Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir takliflarni olish, umumlashtirish hamda ularga javob qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida (2128-IV-son)
23.05.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir takliflarni olish, umumlashtirish hamda ularga javob qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu Qoʻshma qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya raisi A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
3. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 23-may,
2128-IV-son;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 23-may,
KQ-352-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022-yil 23-maydagi 2128-IV/KQ-352-IV-sonli Qoʻshma qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir takliflarni olish, umumlashtirish hamda ularga javob qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy komissiya deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni olish, umumlashtirish hamda ularga javob qaytarish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi:
qonun loyihalarining umumxalq muhokamasini tashkil etishga;
jismoniy va yuridik shaxslarning “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda berilgan murojaatlarini koʻrib chiqishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir takliflarni (bundan buyon matnda takliflar deb yuritiladi) yigʻish hamda umumlashtirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida barcha fuqarolarning, keng jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining fikr va mulohazalarini olish, umumlashtirish hamda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilishi lozim boʻlgan takliflarni shakllantirish maqsadida tashkil etiladi.
3. Fuqarolar, manfaatdor davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, ilmiy-tadqiqot muassasalarining, oʻzga tashkilotlarning vakillari, shuningdek olimlar hamda mutaxassislar (bundan buyon matnda tashabbuskorlar deb yuritiladi) takliflar berish jarayonining ishtirokchilaridir.
Chet davlatlarning va xalqaro tashkilotlarning ekspertlari takliflar olish hamda umumlashtirish jarayoniga qonunchilikka muvofiq jalb etilishi mumkin.
4. Tashabbuskorlar oʻz fikrlarini erkin ifoda etishga, shuningdek taklif va mulohazalarini davlat tilida yoki boshqa tilda tayyorlashga hamda yuborishga haqli.
Tashabbuskorlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Fuqarolarning takliflar berish jarayonida ishtirok etishga boʻlgan huquqlarini jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab cheklash taqiqlanadi.
2-bob. Takliflarni qabul qilish jarayonini tashkil etish tartibi
5. Takliflarni qabul qilish va koʻrib chiqish Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
6. Tashabbuskorlar oʻz takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga:
“Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi;
mahalla fuqarolar yigʻinlari xodimlari;
xalq deputatlari Kengashlari;
qisqa raqamli koll-markazi;
pochta aloqasi;
“Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali yuborishi mumkin.
7. Kelib tushgan takliflarni roʻyxatga olish, bu toʻgʻrisida aholini xabardor qilish, takliflarni umumlashtirish va tahlil qilish maqsadida Konstitutsiyaviy komissiyaning Yigʻma axborot-tahlil guruhi hamda Takliflar bilan ishlash guruhi tuziladi.
8. Tashabbuskorlar oʻz takliflarini “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi hamda “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali elektron shaklda berishi mumkin.
9. Tashabbuskorlar mahalla fuqarolar yigʻinlari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari orqali oʻz takliflarini bildirishi mumkin.
Tashabbuskorlarning mahalla fuqarolar yigʻinlari orqali bildirgan takliflarini mahalla fuqarolar yigʻinlari xodimlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga yoki toʻgʻridan toʻgʻri Konstitutsiyaviy komissiyaning takliflar bilan ishlash guruhiga pochta, shu jumladan elektron pochta orqali yuborishi mumkin.
Tashabbuskorlarning takliflarini mahalla fuqarolar yigʻinlari orqali olish jarayoni xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
10. Tashabbuskorlar qisqa raqamli koll-markazi orqali oʻz takliflarini ogʻzaki ravishda bildirishi mumkin.
Ushbu takliflar koll-markaz operatorlari tomonidan yozib olinadi hamda elektron pochta orqali Konstitutsiyaviy komissiyaning takliflar bilan ishlash guruhiga yuboriladi.
11. Tashabbuskorlardan kelib tushgan barcha takliflar Komissiyaning takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan koʻrib chiqiladi, saralanadi, Konstitutsiyaning boblari yoʻnalishlari boʻyicha tasniflanadi.
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi maqsadga muvofiq deb topilgan takliflar Takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan Yigʻma axborot-tahlil guruhiga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
3-bob. Takliflarni koʻrib chiqish tartibi
12. Yigʻma axborot-tahlil guruhi kelib tushgan takliflarni umumlashtirib boradi.
Bunda takliflarning kelib tushish jarayoni toʻgʻrisidagi, shu jumladan tashabbuskorlardan kelib tushgan takliflarning umumiy mazmuni haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan maʼlumotnoma tuziladi. Tuzilgan maʼlumotnoma Konstitutsiyaviy komissiyaga har kuni kiritib boriladi.
13. Yigʻma axborot-tahlil guruhi takliflarni koʻrib chiqish maqsadga muvofiqligi boʻyicha xulosa tayyorlaydi va har haftada kamida bir marotaba Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolariga taqdim etadi.
14. Konstitutsiyaviy komissiya oʻz majlislarida takliflarni koʻrib chiqadi va muhokama qiladi.
Muhokama natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilishi mumkin boʻlgan takliflar saralanib, ular maromiga yetkaziladi va tegishli loyiha shakllantiriladi.
15. Tashabbuskorlar tomonidan bildirilgan takliflar tavsiya xususiyatiga ega boʻladi hamda koʻrib chiqilishi lozim.
16. Tashabbuskorlarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini takomillashtirish bilan bogʻliq boʻlmagan, shuningdek belgilangan muddatdan keyin taqdim etilgan takliflari koʻrib chiqilmaydi.
17. Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyati, shu jumladan kelib tushgan takliflar va ularni koʻrib chiqish natijalari Internet jahon axborot tarmogʻidagi axborot resurslarida, ommaviy axborot vositalarida hamda “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi orqali yoritilishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Kelib tushgan takliflarning tashabbuskorlariga takliflar koʻrib chiqish uchun qabul qilinganligi toʻgʻrisida ularning shakliga muvofiq xabar yuboriladi.
19. Kelib tushgan takliflardan qonunchilikni takomillashtirish maqsadida foydalanilishi mumkin.
20. Takliflarni qabul qilish, umumlashtirish hamda koʻrib chiqish jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
