16-modda. Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunni koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida (523-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun (bundan buyon matnda Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun deb yuritiladi) Senatning koʻrib chiqishi uchun topshiriladi va Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqiladi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun va budjetnoma Senat majlisida koʻrib chiqilgunga qadar oldindan senatorlarga yuboriladi.
Senatning majlisida Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning maʼruzasi bilan boshlanadi.
Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonun Senat tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-dekabridan kechiktirmay maʼqullanadi.
