29-modda. Garov bilan taʼminlangan majburiyatni suddan tashqari tartibda qoplash uchun garovga qoʻyilgan mol-mulkni qabul qilish
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb eʼlon qilinganda garovga oluvchi garovga qoʻyuvchi bilan kelishuvga koʻra, garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotib olishga va xarid narxini garov bilan taʼminlangan oʻz talablari hisobiga oʻtkazishga haqli. Bunday kelishuvga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi.
Takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb eʼlon qilinganda garovga oluvchi garov narsasini realizatsiya qilinmagan garov narsasini takroriy kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish narxidan koʻpi bilan yigirma besh foiz kamroq summada baholab, oʻzida olib qolishga haqli. Bunda garovga oluvchi oʻzida olib qolinayotgan mol-mulkning qabul qilinayotgan qiymati bilan majburiyatning qoplangan miqdori oʻrtasidagi ijobiy farqni (mavjud boʻlgan taqdirda) toʻlashi shart.
Agar garovga oluvchi garov narsasini oʻziga olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy davomida foydalanmasa, garov shartnomasi bekor qilinadi.
