Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada faollashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida (2065-IV-son)
25.04.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi oʻrinbosari A. Saidovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada faollashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan mamlakatimiz parlamentining Parlamentlararo Ittifoq (PAI), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi (EXHT PA), Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA) kabi nufuzli parlamentlararo tashkilotlar bilan koʻp qirrali va samarali hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari kengashlarining 2021-yil 28-apreldagi “Parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada faollashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qoʻshma qarori qabul qilingan boʻlib, oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining (bundan buyon matnda Oliy Majlis deb yuritiladi) ushbu parlamentlararo tashkilotlar bilan oʻzaro aloqalari yangi bosqichga koʻtarildi.
Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish doirasida Qonunchilik palatasi deputatlarining xalqaro parlament tashkilotlaridagi ishtiroki bugungi kunda muntazamlik kasb etib, ularda mamlakatimiz parlamenti vakillaridan iborat doimiy delegatsiyalar faoliyat olib bormoqda.
Ushbu delegatsiyalar tarkibidagi Qonunchilik palatasining 9 nafar deputati PAI, EXHT PA, MDH PA kabi qator parlamentlararo tashkilotlarning qoʻmitalari va komissiyalari aʼzoligiga saylangan boʻlib, ushbu parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlik muhim ahamiyatga egadir.
Oʻtgan vaqt davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) ushbu nufuzli parlamentlararo tuzilmalar rahbarlari hamda vakillari bilan 3 ta uchrashuv oʻtkazildi, shuningdek xalqaro parlamentlararo tuzilmalar ishchi organlarining 20 dan ziyod yigʻilishida deputatlar faol ishtirok etdi.
Jumladan oʻtgan davrda PAI bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratildi. 2021-yilda PAI Bosh kotibi M. Chungong mamlakatimizga tashrif buyurib, Oliy Majlis palatalarining rahbarlari bilan uchrashdi. Boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda hamkorlikni yanada kengaytirish va aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.
PAI Bosh kotibining mamlakatimizga tashrifi doirasida, shuningdek PAI bilan hamkorlikda Yoshlar forumi tashkil etildi. Ushbu forum Parlamentlararo Ittifoq hamda Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi, Oliy Majlis palatalarining Yoshlar parlamentlari aʼzolari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muloqot oʻrnatish, oʻzaro fikr almashish imkonini yaratdi. Uchrashuvda yoshlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida, shu jumladan Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda erishilgan natijalar, yoshlarning davlat boshqaruvi va parlamentdagi ishtiroki masalalari keng muhokama etildi.
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari PAI Vitse-prezidenti sifatida ushbu nufuzli tashkilot boshqaruvida ishtirok etmoqda. Bundan tashqari Qonunchilik palatasining 3 nafar deputati PAI Demokratiya va inson huquqlari boʻyicha doimiy qoʻmitasining Barqaror rivojlanish boʻyicha doimiy qoʻmitasi hamda Yosh parlamentariylar forumi aʼzoligiga saylangan.
Parlamentlararo muloqot va hamkorlikni amalga oshirishda EXHT PA ham muhim rol oʻynaydi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining EXHT bilan Markaziy Osiyoda xavfsizlik, transmilliy tahdidlarga qarshi kurash, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, sarmoyaviy jozibadorlikni kuchaytirish, atrof-muhit muhofazasi, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston parlamenti EXHT PA bilan hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Qonunchilik palatasi vakillari EXHT PA ish jarayonida faol ishtirok etib, mazkur tuzilmaning doimiy qoʻmitalari yigʻilishlarida muhokamaga qoʻyilgan masalalar boʻyicha oʻz nuqtai nazarlarini milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, ularni yakuniy hujjatlarda aks ettirish maqsadida bildirib bormoqdalar.
Oliy Majlisning MDH PA bilan aloqalari ham izchil rivojlanib bormoqda. Qonunchilik palatasining bir qator deputatlari MDH PAning Ijtimoiy siyosat va inson huquqlari boʻyicha doimiy komissiyasi, Davlat qurilishi va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari tajribasini oʻrganish boʻyicha doimiy komissiyasi, Xavfsizlik sohasidagi qonunchilikni uygʻunlashtirish, yangi chaqiriqlar va tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha doimiy komissiyasi, Iqtisodiyot va moliya boʻyicha doimiy komissiyasi aʼzoligiga saylandi.
Oʻtgan davrda MDH PAda ishtirok etuvchi Oliy Majlis delegatsiyasi tarkibidagi Qonunchilik palatasi vakillaridan birining ikki marotaba Madaniyat, axborot, turizm va sport masalalari boʻyicha komissiya raisi etib saylanganligi deputatlarning mazkur tuzilmada nufuzli oʻringa ega ekanligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari Qonunchilik palatasining MDH PAning qonun ijodkorligi faoliyatidagi ishtiroki ham ancha jonlandi. Jumladan, MDH PA sessiyalari doirasida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan qator model qonun loyihalari hamda hujjatlar loyihalari yuzasidan Qonunchilik palatasi tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, mazkur tashkilotning kotibiyatiga taqdim etildi.
Shu bilan birga Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishni, xalqaro maydonda xorijiy davlatlar parlamentlari bilan oʻzaro aloqalar koʻlamini yanada kengaytirishni taqozo etmoqda.
Jumladan Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi kabi xalqaro parlament tuzilmalari bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi oʻrinbosari A. Saidovning “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada faollashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi:
parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada faollashtirish boʻyicha tasdiqlangan amaliy hamkorlik rejalari ijrosi yuzasidan Qonunchilik palatasi Kengashiga har chorakda maʼlumot kiritib borish;
PAI, EXHT PA hamda MDH PA bilan hamkorlikni aniq va uzoq muddatli ish rejalari asosida izchil davom ettirish;
xalqaro parlamentlararo tashkilotlarning ishchi organlariga Qonunchilik palatasi deputatlari nomzodlarini ilgari surish;
Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi kabi xalqaro parlament tuzilmalari bilan amaliy ahamiyatga ega boʻlgan oʻzaro aloqalarni mustahkamlash choralarini koʻrsin.
3. Qonunchilik palatasi Devonining Parlament axborot markazi Xalqaro aloqalar va protokol boʻlimi bilan birgalikda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlash borasidagi tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini taʼminlasin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 25-aprel,
2065-IV-son
