Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (328-son)
13.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ularning moliyaviy barqarorligini va davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro samarali hamkorligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoni 5-bandiga muvofiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinishi va unga koʻra har yil yakunlari boʻyicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi hamda boshqa muhim faoliyat koʻrsatkichlariga asosan ularning reytingi tuzilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xorijiy davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlaridan, xorijiy davlatlar fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan oladigan mablagʻlar doirasidagi xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda amaliy yordam koʻrsatish uchun ularga tegishli sohadagi davlat boshqaruvi organini milliy hamkor sifatida biriktirish tartibi;
xalqaro grant loyihalarini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni milliy manfaatlarni hisobga olgan holda tasdiqlash;
milliy hamkor tomonidan mahalliy nodavlat notijorat tashkilotiga xalqaro grant loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi, uning natijalari monitoring qilinishida amaliy yordam berish hamda manfaatdor tashkilotlar ushbu jarayonga jalb qilinishini taʼminlash tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini jamoatchilik, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillariga yetkazsin;
masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan tartibga rioya etilishini monitoring qilib borsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Q. Davletov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Eshlarni qoʻllab-quvvatlash va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 13-iyun,
328-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyundagi 328-son qaroriga ILOVA
Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining (bundan Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi mustasno) xorijiy davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, xorijiy davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirigʻiga binoan boshqa shaxslardan (keyingi oʻrinlarda — chet ellik shaxslar) oladigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
grant loyihasi — mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan chet ellik shaxslardan olinadigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan xalqaro grant loyihasi;
mahalliy nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — NNT) adliya organlari tomonidan belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan va chet ellik shaxslardan olinadigan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro grant loyihalarini amalga oshiruvchi mahalliy nodavlat notijorat tashkiloti;
milliy hamkor — Oʻzbekiston Respublikasi hududida grant loyihasini amalga oshirishda NNTga amaliy yordam berish va hamkorlik qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Adliya vazirligi) tomonidan biriktiriladigan davlat boshqaruvi organi;
hududiy adliya organi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari.
2-bob. NNTning grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi
3. Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining grant loyihasini amalga oshirish mazkur Nizomga 1-ilovada nazarda tutilgan sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
4. NNTning grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorligi ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Hududiy adliya organlari NNTning chet ellik shaxslardan mablagʻlar olinishini kelishgan yoki chet ellik shaxslardan olinadigan mablagʻlar haqida xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida bu haqda Adliya vazirligiga yozma yoki elektron shaklda maʼlumot kiritadi.
6. Adliya vazirligi NNTning grant loyihalari doirasida mablagʻlar olinishi kelishilganligi (xabarnoma berilganligi) yoki ushbu Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hududiy adliya organining maʼlumoti haqida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Tashqi ishlar vazirligi) ikki ish kunidan kechiktirmasdan xabarnoma yuboradi.
7. Tashqi ishlar vazirligi ushbu xabarnomani koʻrib chiqib, chet ellik shaxslar tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan grant loyihasi yuzasidan tegishli xulosani Adliya vazirligiga besh ish kuni ichida taqdim qiladi.
8. Adliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan xulosa asosida ikki ish kuni ichida ushbu NNTga grant loyihasini amalga oshirishda amaliy yordam berish va hamkorlik qilish uchun milliy hamkorni biriktirish choralarini koʻradi.
Milliy hamkorni tanlashda NNTning taklifi ustunlikka ega boʻladi.
9. Adliya vazirligi NNT bilan kelishilgan holda, milliy hamkorning biriktirganligi haqida milliy hamkor sifatida biriktirilgan tashkilotni ikki ish kuni ichida xabardor qiladi.
Bunda Adliya vazirligi hamkor tashkilotlar sifatida jalb qilinishi mumkin boʻlgan tegishli vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — hamkor tashkilotlar) roʻyxatini milliy hamkorga tavsiya etishi mumkin.
10. Milliy hamkor tomonidan ham NNTga grant loyihasini samarali amalga oshirishda boshqa hamkor tashkilotlar jalb qilinishi mumkin.
11. Milliy hamkor NNTga grant loyihasining sifatli, oʻz vaqtida amalga oshirilishi va natijalarining monitoring qilinishida amaliy yordam berish hamda hamkor tashkilotlarning ishini muvofiqlashtirib borish uchun masʼul hisoblanadi. Bunda milliy hamkorning NNT ichki ishlariga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Milliy hamkor NNT bilan oʻzaro hamkorlik doirasida quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:
grant loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xaritasi”) ishlab chiqish va tasdiqlash;
grant loyihasining samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda tadbirlarni monitoring qilish va baholab borish;
grant loyihasini amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan muammolarni hal etish;
grant loyihasi doirasida, zaruratga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik memorandumlarini imzolash;
amalga oshirilayotgan grant loyihasiga, zaruratga koʻra, oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar berish;
grant loyihasining amalga oshirish muddatini belgilash va uzaytirish boʻyicha tavsiyalar berish;
grant loyihasini amalga oshirish natijalarini tahlil qilish.
13. Milliy hamkor uning muayyan grant loyihasiga biriktirilganligi haqida Adliya vazirligining xabarnomasi kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida grant loyihasini amalga oshiruvchi NNT bilan birgalikda hamkor tashkilotlarni jalb qilgan holda, “yoʻl xaritasi” loyihasini mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda ishlab chiqadi hamda quyidagi tartibda ijroga qaratish choralarini koʻradi:
qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2 000 baravarigacha boʻlgan grant loyihalari boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi milliy hamkor va NNT tomonidan tasdiqlanib, ijroga qaratiladi;
qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2 000 baravari va undan yuqori boʻlgan grant loyihalari boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi milliy hamkor va hamkor tashkilotlarga yuklatiladigan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Adliya vazirligiga tasdiqlash uchun kiritiladi. Bunda Adliya vazirligi tomonidan grant loyihalari boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi besh ish kuni ichida Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanib, ijro uchun milliy hamkorga yuboriladi.
14. “Yoʻl xaritasi” loyihasida quyidagilar aks ettiriladi:
grant loyihasini amalga oshirishga qaratilgan tadbirlar nomi;
tadbirlarni amalga oshirishga sarflanadigan mablagʻlar miqdori, amalga oshirish muddatlari va mexanizmi, amalga oshirish hududi va boshqa xususiyatlari;
milliy hamkor va hamkor tashkilotlar.
“Yoʻl xaritasi” loyihasida grant loyihasini amalga oshiruvchi NNT bilan kelishilgan holda boshqa masalalar ham aks ettirilishi mumkin.
15. “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun milliy hamkor va hamkor tashkilotlar masʼul hisoblanadi.
16. Milliy hamkor grant loyihasini amalga oshiruvchi NNT bilan kelishilgan holda, hamkor tashkilotlar ishtirokida “yoʻl xaritasi”ning ijro holati boʻyicha zaruratga qarab yigʻilishlar oʻtkazadi.
Yigʻilishda “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish jarayonlari, ijobiy natijalar, yuzaga kelgan muammolar, “yoʻl xaritasi”ga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish zarurati hamda boshqa tashkiliy masalalar muhokama qilinadi.
“Yoʻl xaritasi”ga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qaror yigʻilish bayoni shaklida rasmiylashtirilib, milliy hamkor, mahalliy NNT va manfaatdor hamkor tashkilotlar tomonidan tasdiqlanadi.
Agar qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2 000 baravari va undan yuqori boʻlgan grant loyihasi boʻyicha “yoʻl xaritasi”ga oʻzgartirish qoʻshimchalar kiritish haqida qaror qabul qilingan boʻlsa, mazkur yigʻilish bayoni ikki kun ichida milliy hamkor tomonidan Adliya vazirligiga kelishish uchun kiritiladi.
Adliya vazirligi yigʻilish bayoni kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida bayon loyihasini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishish va milliy hamkorga yuborish choralarini koʻradi.
Yigʻilish bayonini kelishish jarayonida Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi oʻzlarining taklif va eʼtirozlarini bildirishi mumkin.
17. Milliy hamkor grant loyihasini amalga oshiruvchi NNT bilan kelishgan holda, “yoʻl xaritasi” ijrosi yakuni boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotni mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda Adliya vazirligiga, grant loyihasi tugagandan keyin oʻn ish kunidan kechiktirmasdan Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasiga axborot uchun kiritadi.
18. Adliya vazirligi zaruratga koʻra milliy hamkordan “yoʻl xaritalari”ning ijrosi boʻyicha joriy va yakuniy maʼlumotni soʻrab olishi mumkin.
19. NNT grant loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat boshqaruvi organlari bilan ikki yoki koʻp tomonlama memorandumlarni imzolashi mumkin.
Davlat organi va tashkiloti NNTning memorandum imzolash haqidagi taklifi kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kunidan kechiktirmasdan memorandum loyihasini Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligiga koʻrib chiqish uchun yuboradi.
Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi memorandum loyihasini kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida koʻrib chiqib, uni yuborgan davlat organi yoki tashkilotiga oʻzlarining fikr va mulohazalarini taqdim etadi.
Davlat organi va tashkiloti memorandum loyihasi boʻyicha Adliya vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligining fikr va mulohazalarini inobatga olgan holda, ushbu tashkilotlarning fikr va mulohazalari olingan kundan boshlab ikki ish kuni ichida NNT bilan memorandum loyihasini imzolash choralarini koʻradi.
3-bob. Yakunlovchi qoida
20. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Mahalliy NNTning grant loyihasini amalga oshirishni tashkil etish
SXEMASI
Tashqi ishlar vazirligi 2 ↑ 3 ↓ Hududiy adliya organi Adliya vazirligi 6 Vazirlar Mahkamasi → 1 7 → ← 10 → 4 ↓ 5 ↑ 8 ↓ 9 ↑ Mahalliy NNT Milliy hamkor Hamkor tashkilotlar ↔ ↔
1. Hududiy adliya organi NNTiing xorijiy shaxslardan mablagʻlar olinishini kelishgan hamda xorijiy shaxslardan olinadigan mablagʻlar haqidagi xabarnoma boʻyicha Adliya vazirligiga yozma yoki elektron shaklda ikki ish kuni ichida maʼlumot kiritadi.
2. Adliya vazirligi NNTlarning grant loyihalari doirasida mablagʻlar olinishini kelishganligi yoki hududiy adliya organining maʼlumoti haqida ikki ish kunidan kechiktirmasdan Tashki ishlar vazirligiga xabarnoma yuboradi.
3. Tashki ishlar vazirligi xabarnomani koʻrib chiqib, chet ellik shaxslar tomonidan moliyalashtirishi rejalashtirilgan grant loyihasi yuzasidan tegishli xulosani besh ish kuni ichida Adliya vazirligiga taqdim etadi.
4. Adliya vazirligi NNT bilan kelishilgan holda, milliy hamkorning biriktirganligi haqida milliy hamkor biriktirilganidan keyin ikki ish kuni ichida milliy hamkor sifatida biriktirilgan tashkilotni xabardor qiladi.
5. Milliy hamkor grant loyihasini amalga oshiruvchi NNT bilan birgalikda hamkor tashkilotlarni jalb qilgan holda besh ish kuni ichida “yoʻl xaritasi” loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Adliya vazirligiga yuboradi.
6. Adliya vazirligi ikki ish kuni ichida “yoʻl xaritasi” loyihasini koʻrib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kelishish uchun yuboradi.
7. Vazirlar Mahkamasi besh ish kuni ichida qiymati BHMning 2000 baravari va undan yuqori boʻlgan grant loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasini koʻrib chiqib, kelishib beradi.
8. Adliya vazirligi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan “yoʻl xaritasi” loyihasini tasdiqlab, milliy hamkorga ijro uchun yuboradi.
9. Milliy hamkor “yoʻl xaritasi” ijrosi yakuni boʻyicha Adliya vazirligiga oʻn ish kuni ichida uning samaradorligi yuzasidan maʼlumot kiritadi.
10. Adliya vazirligi grant loyihasini amalga oshirish samaradorligi boʻyicha kelib tushgan maʼlumotlarni oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga axborot uchun kiritadi.
Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish
SXEMASI
Bosqichlar Masʼullar Amalga oshirish mexanizmi Ijro muddati 1-bosqich Hududiy adliya organlari NNTning xorijiy shaxslardan mablagʻlar olinishini kelishgan hamda chet ellik shaxslardan olinadigan mablagʻlar haqidagi xabarnoma boʻyicha Adliya vazirligiga yozma yoki elektron shaklda maʼlumot kiritadi. Mablagʻ summasi kelishilgan yoki xabarnoma kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida 2-bosqich Adliya vazirligi NNTning grant loyihalari doirasida mablagʻlar olinishini kelishganligi yoki hududiy adliya organining maʼlumoti haqida Tashqi ishlar vazirligiga xabarnoma yuboradi. Pul mablagʻlari kelishilgan yoki hududiy adliya organining maʼlumoti kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kunidan kechiktirmasdan 3-bosqich Tashqi ishlar vazirligi Xabarnomani koʻrib chiqib, chet ellik shaxslar tomonidan moliyalashtirishi rejalashtirilgan grant loyihasi yuzasidan tegishli xulosani Adliya vazirligiga taqdim etadi. Besh ish kuni ichida 4-bosqich Adliya vazirligi 1. Tashqi ishlar vazirligining xulosasi asosida NNTga grant loyihasini amalga oshirishda amaliy yordam berish va hamkorlik qilish uchun milliy hamkorni biriktirish choralarini koʻradi. 1. Tashqi ishlar vazirligining tegishli xulosasi kelib tushgandan keyin ikki ish kuni ichida. 2. NNT bilan kelishilgan holda milliy hamkorni biriktirganligi haqida milliy hamkor sifatida biriktirilgan tashkilotni xabardor qiladi. 2. Milliy hamkor biriktirilgandan keyin ikki ish kuni ichida. 5-bosqich Milliy hamkor NNT bilan birgalikda Milliy hamkor grant loyihasini amalga oshiruvchi NNT bilan birgalikda hamkor tashkilotlarni jalb qilgan holda”yoʻl xaritasi” loyihasini ishlab chiqadi. Bunda: qiymati BHMning 2000 baravarigacha boʻlgan grant loyihasi boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi milliy hamkor va NNT tomonidan tasdiqlanib, ijroga qaratiladi; qiymati BHMning 2000 baravari va undan yuqori boʻlgan grant loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasi tasdiqlash uchun Adliya vazirligiga yuboriladi. Milliy hamkor uning muayyan grant loyihasiga biriktirilganligi haqida Adliya vazirligining xabarnomasi kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni ichida 6-bosqich Adliya vazirligi “Yoʻl xaritasi” loyihasini koʻrib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kelishish uchun yuboradi. “Yoʻl xaritasi” loyihasi tasdiqlash uchun kiritilgandan boshlab ikki ish kuni ichida 7-bosqich Vazirlar Mahkamasi Qiymati BHMning 2000 baravari va undan yuqori boʻlgan grant loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” loyihasini koʻrib chiqib, kelishib beradi. Besh ish kuni ichida 8-bosqich Milliy hamkor Grant loyihasini amalga oshirish samaradorligi boʻyicha Adliya vazirligiga maʼlumot kiritadi. “Yoʻl xaritasi” ijrosi yakuni boʻyicha oʻn ish kuni ichida 9-bosqich Adliya vazirligi Grant loyihasini amalga oshirish samaradorligi boʻyicha kelib tushgan maʼlumotlarni ikki ish kuni ichida koʻrib chiqib, Adliya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga axborot uchun kiritadi. Besh ish kuni ichida
Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
NAMUNA _________________________________________________________________ tomonidan _________________________________________________ dan olinadigan pul mablagʻlari (mahalliy NNT nomi) (chet ellik shaxs F.I.O yoki tashkilot nomi) doirasida amalga oshiriladigan xalqaro grant loyihasini amalga oshirish boʻyicha “YOʻL XARITASI” T/r Tadbir nomi Tadbir maqsadi Amalga oshirish mexanizmi Sarflanadigan pul mablagʻi summasi (ming soʻm) yoki boshqa mol-mulk (turi, rusumi, hajmi, miqdori va boshqa belgilari) Amalga oshirish hududi Amalga oshirish muddati Maqsadli auditoriya (tadbirlarga jalb qilinadigan aholi qatlami) Ishtirok etuvchi chet el fuqarolari soni Amaliy yordam koʻrsatuvchi hamkor tashkilotlar 1 2 3 4 5 6 7 8 9 1. 2. 3.
Mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarining xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda davlat boshqaruvi organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
NAMUNA ________________________________________________________________ tomonidan __________________________________________________ dan olinadigan pul mablagʻlari (mahalliy NNT nomi) (chet ellik shaxs F.I O yoki tashkilot nomi) doirasida amalga oshirilgan xalqaro grant loyihasi boʻyicha MAʼLUMOT T/r Pul mablagʻini beruvchi chet ellik shaxs Pul mablagʻi olingan sana Milliy hamkor Hamkor tashkilotlar Loyiha nomi Loyihaning umumiy mazmuni (maqsadi) Loyiha summasi (soʻm yoki chet el valyutasida) Loyiha davomiyligi (amalga oshirish davri koʻrsatiladi) Loyiha doirasida amalga oshirilgan tadbirlar 1 2 3 4 5 6 7 8 9 1. 2. 3. 4.
