9-may-Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-229-son)
29.04.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushi davrida koʻrsatgan jasorati, bukilmas irodasi va matonati, insonparvarlik fazilatlari avlodlar uchun muqaddas xotira va odamiylikning yuksak namunasi boʻlib qolmoqda. Bugungi tinch va osoyishta, erkin va farovon hayot uchun aziz jonini fido qilgan ajdodlarimizning yorqin xotirasini yod etib, ularning ezgu ishlarini munosib davom ettirish — tinchlikni buyuk neʼmat deb biladigan bagʻrikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir.
Butun dunyoda millionlab insonlarning qurbon boʻlishiga sabab boʻlgan, mislsiz yoʻqotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan Ikkinchi jahon urushi bashariyat tarixidagi eng dahshatli, qonli qirgʻin boʻlganini, oradan qancha yillar oʻtsada, ezgu niyatli dunyo ahli hech qachon unutmaydi. Jang maydonlarida fashizmga qarshi mardona kurashgan 2 millionga yaqin oʻzbekistonliklarning 500 mingdan ziyodi halok boʻlganini xalqimiz aslo yodidan chiqarmaydi.
Koʻpmillatli tinchliksevar Oʻzbekiston xalqi uchun fashizm ustidan gʻalaba qozonilgan 9-may sanasi avvalo Xotira va qadrlash kuni sifatida aziz va moʻtabardir. Biz uchun xotira insonning insonligini anglatadigan tushuncha, uni oʻtmish va istiqbol bilan bogʻlab turadigan buyuk ruhiy-maʼnaviy qudratdir. El-yurt tinchligi va ozodligi uchun kurashgan mard va jasur insonlar xotirasini yod etish orqali biz Vatan uchun jonini fido etgan qahramon ota-bobolarimizning nomlarini sharaflash, ularga yuksak hurmat koʻrsatishni tushunamiz.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida “Inson qadrini ulugʻlash” gʻoyasi asosiy oʻrin egallaydi. Ushbu tamoyil ham xotira va qadrlash tushunchasi bilan uygʻun va hamohang boʻlib, xalqimizning azaliy ezgu orzu-intilishlariga toʻla javob beradi.
Mamlakatimizda 9-may umumxalq bayrami — Xotira va qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashga munosib hissa qoʻshgan barcha mehnat va urush faxriylariga hurmat-ehtirom koʻrsatish, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xotirasini ulugʻlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ishchi guruh (A. Aripov]:
dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning “Inson qadri ulugʻ — xotira muqaddas”, “Mardlik va jasorat — hamisha barhayot” shiorlari ostida oʻtishini, uch avlod uchrashuvlarini, madaniy-maʼnaviy tadbirlar, targʻibot aksiyalari, tasviriy sanʼat koʻrgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar, ommaviy sport musobaqalarini tashkil etsin;
Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriylari, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida tegishli vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda harbiy qism komandirlari tomonidan ushbu toifadagi shaxslarni qutlash uchun ularning yashash joyiga tashrif buyurish hamda ular koʻrsatgan mardlik va jasoratning ahamiyatini keng aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida tushuntirish va targʻib qilish boʻyicha madaniy-maʼrifiy va vatanparvarlik tadbirlarini tashkil qilsin;
yolgʻiz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar-joyi va uy xoʻjaliklarini taʼmirlash, obodonlashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan biryoʻla toʻlanadigan pul mukofotini tantanali ravishda topshirsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat koʻrsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda, doimiy ravishda patronaj xizmatini tashkil qilsin;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining istaklari asosida ularni respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yuborishni tashkil etsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda:
viloyat, shahar va tumanlarda bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
koʻcha va maydonlarning Xotira va qadrlash kunining maʼno-mazmunini ifoda etadigan plakat va stendlar bilan bezatilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toshkent shahrida 2022-yil 9-may kuni soat 21:00 da Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram salyutini tashkil qilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi Milliy gvardiya bilan birgalikda tantanali tadbirlar oʻtkaziladigan hamda bayram salyutlari tashkil etiladigan joylarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Xotira va qadrlash kuni bayramini nishonlash bilan bogʻliq barcha ommaviy tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tavsiyalari asosida amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga bayramga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlarni, ushbu qaror ijrosini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni keng yoritish, shuningdek, mavzuga oid telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar tayyorlab efirga uzatish, maqolalar eʼlon qilish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-aprel,
PQ-229-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi PQ-229-son qaroriga 1-ILOVA
9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-apreldagi PQ-229-son qaroriga 2-ILOVA
9-may — Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh
TARKIBI
