3-modda. Senat faoliyatining tashkiliy shakli
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida (523-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Senat faoliyatining tashkiliy shakli uning zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʻtkaziladigan majlislaridir.
Senat majlislari, agar ularning ishida senatorlar umumiy sonining yarmidan koʻpi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunlarini maʼqullash, ularga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqishda senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlishi shart.
Senatning majlislari ishini tashkil etish uchun ushbu majlislarda majlisning kotibiyati, sanoq komissiyasi va ovozlarni hisoblashning elektron tizimidan foydalanish ustidan nazorat guruhi saylanadi.
Senatning birinchi majlisi Senat shakllantirilganidan keyin bir oydan kechiktirmay oʻtkaziladi. Mazkur majlisni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi ochadi va Senat Raisi saylangunga qadar unda raislik qiladi.
Senatning birinchi majlisida uning faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqiladi, shu jumladan, qoida tariqasida:
Senat Raisi va uning oʻrinbosarlari saylanadi;
Senatning qoʻmitalari tuziladi.
Senatning navbatdan tashqari majlislari Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Senatning Raisi taklifiga yoki senatorlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Senatning majlislari ochiq, oshkora oʻtkaziladi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi. Senatning qaroriga binoan yopiq majlislar ham oʻtkazilishi mumkin.
Senat va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi), qoida tariqasida, alohida-alohida majlis oʻtkazadi.
Qonunda belgilangan hollarda palatalarning qoʻshma majlislari oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Senat Raisining, Qonunchilik palatasi Spikerining taklifiga yoki tegishincha senatorlar yoxud Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
