qoʻyish, davolash, oldini olishning yangi samarali usullarini ishlab chiqish va ularni sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy etish” ilmiy-texnika dasturi bajarilishini nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Neyroxirurgiya ilmiy markazi:
Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi yangi binosi qurilishining texnik-iqtisodiy asoslanishini uch oy muddatda ishlab chiqsinlar, uning zamonaviy tibbiy priborlar va ilmiy-tadqiqot asbob-uskunalari bilan moddiy-texnik jihozlanishini nazarda tutsinlar;
“Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda texnik-iqtisodiy asoslash asosida Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi binosi qurilishi boʻyicha ishlarni bajaruvchini aniqlash maqsadida tender oʻtkazish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlasinlar.
5. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazining yangi binosi qurilishi uchun yer uchastkasi ajratish toʻgʻrisidagi masalani bir oy muddatda hal etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda texnik-iqtisodiy asoslash asosida Vazirlar Mahkamasiga kapital qoʻyilmalar limitlari hamda Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi qurilishini mablagʻ bilan taʼminlashning zarur hajmlari va manbalari yuzasidan taklif kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1998-1999-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi va respublika neyroxirurgiya xizmati uchun tender boʻyicha tibbiy texnika xarid qilishga ilovaga* muvofiq maqsadli mablagʻlar ajratsin.
* Ilova berilmaydi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi xodimlarining shtat jadvalini 443 nafardan iborat etib saqlab qolsin. Xodimlarning umumiy soni doirasida ilmiy markazning shtat tuzilmasiga direktorning ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, ilmiy kotib va patentchi lavozimlari kiritilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 31-dekabr,
583-son
