19-modda. Garovga oluvchining huquqlari
“Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (614-I-son) · Sana: 01.05.1998 · Amalda
Agar shartnomada yoki qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, garovga oluvchi quyidagilarga haqli:
uchinchi shaxslarni garov narsasiga boʻlgan oʻz huquqlari toʻgʻrisida garov reyestriga tegishli yozuvni kiritish orqali xabardor qilish;
garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlarda undiruvni garov narsasiga qaratish;
garov toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha oʻz huquqlarini boshqa shaxsga oʻtkazish;
garovga qoʻyilgan mol-mulk yoʻqolganligi va shikastlanganligi uchun u kimning foydasiga sugʻurta qilinganidan qatʼi nazar, agar yoʻqolish yoki shikastlanish garovga oluvchi javob beradigan sabablarga koʻra sodir boʻlmagan boʻlsa, oʻsha asoslarga sugʻurta tovonidan qanoatlanish olish;
davlat boshqaruv organlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining garovga oluvchining huquqlari buzilgan hujjatlarini haqiqiy emas deb eʼtirof etish xususida sudda daʼvo qoʻzgʻatish va hujjatlar chiqarish natijasida yetkazilgan zarar qoplanishini tegishli organlardan talab qilish;
garovga qoʻyuvchining garov narsasiga mulk huquqi ushbu Qonunga muvofiq tugatilgan taqdirda, oʻz talabini garovga qoʻyuvchiga berilishi lozim boʻlgan summadan imtiyozli qanoatlantirish;
qarzdor garov bilan taʼminlangan majburiyatning bir qismini bajargan taqdirda, garovdagi barcha mol-mulk uchun huquqini saqlab qolish;
qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda, garov bilan taʼminlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini talab qilish yoki undiruvni garov narsasiga qaratish;
garovga qoʻyuvchi ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganligi oqibatida yetkazilgan zarar qoplanishini talab qilish.
Zakalat qoʻyilganda, garovga oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan huquqlardan tashqari quyidagilarga haqli:
oʻziga berilgan garov narsasidan shartnomada nazarda tutilgan hollardagina, garovga qoʻyuvchiga foydalanishga doir muntazam hisobot taqdim etgan holda foydalanish;
ashyoni majburiyat toʻliq bajarilgunga qadar ushlab turish;
garovdagi mol-mulkni oʻzganing noqonuniy egaligidan, shu jumladan garovga qoʻyuvchining egaligidan talab qilib olish.
