17-modda. Voyaga yetmaganlarni reklamada himoya qilish
Reklama toʻgʻrisida (O‘RQ-776-son) · Sana: 07.06.2022 · Amalda
Voyaga yetmaganlarni ularning ishonchini va tajribasi yetishmasligini suiisteʼmol qilishlardan himoya etish maqsadida reklamada quyidagilar taqiqlanadi:
voyaga yetmaganlarning isteʼmol qilishi taqiqlangan tovarlarni isteʼmol qilayotgan yoki ulardan foydalanayotgan voyaga yetmaganlarning tasvirlaridan foydalanish;
xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan oʻz sogʻligiga zarar yetkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga yetmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;
voyaga yetmaganlarni tovarlarni olishga daʼvat qilish yoki reklama qilinayotgan tovarlarni olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga undash;
haqiqiy yoki oʻyinchoq quroldan foydalanish;
ota-onalar va tarbiyachilarni obroʻsizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga boʻlgan ishonchiga putur yetkazish;
voyaga yetmaganlar olishi yoki isteʼmol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan telekanallarda, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.
