21-modda. Abonent pochta javonlari va yakka tartibdagi pochta qutilari
Pochta aloqasi toʻgʻrisida (O‘RQ-777-son) · Sana: 09.06.2022 · Amalda
Xat-xabarlarni, davriy bosma nashrlarni, pochta va kuryerlik joʻnatmalari kelib tushganligi toʻgʻrisidagi xabarnomalarni adresatlarga yetkazib berish uchun moʻljallangan qulflanadigan qutichalardan iborat maxsus javon abonent pochta javonidir.
Abonent pochta javonlari koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatlariga bu uylar qurilayotgan paytda qurilish tashkilotlari tomonidan oʻrnatiladi. Abonent pochta javonlarini olishga va oʻrnatishga doir xarajatlar loyiha tashkiloti tomonidan koʻp kvartirali uylarning qurilish loyiha-smeta hujjatlariga kiritiladi.
Aholi punktlarining yakka tartibdagi imoratlar qurilgan hududlarida pochta joʻnatmalarini yetkazib berish uchun qulay boʻlgan joylarda yakka tartibdagi pochta qutilari yakka tartibda qurilgan uylarning mulkdorlari tomonidan oʻz hisobidan oʻrnatiladi.
Abonent pochta javonlarini, yakka tartibdagi pochta qutilarini yaroqli holatda saqlab turish tegishincha uy-joy fondi tasarrufida boʻlgan tashkilotlar va (yoki) boshqaruvchi tashkilotlar (boshqaruvchi) tomonidan, uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki uylarning (koʻp kvartirali uylarning turar joylari) mulkdorlari tomonidan amalga oshiriladi.
