8-modda. Garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Yuridik yoki jismoniy shaxslar garovga qoʻyuvchi yoki garovga oluvchi boʻlishlari mumkin.
Qarzdorning oʻzi ham, uchinchi shaxs ham garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.
Ashyoning mulkdori ashyoni garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin, garovga qoʻyiladigan huquqning egasi boʻlgan shaxs huquqni garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin.
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, mulkdorning roziligisiz ashyoviy huquqni garovga qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar tasarrufdan chiqarilganda boshqa shaxs yoki organning roziligi yoki ruxsatini olish talab etiladigan mol-mulk ipoteka narsasi boʻlsa, bunday mol-mulk ipotekasi uchun ham shunday rozilik yoki ruxsat olish zarur.
Davlat mulkida boʻlgan mulk garovi toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Bunda xususiylashtirilmaydigan davlat mulkini, shuningdek davlat tashkilotini xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran va ushbu jarayon yakunlanguniga qadar mazkur davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulkini garovga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻziga birkitib qoʻyilgan mol-mulkni bevosita idora qilish huquqiga ega boʻlgan muassasa (tashkilot) oʻziga ruxsat etilgan xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar hisobiga orttirilgan ashyolar yoki huquqlarni garovga berishga haqlidir.
Mulk huquqining keyinchalik boshqa mulkdorga oʻtishi bevosita boshqaruv ostidagi mol-mulk garoviga daxl qilmaydi.
Ijarachi ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina ijaraga beruvchining roziligisiz oʻzining ijaraga oid huquqlarini garovga oʻtkazishga haqlidir.
Boshqa davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, garovga oid munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari bilan ayni bir xil huquqlardan foydalanadilar hamda ayni bir xil majburiyatlarga ega boʻladilar.
