Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida va Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlishlari tartibi toʻgʻrisida
17.06.2021
Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida,
1992-yil 30-maydagi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaga amal qilgan holda,
bir Tomon davlati fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududida boʻlishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Bir Tomon davlati hududida vaqtincha boʻlib turgan boshqa Tomon davlatining fuqarolari 15 kun mobaynida kelish davlatining vakolatli organlarida roʻyxatdan oʻtish (yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish) majburiyatidan ozod etiladilar.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan vaqtincha boʻlib turish muddati bir Tomon davlatining fuqarosi boshqa Tomon davlati hududiga chegara nazorati organlarining belgisi bilan tasdiqlangan migratsiya kartasi yoki boshqa Tomon davlati hududiga kirishda chegara nazorati organlari tarafidan pasportga qoʻyiladigan belgi bilan tasdiqlangan kirish sanasidan hisoblanadi.
3. Bir Tomon davlatining fuqarosi boshqa Tomon davlati hududida 15 kundan ortiq boʻlib turgan boʻlsa, ushbu fuqaro kelish davlat qonunchiligiga muvofiq uning vakolatli organlarida roʻyxatdan oʻtishga (yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish) majbur.
2-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududida boʻlib turgan vaqtda kelish davlati qonunchiligiga rioya qilishlari lozim.
3-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda ushbu Bitimning 4-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
4-modda
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralari Tomonlar tarafidan bajarilganligi toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali qabul qilingan sanadan kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi. Har bir Tomon boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilish orqali mazkur Bitimning amal qilishini tugatishi mumkin. Bunday holda, mazkur Bitimning amal qilishi shunday xabarnoma olingan sanadan boshlab 6 oy oʻtgach tugatiladi.
3. Har bir Tomon davlat xavfsizligi, jamoat tartibi va sogʻliqni saqlashni taʼminlash maqsadida mazkur Bitim amal qilishini toʻliq yoki qisman toʻxtatib turishi mumkin. Qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi yozma xabarnoma bunday toʻxtatib turishdan 72 soatdan kechiktirmasdan diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga yuboriladi.
4. Ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan sabablarga koʻra mazkur Bitimning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan Tomon xuddi shunday tartibda mazkur Bitimning amal qilishini qayta tiklaganligi toʻgʻrisida boshqa Tomonni xabardor qiladi.
Toshkent shahrida 2021-yil 17-iyunda hamda Moskva shahrida 2021-yil 21-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda har ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)
