Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (2122-IV-son)
20.05.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qoʻshma
Qoʻshma qarori
Mamlakatimizni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida oʻtgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalari tubdan isloh qilindi.
Jamiyat va davlat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini va inson huquqlarini taʼminlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Mazkur islohotlar natijasida mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslari yaratildi.
Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijadorligini oshirish koʻp jihatdan yangilanishlarning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, jamiyat va davlat boshqaruvi sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirishni taqozo etadi.
Oʻtgan yili boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonida keng jamoatchilik tomonidan Bosh qomusimizga oʻzgartirishlar kiritish, uni bugungi kun talablari darajasiga olib chiqish borasida koʻplab takliflar ilgari surilgan edi. Bular xalqimizning mamlakatda boʻlayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarga befarq emasligini, islohotlarning faol ishtirokchisi boʻlishga intilayotganligini yaqqol koʻrsatdi.
Ushbu takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning lavozimiga kirishish marosimidagi nutqi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligiga bagʻishlangan bayram tabrigida ham oʻz aksini topgan edi.
Bosh qomusimizda “inson — jamiyat — davlat”, “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini taʼminlash bosh mezon boʻlishini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini konstitutsiyaviy darajaga koʻtarish kabi masalalar tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng koʻlamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shularni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yanada takomillashtirish masalasi partiyalarning maqsad va vazifalari hamda saylovoldi dasturlari bilan hamohang ekanligidan kelib chiqib konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish tashabbusini ilgari surishmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi va Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish boʻyicha tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy komissiya deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Konstitutsiyaviy komissiya:
bir hafta muddatda oʻz tashkiliy yigʻilishini oʻtkazib, belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha komissiya aʼzolari oʻrtasidagi vazifalar taqsimotini belgilasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga qaratilgan takliflarni olish, umumlashtirish va ularga javob qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini ishlab chiqsin hamda uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritsin;
bu boradagi tashkiliy-huquqiy ishlarni samarali va puxta amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida oʻz ish rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
oʻz faoliyatiga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, shuningdek soha ekspertlarini keng jalb qilsin;
jahon davlatlari konstitutsiyaviy tajribasini chuqur va har tomonlama oʻrgansin;
keng jamoatchilik fikri, jahon konstitutsiyaviy tajribasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan har tomonlama asoslantirilgan qonun loyihasini tayyorlasin;
bir oy muddatda ushbu qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlariga koʻrib chiqish uchun taqdim etsin.
5. Konstitutsiyaviy komissiyaning matbuot xizmati tashkil etilsin.
6. Matbuot xizmati (O. Tojiyev):
mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalari, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini taʼminlasin.
7. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
8. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-may,
2122-IV
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 20-may,
KQ-347-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022-yil 20-maydagi 2122-IV/KQ-347-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya
TARKIBI
Konstitutsiyaviy komissiya raisi 1. Saidov Akmal Xolmatovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Konstitutsiyaviy komissiya raisining oʻrinbosarlari 2. Kamalov Murat Kallibekovich — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari 3. Xaitov Aktam Axmadovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari 4. Qodirov Alisher Keldiyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari 5. Burxanov Kutbidin Nukritdinovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining raisi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari 6. Tojiyev Odiljon Fotihjon oʻgʻli — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi 7. Ibragimova Zuxra Ametovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari 8. Inoyatov Ulugʻbek Ilyasovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari 9. Gapporov Xayrillo Lutpillayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari 10. Shirinov Djahongir Djabborovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining raisi 11. Nazarov Sharofiddin Xakimovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining raisi 12. Salixov Erkin Tagirovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining raisi 13. Abdullayev Ilhom Zoirovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasining raisi 14. Kadirxanova Malika Akbarovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining raisi 15. Tajiyev Baxadir Sadullayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining raisi 16. Umarov Nariman Madjitovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitasining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining raisi 17. Alixanov Boriy Batirovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Orol boʻyicha mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining raisi 18. Polvanov Shuxrat Tagaymuratovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 19. Djoʻrayev Qodir Asadovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 20. Kudratov Inomjon Sattarkulovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 21. Choʻlliyev Shuxrat Askarovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, Yigʻma axborot-tahlil guruhi aʼzosi 22. Bekmurodov Bobur Mansurovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining aʼzosi 23. Pak Viktor Nikolayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining aʼzosi 24. Shadmanov Adxam Xursanbayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining aʼzosi 25. Xusanova Muxtabar Akbarovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining aʼzosi, Yigʻma axborot-tahlil guruhi aʼzosi 26. Kompolshik Elena Aleksandrovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining aʼzosi 27. Aripov Davron Raximovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasining aʼzosi 28. Karimov Tulkinjon Payziyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining aʼzosi 29. Xudayberdiyev Zafar Raximovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasining aʼzosi 30. Raxmankulov Mir-Akbar Xodji-Akbarovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining aʼzosi 31. Marufova Gulnora Maxmudovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining aʼzosi 32. Rafikov Kudratilla Mirsagatovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining aʼzosi 33. Turdiyev Sodiqjon — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining aʼzosi 34. Xalmuradov Rustam Ibragimovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining aʼzosi 35. Annaklicheva Gulistan Axmedovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasining aʼzosi 36. Pardayev Nusuratulla Markayevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining aʼzosi 37. Najmiddinov Ikromxon Xoshimxonovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining aʼzosi 38. Boʻtayeva Baxtigul Abraxmatovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining aʼzosi 39. Artukbayeva Xaytxan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining aʼzosi 40. Irkayev Abduraxim Pandjiyevich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasining aʼzosi 41. Orziyeva Dilbar Adizovna — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining aʼzosi 42. Mirakulov Mirafzal Mirodilovich — Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Huquq yoʻnalishidagi ilmiy-texnik Kengash raisining oʻrinbosari, Yigʻma axborot-tahlil guruhi rahbari 43. Xakimov Raxim Rasuljonovich — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari, Yigʻma axborot-tahlil guruhi aʼzosi 44. Muxtorov Nodir Ilxomjonovich — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma boshligʻi, Yigʻma axborot-tahlil guruhi aʼzosi 45. Ismailova Gulnoza Saydiganixodjayevna — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, Yigʻma axborot-tahlil guruhi aʼzosi 46. Abidxoʻjayev Umid Kutpitdinovich — Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining direktori, Yigʻma axborot-tahlil guruhi aʼzosi 47. Rustambayev Mirzayusup Xakimovich — Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining boshligʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022-yil 20-maydagi 2122-IV/KQ-347-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiya toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiyaning (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy komissiya deb yuritiladi) asosiy vazifalari va vakolatlarini, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Konstitutsiyaviy komissiyaning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni shakllantirish hamda tegishli qonun loyihasini ishlab chiqishdan iboratdir.
3. Konstitutsiyaviy komissiya oʻz faoliyati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlari (bundan buyon matnda Oliy Majlis palatalari Kengashlari deb yuritiladi) oldida hisobdordir.
4. Konstitutsiyaviy komissiya oʻz faoliyatini ochiq va oshkora tarzda amalga oshiradi.
5. Konstitutsiyaviy komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, davlat organlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining vakillaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
6. Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga oʻzgartish va qoʻshimchalar Oliy Majlis palatalari Kengashlarining Qoʻshma qarori bilan kiritiladi.
7. Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
II. Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari va vakolatlari
8. Konstitutsiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda jamoatchilikning takliflarini yigʻish;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni umumlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha yakuniy takliflarni shakllantirib, tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish.
Konstitutsiyaviy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
9. Konstitutsiyaviy komissiyaning vakolatlari quyidagilardan iborat:
Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini taʼminlash uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan qonun loyihasini tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallarni, statistika maʼlumotlarini hamda oʻzga maʼlumotlarni olish;
ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar hamda mutaxassislarning qonun loyihasi yuzasidan maslahatlari va tavsiyalarini, shuningdek ekspertlarning xulosalarini olish;
vazirliklarning, davlat qoʻmitalarining yoki idoralarning, boshqa manfaatdor davlat organlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini ekspert sifatida Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatiga jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan jamoatchilikning va ekspertlarning takliflarini olish, umumlashtirish, jamoatchilik muhokamasiga chiqarish;
jamoatchilikdan kelib tushgan takliflarni koʻrib chiqish jarayonida aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha tegishli davlat organlariga takliflar kiritish;
amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oliy Majlis palatalariga axborot kiritib borish;
Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarini xabardor qilib borish.
Konstitutsiyaviy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
III. Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini tashkil etish
10. Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Konstitutsiyaviy komissiya raisi:
Konstitutsiyaviy komissiyaning vakolatiga taalluqli boʻlgan masalalarni uning yigʻilishida koʻrib chiqish uchun kiritadi;
Konstitutsiyaviy komissiyaning yigʻilishini chaqiradi va unda raislik qiladi;
Konstitutsiyaviy komissiyaning qarorlarini tasdiqlaydi va ularning ijro etilishiga doir ishlarni tashkil etadi;
Konstitutsiyaviy komissiyaning aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Konstitutsiyaviy komissiyaning aʼzolari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishiga doir ishlarni muvofiqlashtirib boradi.
Konstitutsiyaviy komissiya raisi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11. Konstitutsiyaviy komissiya raisining oʻrinbosarlari Konstitutsiyaviy komissiya qarorlarining ijro etilishini nazorat qiladi, amalga oshirilgan ishlarning holati haqida Konstitutsiyaviy komissiya raisiga axborot beradi.
Konstitutsiyaviy komissiya raisining oʻrinbosarlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Konstitutsiyaviy komissiya raisi yoʻqligida uning vazifalarini Konstitutsiyaviy komissiya raisining oʻrinbosarlaridan biri bajarib turadi.
12. Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining tashkiliy shakli uning yigʻilishidir.
Konstitutsiyaviy komissiya yigʻilishi, agar unda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
13. Konstitutsiyaviy komissiyaning yigʻilishlari Komissiya raisi tomonidan zaruratga qarab, biroq oʻn kunda kamida bir marotaba chaqiriladi.
14. Konstitutsiyaviy komissiyaning barcha aʼzolari teng huquqqa va qaror qabul qilishda bittadan ovozga ega boʻladi.
15. Konstitutsiyaviy komissiya oʻz vakolatiga kiritilgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy xususiyatga ega qarorlar qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning qarorlari Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning raisi oxirgi boʻlib ovoz beradi va ovozlar teng boʻlib qolsa, uning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Konstitutsiyaviy komissiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalar lozim darajada bajarilishini taʼminlash maqsadida yigʻma axborot-tahlil guruhi tuziladi. Yigʻma axborot-tahlil guruhi Konstitutsiyaviy komissiyaning kotibiyati vazifasini bajaradi.
Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatiga koʻmaklashish maqsadida tegishli sohada katta nazariy va amaliy tajribaga ega boʻlgan shaxslardan iborat tarkibda ishchi guruhlar shakllantirilishi mumkin.
17. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kelib tushgan takliflar dastlab ishchi guruhlar muhokamasidan oʻtkazilib, ularning xulosasi olingandan soʻng Konstitutsiyaviy komissiyaning yigʻilishida koʻrib chiqiladi.
Konstitutsiyaviy komissiya koʻrib chiqilgan takliflar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qiladi.
18. Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining ommaviy axborot vositalarida yoritish tasdiqlangan media-reja asosida uning Matbuot xizmati tomonidan tashkil etiladi.
19. Konstitutsiyaviy komissiyaga takliflar ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin.
20. Konstitutsiyaviy komissiyaning yigʻilishlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Oliy Majlis palatalari devonlarining xodimlari, shuningdek koʻrib chiqilayotgan masalaga aloqador boʻlgan davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, olimlar, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari taklif etilishi mumkin.
IV. Yakunlovchi qoidalar
21. Konstitutsiyaviy komissiya Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha tegishli Oʻzbekiston Respublikasi qonuni rasmiy eʼlon qilingandan soʻng oʻz faoliyatini tugatadi.
Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati Oliy Majlis palatalari Kengashlarining Qoʻshma qarori bilan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
