35-modda. Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining reklamasi
Reklama toʻgʻrisida (O‘RQ-776-son) · Sana: 07.06.2022 · Amalda
Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining reklamasi:
ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi;
ularni qoʻllash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi;
ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi;
sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining tadqiqotlar oʻtkazilganligi, davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qoʻllash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
voyaga yetmaganlar olishi yoki isteʼmol qilishi taqiqlangan ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.
Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.
Ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasi boʻyicha ragʻbatlantiruvchi aksiyalar oʻtkazish taqiqlanadi.
