5-modda. Garov narsasi
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Har qanday mol-mulk, shu jumladan ashyolar va mulkiy huquqlar (talablar) garov narsasi boʻlishi mumkin, muomaladan chiqarilgan mol-mulk, kreditorning shaxsi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan talablar, xususan hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablar, alimentlar toʻgʻrisidagi talablar hamda boshqa shaxsga berilishi qonun bilan man etilgan boshqa talablar bundan mustasno.
Garov toʻgʻrisidagi shartnomada, qonun asosida vujudga keladigan garovga nisbatan esa qonunda garovga qoʻyuvchi kelgusida qoʻlga kiritadigan ashyolar va mulkiy huquqlar garovi nazarda tutilishi mumkin.
Agar shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, mol-mulkka nisbatan garov huquqi mol-mulkning narsalarini va tarkibiy samarasini ham oʻz ichiga oladi. Garovga qoʻyilgan mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan samara, mahsulot va daromadlarga nisbatan garov huquqi shartnomada nazarda tutilgan hollarda tatbiq etiladi.
Tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki oʻzga madaniy qimmatga ega boʻlganligi tufayli yoxud davlat xavfsizligini taʼminlash manfaatlari nuqtai nazaridan garov qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan obyektlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan fuqarolarning ayrim turdagi mol-mulkini garovga qoʻyish qonunchilikda belgilangan tartibda man etilishi yoki cheklanishi mumkin.
