3-modda. Asosiy tushunchalar
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan qorovullik — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining shartnoma asosida davlat organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini qoʻriqlash uchun tuziladigan tarkibiy boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladigan qoʻriqlash faoliyatining turi;
idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oʻta muhim va toifalangan obyektlarni, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning obyektlarini shartnoma asosida qoʻriqlash boʻyicha maxsus vazifalarni bajarish uchun tuziladigan, xizmat faoliyati qorovullik xizmatini tashkil etish va oʻtash tartibi talablariga muvofiq tashkil etiladigan tarkibiy boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladigan qoʻriqlash faoliyatining turi;
idoraviy qorovullik — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, tadbirkorlik subyektlarining oʻz obyektlarini qoʻriqlash uchun yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladigan tarkibiy boʻlinmasi tomonidan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklatilgan alohida xodimi tomonidan amalga oshiriladigan qoʻriqlash faoliyatining turi;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda boshqa tashkilotlarning oʻz obyektlarini qoʻriqlash boʻyicha maxsus vazifalarni bajarish uchun yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladigan, xizmat faoliyati qorovullik xizmatini tashkil etish va oʻtash tartibi talablariga muvofiq tashkil etiladigan tarkibiy boʻlinmasi tomonidan amalga oshiriladigan qoʻriqlash faoliyatining turi;
idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining ishchisi va xizmatchisi — idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash hamda idoraviy qorovullik boʻlinmalarining qoʻriqlash faoliyatini boshqarish, nazorat qilish va amalga oshirish vazifalari oʻz zimmasiga yuklatilgan ishchisi va xizmatchisi;
nazorat-oʻtkazish rejimi — qoʻriqlanadigan obyektlarga (qoʻriqlanadigan obyektlardan) shaxslarning kirishini (chiqishini), transport vositalarining kirib kelishini (chiqib ketishini), mol-mulk olib kirilishini (olib chiqilishini), tashib kirilishini (tashib chiqilishini) nazorat qilish tartibini taʼminlovchi qoidalar majmui;
