11-modda. Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari va idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari
Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-778-son) · Sana: 15.06.2022 · Amalda
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari naryadlari tomonidan xizmatning oʻtalishini tashkil etish va xizmatning oʻtalishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmatlari ustavi asosida ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan, oʻz tasarrufida idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar tasdiqlagan qoidalarga muvofiq belgilanadi.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari oʻz xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishuvga koʻra ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan, tegishli farqlovchi belgilari boʻlgan formali kiyim-bosh kiyib yurish huquqiga ega.
Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchilariga va xizmatchilariga belgilangan tartibda xizmat guvohnomalari beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining idoraviy jihatdan tegishli boʻlmagan harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchilari va xizmatchilari qonunchilikda idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalarining ishchilari hamda xizmatchilari uchun belgilangan huquqlarga ega boʻladi va majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi.
