Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi SQ-361-IV-sonli Qarori ijrosi yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi direktorining axboroti haqida (SQ-523-IV-son)
28.04.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi Eshlar ishlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) direktorining “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi SQ-361-IV-sonli Senat Qarori ijrosi yuzasidan axborotini muhokama qilib, bir qator ishlar amalga oshirilganini qayd etadi:
Xususan, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda hududlarda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tegishli doimiy komissiyalari hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirokida Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimining mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan oʻquv seminarlari tashkil etilgan.
Reyting baholashga doir maʼlumotlarning markazlashgan elektron tizimini joriy etish boʻyicha yoshlarportali.uz platformasi joriy qilingan.
Davlat statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda hududlarni indikatorlar asosida reyting baholash metodikasi ishlab chiqilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan reyting baholashda eng yuqori natija koʻrsatgan uchta hudud rahbari hamda ularning yoshlar masalalariga masʼul boʻlgan oʻrinbosarlarini moddiy hamda maʼnaviy ragʻbatlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.
Yoshlar muammolarini mahallabay mexanizmi asosida tizimli bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini baholab borish maqsadida “Yoshlar daftari” elektron platformasi ishga tushirilgan va 8,4 milliondan ortiq yoshlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida “Yoshlar balansi” shakllantirilgan, mavjud 9 348 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati tashkil etilgan.
Yoshlar yetakchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) boʻyicha elektron baholash mexanizmi yoʻlga qoʻyilib, amalga oshirilgan ishlar 5 ta bosqichda mahalla — “sektor — tuman (shahar) — viloyat — respublika darajasida tegishli sohalar kesimida reyting baholab borilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi zarur boʻlgan ayrim kamchiliklar ham mavjud.
Xususan, Agentlikning quyi tuzilmalari tomonidan indikatorlar asosidagi reyting baholashga doir ishlar talab darajasida tashkil etilmagan, ushbu masala xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida koʻrib chiqilmagan.
Yoshlarga oid davlat siyosatiga taalluqli amaldagi uchta reyting baholash tizimi maqsad va vazifalari oʻxshashligi tufayli ularni oʻzaro muvofiqlashtirish hamda yagona onlayn baholash tizimini joriy etish zarurati mavjud.
Reyting tizimiga masʼul vazirlik va idoralar hamda mahalliy hokimliklar oʻrtasidagi hamkorlik yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagani oqibatida oʻzaro nomutanosib maʼlumotlar shakllanib, yoshlarga oid aniq va toʻgʻri statistika yuritilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Hududlarda reyting tizimi asosida tuman va shaharlar orasidan gʻoliblarni aniqlash hamda ularni ragʻbatlantirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
“Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Uzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Uzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Uzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi SQ-361-IV-sonli Qarori ijrosi yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi direktori A. Saʼdullayevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev):
Agentlik quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan reyting tizimi yuzasidan yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha masʼuliyatini oshirish, ularning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan doimiy hamkorlik olib borishlarini taʼminlash;
ishchi organ sifatida monitoring ishlarini davom ettirish va tegishli maʼlumotlarni Oliy Majlis Senatiga muntazam taqdim etib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda yoshlarga oid davlat siyosatiga taalluqli amaldagi uchta reyting tizimini chuqur tahlil qilib, ularni oʻzaro muvofiqlashtirgan holda yagona onlayn baholash tizimini joriy etish choralarini koʻrsin.
3. Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (B. Sayfullayev):
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yoshlar masalalariga masʼul oʻrinbosarlari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimi borasida olib borilgan ishlar yuzasidan axborotlarini Qoʻmita majlislarida muntazam eshitib borish amaliyotini joriy etsin;
ikki hafta muddatda Agentlik bilan birgalikda hududlardan indikatorlar asosida reyting baholashga doir yakuniy maʼlumotlarni olib, tahlil qilsin va umumlashtirish ishlarini yakuniga yetkazsin. Bunda hududlar tomonidan toʻgʻri va ishonchli maʼlumotlarning taqdim etilishida taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatsin.
4. Oliy Majlis Senatining qoʻmitalari bir hafta muddatda yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha indikatorlar asosida olingan reyting baholashga doir maʼlumotlarni Qoʻmita faoliyati yoʻnalishidan kelib chiqqan holda tahlil qilib, tegishli xulosalarni umumlashtirish uchun Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasiga taqdim etsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
mutasaddi vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻrtasida yaqindan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yoshlarga oid statistik maʼlumotlarni oʻz vaqtida Senatga taqdim etish;
reyting tizimi asosida tuman va shaharlar orasidan gʻoliblarni aniqlash hamda ularni ragʻbatlantirish ishlarini yakuniga yetkazish choralarini koʻrsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish yuzasidan olib borilgan ishlar toʻgʻisida masʼullar axborotini eshitish hamda reyting baholash natijalarini sessiyalarda muhokama etish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (B. Sayfullayev) zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 28-aprel,
SQ-523-IV-son
