26-modda. Undiruvning garov narsasiga qaratilishi
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Garovga oluvchining (kreditorning) talablarini qondirish uchun undiruvni qarzdor garov bilan taʼminlangan majburiyatni oʻzi javobgar boʻlgan vaziyatlarda bajarmagan taqdirda yoki lozim darajada bajarmaganda garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishi mumkin.
Yuridik shaxs — garovga qoʻyuvchi qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan taqdirda, garovga oluvchi garov bilan taʼminlangan majburiyatni bajarish muddati boshlanishidan qatʼi nazar, undiruvni garovdagi mol-mulkka qaratishga haqli.
Agar garov bilan taʼminlangan majburiyatning qarzdor tomonidan buzilishi juda arzimas boʻlsa va shu tufayli garovga oluvchi talablarining miqdori garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatiga aniq mos kelmasa, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishni rad etish mumkin.
Garov bilan taʼminlangan majburiyatning buzilishi quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida mavjud boʻlgan taqdirda, juda arzimas deb hisoblanadi:
1) agar garov bilan taʼminlangan, qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining oʻn besh foizidan kamroqni tashkil qilsa;
2) agar garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket uch oydan oshmagan boʻlsa.
Agar shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, qarzdor garov bilan taʼminlangan majburiyatning bir qismini bajargan taqdirda, garovga oluvchi garovga qoʻyilgan barcha mol-mulkka boʻlgan huquqni saqlab qoladi.
Agar bir nechta ashyo yoki huquq garov narsasi boʻlsa, garovga oluvchi oʻz xohishiga koʻra ana shu barcha mol-mulk hisobiga yoki ashyolar (huquqlar)dan birortasi hisobiga talabini qondirishi mumkin, bunda u keyinchalik ham garov narsasini tashkil etuvchi boshqa ashyolar (huquqlar) hisobiga talabini qondirish imkonini saqlab qoladi.
