Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (290-son)
01.06.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 21-yanvardagi PF-54-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 21-yanvardagi PF-54-son Farmonining 1-bandiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari tashkil etilganligi hamda ularning daromadlarini shakllantirish manbalari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish hamda jamgʻarmalar mablagʻlarini boshqarish tartibi;
jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari prognozini hamda ularning mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan infratuzilma loyihalarining manzilli dasturini shakllantirish va tasdiqlash, shuningdek, jamgʻarmalar mablagʻlarini sarflash tartibi;
yirik investitsiya loyihalari hamda yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlari tashkil etiladigan yer maydonlari uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish tartibi;
jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish, hisobotini olib borish hamda nazorat qilish masalalari.
3. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 1-iyun,
290-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 290-son qaroriga ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari (keyingi oʻrinlarda — jamgʻarmalar) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarmalar yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarida (keyingi oʻrinlarda — mahalliy hokimliklar) tashkil etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
infratuzilma loyihalari — “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va davlat uy-joy dasturlarida nazarda tutilgan boshqa massivlar, maxsus iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari, yirik investitsiya loyihalari, yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash (qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash) ishlari, shuningdek, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tadbirlari;
Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda viloyatlar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari;
yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlari — xalqaro va respublika ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari boʻyidagi 5 gektardan kam boʻlmagan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yaxlit yer maydonlarida tashkil etiladigan kompleks xizmat koʻrsatish obyektlari;
yirik investitsiya loyihalari — qiymati 200 mlrd soʻmdan oshadigan, investorning oʻz mablagʻlari ulushi 25 foizdan kam boʻlmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalar;
ichki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari — Direksiyalarning (massivlar, obyektlar) bosh rejalariga muvofiq Direksiyalarning chegarasidan ularning hududidagi ishlab chiqarish maydonlari (obyektlar, lotlar) chegarasigacha ichimlik suvi va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini tortish hamda avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash ishlari;
talabgorlar — qiymati 200 mlrd soʻmdan oshadigan, oʻz mablagʻlari ulushi 25 foizdan kam boʻlmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshiruvchi xorijiy va mahalliy investorlar;
tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari — infratuzilma loyihasini amalga oshirish doirasida eng yaqin markazlashtirilgan tarmoqlardan ishlab chiqarish maydonlarining chegarasigacha ichimlik va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini tortish hamda avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash ishlari;
taʼminotchi tashkilotlar — “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Hududgaztaʼminot” AJ, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va ularning hududiy tashkilotlari;
shaharsozlik hujjatlari — aholi punktlari bosh rejalari, hududlarning maʼmuriy-rejalashtiruv topshiriqlari va batafsil rejalashtirish loyihalari.
4. Jamgʻarmalar mablagʻlari Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida belgilangan tartibda mahalliy darajada ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi hamda ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi.
5. Infratuzilma loyihalarini jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxema asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish
6. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishdan hamda yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushadigan mablagʻlarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan xarajatlar chegirib qolinganidan soʻng qolgan qismining 70 foizi;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
“Yangi Oʻzbekiston” massivlari, davlat uy-joy dasturlarida nazarda tutilgan massivlar, yirik investitsiya loyihalari, yoʻlboʻyi infratuzilma obyektlari, drayver loyihalarni amalga oshirish hamda yangi yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish uchun ularni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash (qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash) ishlari;
maxsus iqtisodiy zonalar, kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari, “Business city” markazlarini ularning bosh rejasiga asosan ichki va tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash ishlari (qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash) hamda ushbu Nizomning 351-bandida koʻrsatilgan xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq tanlab olingan ogʻir toifadagi tumanlarni kompleks rivojlantirish dasturlariga hamda “ogʻir” mahallalarning “islohot dasturi”ga kiritilgan ijtimoiy va tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishni moliyalashtirish.
3-bob. Jamgʻarmalar mablagʻlarini boshqarish
8. Jamgʻarmalar mablagʻlarini boshqarish Iqtisodiyot va moliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
9. Jamgʻarmalar mablagʻlarini boshqarishda Iqtisodiyot va moliya vazirligining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari prognozini hamda ularning bajarilishi toʻgʻrisida choraklik va yillik hisobotni tayyorlash;
jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalarining manzilli dasturlari loyihasini koʻrib chiqish va belgilangan tartibda kelishilishini taʼminlash;
jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlarini yil (chorak, oy) boʻyicha koʻrib chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlash;
jamgʻarmalar faoliyati yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish;
zarurat boʻlganda joylarga chiqqan holda infratuzilma loyihalarining manzilli dasturlarini shakllantirishda ishtirok etish.
10. Jamgʻarmalar mablagʻlarini boshqarishda Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari prognozini hamda ularning bajarilishi toʻgʻrisidagi choraklik va yillik hisobotni tayyorlash va Iqtisodiyot va moliya vazirligiga belgilangan muddatlarda taqdim etish;
jamgʻarmalar hisobidan moliyalashtiriladigan infratuzilma loyihalari boʻyicha ushbu Nizomda koʻrsatilgan buyurtmachilar tomonidan kiritilgan manzilli roʻyxatlarni koʻrib chiqish va belgilangan tartibda kelishilishini taʼminlash;
kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari Direksiyalari xodimlarini ragʻbatlantirish, “Business city” markazlarini saqlash xarajatlarini koʻrib chiqish;
joylarga chiqqan holda infratuzilma loyihalarining manzilli dasturlarini shakllantirishda ishtirok etish;
buyurtmachilar tomonidan bajarilgan ishlar toʻgʻrisida taqdim etiladigan hisobotlarga koʻra infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish ishlarining monitoringini olib borish.
Bunda buyurtmachilar tomonidan jamgʻarmalar mablagʻlarining sarfi boʻyicha tegishli hisobotlar taqdim etilmagan taqdirda, buyurtmachi rahbariyatini yozma xabardor qilgan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari jamgʻarmalardan xarajatlarni moliyalashtirishni (toʻlashni) ushbu hisobotlar talab darajasida taqdim etilgunga qadar vaqtinchalik cheklab qoʻyishga haqli.
4-bob. Jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari prognozini shakllantirish
11. Jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, koʻrib chiqish va tasdiqlash ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi parametrlari loyihasini tayyorlash bilan bogʻliq holda amalga oshiriladi.
12. Mahalliy hokimliklar har yili 1-iyunga qadar kelgusi yil uchun jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari boʻyicha prognozini tasdiqlab, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
5-bob. Jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan infratuzilma loyihalarining manzilli dasturini shakllantirish va tasdiqlash
14. Jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan infratuzilma loyihalarining manzilli dasturi ushbu Nizomda belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kelishish uchun kiritiladi.
15. Infratuzilma loyihalarining manzilli dasturini shakllantirishda Iqtisodiyot va moliya vazirligining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
mahalliy hokimliklar tomonidan kiritilgan jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalarining manzilli dasturlari loyihasini belgilangan tartibda koʻrib chiqish;
zarurat boʻlganda joylarga chiqqan holda infratuzilma loyihalarining manzilli dasturlarini shakllantirishda ishtirok etish hamda qurilish-montaj ishlari boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish.
16. Infratuzilma loyihalarining manzilli dasturini shakllantirishda Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalarining manzilli dasturlari loyihasini shakllantirish, Nizom doirasida hududdagi ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirishga turtki boʻladigan loyihalar boʻyicha takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etishga hamda tegishli yoʻnalishda asoslangan takliflar berishga haqli;
infratuzilma loyihalarining manzilli dasturlari loyihasini tegishli hududiy tashkilotlar va taʼminotchi tashkilotlar bilan kelishish;
jamgʻarmalar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar boʻyicha ushbu Nizomda koʻrsatilgan buyurtmachilar tomonidan kiritilgan manzilli roʻyxatlarni koʻrib chiqish va belgilangan tartibda kelishish;
tasdiqlangan manzilli dasturlarda nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha buyurtmachi tashkilotlar tomonidan kiritilgan maʼlumotlarga asosan infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi boʻyicha tizimli monitoring yuritish;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har oyda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga axborot kiritib borish.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari har yili Oʻzbekiston Respublikasining Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi tasdiqlangandan soʻng hisobot yilining 20-yanvariga qadar jamgʻarma daromadlari prognozi doirasida infratuzilma loyihalarining manzilli dasturi loyihasini tayyorlaydi hamda uni hisobot yilining 1-fevraliga qadar tegishli taʼminotchi tashkilotlar bilan kelishgan holda mahalliy hokimliklarga kiritadi.
18. Mahalliy hokimliklar hisobot yilining 15-fevraliga qadar jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari boʻyicha manzilli dasturlar loyihasini Iqtisodiyot va moliya vazirligiga koʻrib chiqish va kelishish uchun kiritadi.
19. Mahalliy hokimliklar hisobot yilining 1-martiga qadar infratuzilma loyihalari boʻyicha manzilli dasturlar loyihasini Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishganidan soʻng uni tasdiqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etadi.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari tomonidan jamgʻarmalarga haqiqatda tushgan mablagʻlardan kelib chiqib, mahalliy hokimliklar takliflari asosida infratuzilma loyihalari boʻyicha manzilli dasturlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Bunda mahalliy hokimliklarning takliflari Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan kelishiladi.
6-bob. Jamgʻarmalar mablagʻlarini sarflash tartibi
22. Jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari boʻyicha buyurtmachi vazifasi:
ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — “Oʻzsuvtaʼminot” AJ huzuridagi “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi;
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidagi tegishli buyurtmachilar;
elektr energiyasi bilan taʼminlash ishlari boʻyicha — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy tashkilotlari va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning hududiy filiallari;
tabiiy gaz yetkazib berish ishlari boʻyicha — “Hududgaztaʼminot” AJning va “Oʻztransgaz” AJning hududiy filiallari;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan tadbirlarga buyurtmachi vazifasi boshqa tashkilotlarga ham yuklatilishi mumkin.
23. Mahalliy hokimliklar hisobot yilining 10-apreliga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari qaroriga asosan infratuzilma loyihalarining manzilli dasturi tasdiqlangandan soʻng jamgʻarmalarga haqiqatda tushgan mablagʻlar doirasida buyurtmachilarga (taʼminotchi tashkilotlarga) loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda tender va tanlovlarni oʻtkazish uchun tegishli koʻrsatmalarni yuboradi.
24. Buyurtmachi tashkilotlar (taʼminotchi tashkilotlar) hisobot yilining 20-mayiga qadar tasdiqlangan manzilli dasturga asosan infratuzilma loyihalari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda bosh pudrat tashkilotini aniqlaydi.
25. Ichimlik va oqova suv tarmoqlarini, avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari uchun mablagʻlar belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan qurilishlarning tasdiqlangan manzilli roʻyxatlariga muvofiq belgilangan tartibda pudrat (loyiha) tashkilotlariga ajratiladi.
26. Elektr energiyasi va gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan tegishli ravishda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy tashkilotlari va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning hududiy filiallari hamda “Hududgaztaʼminot” AJ va Oʻztransgaz” AJning hududiy filiallariga tasdiqlangan loyiha smeta-hujjatlariga asosan 5 foiz stavkada uch yil muddatda qaytarish sharti bilan bir yoʻla ajratiladigan ssuda hisobidan amalga oshiriladi.
27. Jamgʻarma mablagʻlari hisobiga infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan manzilli roʻyxatlar hamda ssuda shartnomalari asosida, xarajatlar smetalarida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
28. Mahalliy hokimliklar hisobot yilining 1-iyuniga qadar Ichimlik va oqova suv tarmoqlarini hamda avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha manzilli roʻyxatlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari bilan kelishgan holda tasdiqlaydi.
29. Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari xarajatlar grafigi boʻyicha tasdiqlangan manzilli roʻyxatlar va ssuda shartnomalariga asosan belgilangan tartibda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirib boradi.
30. Jamgʻarma hisobvaraqlaridagi mablagʻlarni ushbu Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlar uchun, shu jumladan, vaqtincha olib qoʻyish taqiqlanadi.
Jamgʻarmalarning foydalanilmagan hamda buyurtmachilarning majburiyatlari boʻyicha qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari yuzasidan toʻliq moliyalashtirilmagan mablagʻlar Davlat budjetiga olib qoʻyilmaydi va kelgusi yilga oʻtkazilib, maqsadli ravishda sarflanadi.
7-bob. Yirik investitsiya loyihalarining tashqi muhandislik tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish tartibi
31. Yirik investitsiya loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha:
talabgorlar tomonidan murojaat etish, murojaatlarni koʻrib chiqish, investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari boʻyicha ekspertiza xulosasini olish hamda ijobiy xulosalar berilgan investitsiya loyihalari roʻyxatini tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Investitsiya loyihalarini tashqi infratuzilma bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 25-avgustdagi PQ-5233-son qaroriga muvofiq belgilangan tartib asosida;
jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan yirik investitsiya loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha manzilli dasturni tasdiqlash va xarajatlarni amalga oshirish mazkur Nizom talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
311. Yangi massiv hududlarini shaharsozlik jihatidan rejalashtirish ishlariga loyiha tashkilotlarini jalb qilish boʻyicha xarajatlarning 30 foizigacha qismi jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
8-bob. Yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlari tashkil etiladigan yer maydonlarini tanlash hamda u yerda tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish tartibi
32. Mahalliy hokimliklar:
a) yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlari tashkil qilinadigan yer uchastkalarining roʻyxatini markazlashtirilgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda eng yaqin hududlarni hisobga olgan holda shakllantiradi;
b) roʻyxatga kiritilgan yer uchastkalarining har biri boʻyicha iqtisodiy samaradorligi, joylashtiriladigan xizmat koʻrsatish obyektlari turi va soni hamda ularda yaratiladigan ish oʻrinlarini nazarda tutgan holda yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarining konsepsiyalarini ishlab chiqadi va kelishish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritadi.
Bunda yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarini tashkil etish va tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan taʼminlashning iqtisodiy-moliyaviy samaradorligini baholash va uni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini belgilash, infratuzilma xarajatlari uchun talab etiladigan mablagʻlarning dastlabki hisob-kitoblarini amalga oshirish, yer uchastkalarining boshlangʻich narxlarini belgilash mahalliy hokimliklar tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalari va taʼminotchi tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
33. Iqtisodiyot va moliya vazirligi yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarining konsepsiyalarini koʻrib chiqib 15 kun muddatda oʻz xulosasini mahalliy hokimliklarga yuboradi.
34. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ijobiy xulosalar taqdim etilgan yer uchastkalari mahalliy hokimliklar tomonidan loyiha konsepsiyasi bilan yaxlit yoki lotlarga boʻlingan holda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.
Bunda yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan belgilangan tartibda taʼminlab berish (qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash) va yer uchastkalarining boshlangʻich narxlari infratuzilma xarajatlarini hisobga olgan holda belgilanadi.
35. Yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarining maydonigacha tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish yoʻl boʻyi infratuzilma obyektlarining belgilangan konsepsiya asosida (ishga tushirish bosqichining) loyiha qiymatining kamida 50 foizi oʻzlashtirilgan taqdirda mazkur Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
81-bob. Jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan Direksiyalar xarajatlarini moliyalashtirish tartibi
351. “Business city” markazlarining quyidagi xarajatlari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi:
yer uchastkalari va boshqa mol-mulk olib qoʻyilishi, uy-joylar, noturar joy bino va inshootlar buzilishi sababli mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash;
hududlar tozalanishi, yer ishlari bajarilishi, muhandislik va transport kommunikatsiyalarining maydon ichki tarmoqlari qurilishi, umumiy foydalaniladigan hududlar obodonlashtirilishi;
reklama kampaniyalari va taqdimot tadbirlari oʻtkazilishi, shuningdek, mahalliy, xorijiy konsalting va arxitektura kompaniyalari xizmatlari uchun xarajatlar;
Direksiyalarni saqlash va xodimlar mehnatiga haq toʻlash xarajatlari.
Ushbu xarajatlar uchun mablagʻlar Direksiyalarning hisobraqamlarida homiylar mablagʻlari, kreditlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tushirilgan mablagʻlar yetishmagan taqdirda, Direksiyalarning talabnomasiga asosan oʻtkaziladi.
Bunda Direksiyalarni saqlash xarajatlari tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq ajratiladi.
352. Maxsus iqtisodiy zonalar, kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari Direksiyalari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan zonalarda infratuzilma yaratish, bosh rejalarni ishlab chiqish xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, Yagona Direksiyalar xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha taklif va talabnomalar kiritishi mumkin.
Bunda Yagona Direksiyalar xodimlarini ragʻbatlantirish hisobot davrida (har chorak) erishilgan moliyaviy-iqtisodiy natijalarga asosan (balansdagi boʻsh maydonlarga investitsiya loyihalarining joylashtirilishi, elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan boʻsh yer maydonlari, ijara toʻlovlarining undirilishi, pulli xizmatlar koʻrsatilishi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari qaroriga asosan amalga oshiriladi.
353. Direksiyalarning yerlarini realizatsiya qilish hisobidan jamgʻarmalarga oʻtkazilgan mablagʻlar tegishli Direksiyalar xarajatlariga yoʻnaltiriladi.
Infratuzilma obyektlari ushbu Nizomda belgilangan tartibda moliyalashtiriladi (“Business city” markazlari Direksiyalari bundan mustasno).
9-bob. Jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish, hisobotini olib borish va nazorat qilish
36. Iqtisodiyot va moliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisida hisob va hisobotlarni qonunchilikda belgilangan tartibda yuritadi.
37. Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalari:
a) belgilangan tartibda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishdan hamda yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushadigan mablagʻlarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan xarajatlar chegirib qolinganidan soʻng qolgan qismining 70 foizi va kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari, “Business city” markazlari yerlarini realizatsiya qilishdan jamgʻarmalarga oʻtkazilishi belgilangan mablagʻlarni oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishini taʼminlaydi;
b) ushbu bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan tushumlardan jamgʻarmalarga oʻtkazilishi lozim boʻlgan mablagʻlar va ushbu mablagʻlardan yuzaga kelgan qarzdorliklar boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalariga har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10-kuniga qadar hisobot (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalar bilan uzatish dasturi joriy etilgan boʻlsa) taqdim etadi.
38. Buyurtmachi tashkilotlar jamgʻarmalardan ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishi boʻyicha tegishli hisobotlarni (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalari bilan uzatish dasturi joriy etilgan boʻlsa) Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalariga har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-kuniga qadar taqdim etadi.
39. Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari jamgʻarmalardan moliyalashtirilgan xarajatlar boʻyicha tegishli hisobotlarni (elektron tarzda, agar elektron aloqa vositalari bilan uzatish dasturi joriy etilgan boʻlsa) har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 8-kuniga qadar Moliya vazirligiga taqdim etadi.
40. Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etilgan tegishli hisobot va maʼlumotlar asosida jamgʻarmalardan ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishi yuzasidan monitoring olib boradi hamda har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 15-kuniga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.
41. Jamgʻarmalardan ajratilgan mablagʻlarning shaffofligini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hokimliklari infratuzilma loyihalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash boʻyicha manzilli dasturlar, loyiha va pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar hamda foydalanishga topshirilgan obyektlar toʻgʻrisidagi axborotlarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, belgilangan tartibda rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boradi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
42. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
43. Jamgʻarmalar mablagʻlarining maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
44. Jamgʻarmalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tugatiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Infratuzilma loyihalarini jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarChora-tadbirlarMuddatlar1-bosqichQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariKelgusi yil uchun jamgʻarmalar daromadlari va xarajatlari prognozini tasdiqlab, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadiHar yili 1-iyunga qadar2-bosqichIqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalariOʻzbekiston Respublikasining Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi tasdiqlangandan soʻng jamgʻarma daromadlari prognozi doirasida infratuzilma loyihalarining manzilli dasturi loyihasini tayyorlaydiHisobot yilining 20-yanvariga qadar3-bosqichIqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalariInfratuzilma loyihalarining manzilli dasturi loyihasini tegishli taʼminotchi tashkilotlar bilan kelishgan holda mahalliy hokimliklarga kiritadi.Hisobot yilining 1-fevraliga qadar4-bosqichQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariInfratuzilma loyihalarining manzilli dasturlari loyihasini Iqtisodiyot va moliya vazirligiga koʻrib chiqish va kelishish uchun kiritadi.Hisobot yilining 15-fevraliga qadar5-bosqichQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariInfratuzilma loyihalari boʻyicha manzilli dasturlar loyihasini Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishganidan soʻng tasdiqlash uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga kiritadi.Hisobot yilining 1-martiga qadar6-bosqichQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariQoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari qaroriga asosan infratuzilma loyihalarining manzilli dasturi tasdiqlangandan soʻng jamgʻarmalarga haqiqatda tushgan mablagʻlar doirasida buyurtmachilarga (taʼminotchi tashkilotlarga) loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda tender va tanlovlarni oʻtkazish uchun tegishli koʻrsatmalarni yuboradi.Hisobot yilining 10-apreliga qadar7-bosqichBuyurtmachi tashkilotlar(taʼminotchi tashkilotlar)Tasdiqlangan manzilli dasturga asosan infratuzilma loyihalari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda bosh pudrat tashkilotini aniqlaydi.Hisobot yilining 20-mayiga qadar8-bosqich“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ,“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ,“Hududgaztaʼminot” AJ va “Oʻztransgaz” AJning hududiy filiallariElektr energiyasi va gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan tegishli shartnoma tuzgan holda budjet ssudasi olinadi.Manzilli dastur tasdiqlangandan soʻngQoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariIchimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini hamda avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha manzilli roʻyxatlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.9-bosqichIqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy boshqarmalariTasdiqlangan manzilli roʻyxatlar va ssuda shartnomalariga asosan belgilangan tartibda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirib boradi.Xarajatlar grafigi boʻyicha
