ShNQ 1.03.04-22 “Namunaviy loyiha hujjatlari” shaharsozlik normalari va qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (69-son)
19.04.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 25-aprelda hisobga olindi, hisob raqami 78]
Oʻzbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. ShNQ 1.03.04-22 “Namunaviy loyiha hujjatlari” shaharsozlik normalari va qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. ZAKIROV
Toshkent sh.,
2022-yil 19-aprel,
69-son
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vazirining 2022-yil 19-apreldagi 69-son buyrugʻigaILOVA
ShNQ 1.03.04-22 “Namunaviy loyiha hujjatlari” shaharsozlik normalari va qoidalari
Ushbu shaharsozlik normalari va qoidalari (keyingi oʻrinlarda — ShNQ) fuqaroviy, turar joy, ishlab chiqarish bino va inshootlarini (keyingi oʻrinlarda — korxona, bino va inshootlar) qurish uchun namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Namunaviy loyiha hujjatlari texnik-iqtisodiy asoslardan kelib chiqib ishlab chiqiladi.
2. Namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish qiymati Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3180, 2019-yil 9-sentabr) muvofiq aniqlanadi.
3. Namunaviy loyiha hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi.
2-bob. Normativ hujjatlarga havolalar
4. Ushbu ShNQda quyidagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havolalar keltirilgan:
GOST 21.101-97. Qurilishda loyihalash hujjatlari tizimi (QLHT). Loyiha va ishchi hujjatlariga asosiy talablar;
GOST 21.114-95. QLHT. Namunaviy boʻlmagan buyumlarning umumiy koʻrinishi boʻyicha eskiz chizmalarni bajarish qoidalari;
GOST 21.501-93. QLHT. Arxitektura-qurilish chizmalarini bajarish qoidalari;
GOST 2.105-95. Konstruktorlik hujjatlari yagona tizimi (KHYaT). Matnli hujjatlarga qoʻyiladigan umumiy talablar;
ShNQ 1.03.01 Korxona, bino va inshootlarni kapital qurilishi hujjatlarining tarkibi, ishlab chiqarishning maʼqullanishi va tasdiqlash tartibi;
ShNQ 1.03.09 Loyiha bosh muhandisi (bosh arxitektori) qoidalari.
3-bob. Atamalar va taʼriflar
5. Ushbu ShNQda quyidagi atamalar va taʼriflar qoʻllanilgan:
loyiha hujjatlari — hajmiy-rejali, amaliy va texnikaviy yechimlarni, binolarni, inshootlarni va ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal taʼmirlashning, shuningdek obodonlashtirish ishlarining qiymatini belgilaydigan hamda ishchi loyiha, loyiha-smeta hujjatlari va ishchi hujjatlarni oʻz ichiga oluvchi hujjatlar toʻplami;
namunaviy loyiha hujjati — qurilishda koʻp marotaba foydalanish maqsadida bino va inshootlarni barpo etish, konstruksiyalar, buyumlar va tugunlarni yaratish uchun hajmiy-rejaviy yechimlarni unifikatsiyalash va tiplashtirish asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjati;
namunaviy loyiha — bino va inshootlar qurilishi, aniq qurilish maydonlariga bogʻlash yoki individual loyihalarni ishlab chiqish uchun qoʻllaniladigan loyiha hujjati;
namunaviy loyiha yechimlari — qurilish obyektlarini loyihalashda va namunaviy loyihalarni joyiga bogʻlashda qoʻllaniladigan arxitektura, konstruktiv, muhandislik, rejalashtirish va boshqa yechimlar;
namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlari — loyihalash va qurilishda, shuningdek qurilish industriyasi va qurilish maydonlarida ommaviy ravishda ishlab chiqarish maqsadlari uchun qoʻllaniladigan qurilish elementlari.
4-bob. Namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish tartibi
6. Namunaviy loyiha hujjatlari buyurtmachi tomonidan berilgan loyihalash topshirigʻiga asosan ishlab chiqiladi.
7. Namunaviy loyiha hujjatlari ushbu ShNQ, ShNQ 1.03.01, shuningdek GOST 21.101-97, GOST 21.114-95, GOST 21.501-93, GOST 2.105-95 va boshqa standartlar talablariga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
8. Har bir ishlab chiqilayotgan namunaviy loyiha hujjatiga xos raqam beriladi.
9. Loyiha tashkilotida har bir ishlab chiqilayotgan namunaviy loyiha hujjati uchun loyiha bosh muhandisi (bosh arxitektori) tayinlanadi.
10. Namunaviy loyiha hujjatlari quyidagi ikki bosqichda ishlab chiqiladi:
bir bosqichda — I-II xavf-xatar toifasiga mansub korxona, bino va inshootlar uchun — ishchi loyihasi;
ikki bosqichda — III va IV xavf-xatar toifasiga mansub korxona, bino va inshootlar uchun — loyiha va ishchi hujjatlar.
Namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlarining chizmalari:
bir bosqichda — ularning nomenklaturasi va qoʻllanilish sohasi aniq boʻlganda — ishchi chizmalar;
ikki bosqichda — nomenklaturasi va qoʻllanilish sohasini aniqlash, shuningdek variantlar boʻyicha ishlab chiqish talab qilinsa (mutlaqo yangi konstruktiv yechimlar uchun), texnikaviy yechimlar va ishchi chizmalari ishlab chiqiladi.
Namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bosqichi loyihalash topshirigʻida belgilanadi.
11. Namunaviy loyihalar hujjatlari takroran quriladigan, muntazam texnologiyaga ega boʻlgan korxona, bino va inshootlari qurilishida koʻp marotaba foydalanish maqsadlari uchun ishlab chiqiladi.
Ishlab chiqarish texnologiyasi tez-tez oʻzgarib turadigan, lekin qator takrorlanuvchi qurilish va texnologik yechimga ega boʻlgan korxonalar qurilishi uchun qurilish-texnologik seksiyasi, blok-seksiyasi, texnologik liniyalari va boshqa tarkibiy qismlari boʻyicha ham namunaviy loyiha yechimlari ishlab chiqilishi mumkin.
12. Namunaviy loyiha hujjatlari ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va loyihalash ishlari, patent tadqiqotlari hamda loyihalash va qurilish sohasidagi ilgʻor milliy va xorijiy amaliyot toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ishlab chiqilgan variantlar ichidan eng optimal yechimni tanlab olish asosida loyihalanishi lozim.
13. Namunaviy loyiha hujjatlarida:
korxona, bino yoki inshootning xavfsiz ishlashi va koʻzlangan faoliyat turini amalga oshirish usullariga qoʻyiladigan talablar;
qurilish konstruksiyalari, muhandislik tizimlari va tarmoqlari xavfsizligi;
atrof-muhitga va inson sogʻligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi;
turli qurilish sharoitlarda (iqlim, geologik, seysmik va boshqalar) namunaviy loyiha hujjatlarining bogʻlanishini taʼminlaydigan yechimlaridan foydalanish;
bino va inshootlarning qurilish konstruksiyalariga, muhandislik tizimlari va tarmoqlariga ekspluatatsion yuklamalarning qiymatlarini meʼyordan oshib ketmasligi boʻyicha foydalanuvchilar va texnik xizmatlar uchun maʼlumotlar;
xavfli vaziyatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan yashirin elektr simlari, quvur tarmoqlari va boshqa qurilmalarning joylashuvi toʻgʻrisida maʼlumotlar nazarda tutilishi kerak.
14. Namunaviy loyiha hujjatining buyurtmachisi namunaviy loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun loyihalash topshirigʻi tayyorlanishini, tasdiqlanishini va loyihani ishlab chiquvchi tashkilotga taqdim etilishini taʼminlaydi, shuningdek ishlab chiqilgan loyiha hujjatining qabul qilinishini va tasdiqlanishini tashkil etadi.
Namunaviy loyiha hujjatini ishlab chiquvchi bosh loyihachi tashkiloti loyihalangan obyektning ishonchliligini, xavfsizligini, chidamliligini, shuningdek atrof-muhitga va inson sogʻligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligini, loyiha hujjatlarining shaharsozlik normalari va qoidalariga hamda standartlarga muvofiqligini taʼminlaydi.
Ilmiy-tadqiqot tashkiloti namunaviy loyiha hujjatini ishlab chiqish uchun berilgan birlamchi maʼlumotlarda yangi texnologik jarayonlar, uskunalar va materiallar ilgʻor ilmiy-texnika taraqqiyoti darajasiga mos kelishini taʼminlaydi.
Subpudratchi loyiha tashkiloti shaharsozlik normalari va qoidalariga hamda standartlarga muvofiq loyiha hujjatlarining qismlarini ishlab chiqadi.
5-bob. Loyihalash topshirigʻi
15. Namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha topshirigʻi buyurtmachi tomonidan, zarurat tugʻilganda esa loyiha tashkilotlari, ilmiy tadqiqot tashkilotlari va konstruktorlik tashkilotlari ishtirokida, ushbu ShNQning 1 va 2-ilovalariga muvofiq tuziladi.
Loyihalash topshirigʻi buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.
16. Namunaviy loyiha hujjatlarni ishlab chiqishda qoʻllanishi lozim boʻlgan, qurilish sharoitiga oid maʼlumotlar (iqlim sharoiti, gruntlar va boshqalar) quyidagi koʻrsatkichlarda qabul qilinishi tavsiya etiladi:
tashqi havoning hisobiy harorati — 15°S;
shamol bosimi — Wo = 0,45 kPa (45 kgf/m2);
qor qatlami vazni — So = 0,5 kPa (50 kgf/m2);
er relyefi — tekis;
yer osti suvlari — yoʻq;
gruntlar — koʻpchimaydi, choʻkmaydi.
Meʼyoriy tavsiflari quyidagicha ifodalanadi:
meʼyoriy ichki ishqalanish burchagi — φn = 0,42 rad yoki 24°;
meʼyoriy solishtirma yopishish — Sn = 13 kPa (0,13 kgf/sm2);
gruntlarning deformatsiya moduli — E = 16.0 MPa (160 kgf/sm2);
gruntning zichligi — γ =18 kN/m3 (1,8 t/m3);
grunt boʻyicha ishonchlilik koeffitsiyenti — γg = 1, deb olinadi.
17. Namunaviy loyiha hujjatlarini bir necha variantda ishlab chiqish zarurati boʻlganda, bunday talab loyihalash topshirigʻida belgilanishi mumkin.
18. Namunaviy loyiha hujjatlarni texnologik jihatlariga koʻra boshqa tashkilotlar bilan kelishish zarurati boʻlganda, ushbu talablar loyihalash topshirigʻida koʻrsatib oʻtiladi.
6-bob. Namunaviy loyiha hujjatlari
1-§. Hujjatlar tarkibi
19. Muayyan namunaviy loyiha hujjatining mazmuni va tarkibi hamda ishlab chiqilayotgan boʻlimlar roʻyxati loyihalanayotgan obyekt xususiyatiga qarab, buyurtmachi tomonidan aniqlashtirilishi va qisqartirilishi mumkin. Bunday holatlar loyihalash topshirigʻida belgilanishi kerak.
Namunaviy loyiha hujjatining konstruksiyalar, uskunalar, qurilish-montaj ishlari hajmi, moddiy va boshqa resurslarga doir hisoblari loyiha tashkilotida saqlanadi va buyurtmachining soʻrovnomasiga koʻra unga vaqtincha foydalanish uchun berilishi mumkin.
20. Namunaviy loyiha hujjatlarida qabul qilingan loyiha yechimlari tavsiflari, asoslari, keltirilgan koʻrsatkichlar va yakuniy hisob natijalari jadval koʻrinishida tuziladi.
21. Namunaviy loyiha hujjati qabul qilingan loyiha yechimlarini asoslovchi quyidagi boʻlimlardan iborat boʻlishi kerak:
a) umumiy tushuntirish xatida quyidagilar bayon etilishi zarur:
loyihalash uchun dastlabki maʼlumotlar;
namunaviy loyihaning qoʻllanish sohasi;
obyektning qisqacha tavsifi;
obyektning loyihaviy quvvati;
ishlab chiqariladigan mahsulotning nomenklaturasi;
sifat koʻrsatkichlari va texnikaviy darajasi;
yoqilgʻi, suv, issiqlik va elektr energiya hamda mehnat resurslariga boʻlgan talablar;
bajarilgan iqtisodiy hisoblar natijalari va loyihada keltirilgan texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar salmogʻi, shuningdek ushbu koʻrsatkichlarni analog obyektlari bilan taqqoslash natijalari;
ishlab chiqarish iqtisodi, loyihada fan va texnika yutuqlaridan foydalanganlik haqida, qabul qilingan yechimlar yuzasidan olib borilgan kelishuvlar, meʼyorlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va standartlar talablariga, shu jumladan portlash va yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilinishi;
bosh reja, ichki maydon, transport, muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari tarxlarining asosiy yechimlari;
fuqarolar muhofazasi tadbirlari;
qurilishni samarali tashkil etish;
ishlab chiqarish chiqindilaridan, shuningdek ikkilamchi energiya resurslaridan samarali foydalanishga yoʻnaltirilgan yechimlar;
mahsulot birligi ishlab chiqarilishi, bunyod etilayotgan quvvat birligiga boʻlgan solishtirma xarajat koʻrsatkichlari hamda ularni analog obyektlar bilan, shuningdek loyihalash topshirigʻida belgilangan koʻrsatkichlari bilan taqqoslash natijalari toʻgʻrisida maʼlumotlar.
b) texnologik yechimlar quyidagilardan tashkil topadi:
mahsulot ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish boʻyicha hisobiy dastur;
ishlab chiqarish texnologiyasi hamda mahsulot tayyorlashning mehnat resurslariga talablar;
ishlab chiqarishda texnologik jarayonlarni mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish boʻyicha qisqacha tavsifi va yechimlarini asoslash, ularni ilgʻor texnikaviy yechimlar bilan taqqoslash natijalari;
mahsulot sifatini tekshirishga doir takliflar;
tanlangan uskunalar va ularning progressivligini baholash koʻrsatkichlari;
sex va sexlararo kommunikatsiyalarning tavsifi;
ishchilar sonini asoslash (yaxlit korxona va alohida sexlar boʻyicha);
issiqlik va elektr taʼminoti, elektr uskunalaridan foydalanish usullari;
loyihalash topshirigʻida koʻzda tutilgan hollarda avtomatlashtirilgan texnologik jarayonlar boʻyicha yechimlar;
atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlari;
taʼmirlash xoʻjaligini tashkil etishga doir yechimlar;
chiqindilardan foydalanishga doir yechimlar;
asosiy chizmalar — texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashning prinsipial sxemalari;
korpuslar (sexlar) boʻyicha texnologik uskunalarni joylashtirish sxemalari;
yuk oqimlari sxemalari;
korxonaning tuzilishi va tashkiliy tuzilish sxemalari;
texnika vositalari kompleksi tuzilishining sxemalari;
texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish (maydon ichkarisida) sxemalari,
elektr va issiqlik bilan taʼminlash (maydon ichkarisida) prinsipial sxemalari,
aloqa va signalizatsiya tizimlarini tashkil etish sxemalaridan.
v) bino va inshootlar uchun asosiy yechimlar quyidagilardan tashkil topadi:
har bir bino va inshoot boʻyicha arxitektura-qurilish yechimining qisqacha tavsifi va asoslanishi, ushbu yechimlarning progressivligi, ish oʻrinlarini yaratish, ishchilarga sanitar va maishiy xizmat koʻrsatish boʻyicha yechimlar asosnomasi;
elektr, portlash va yongʻin xavfsizligini taʼminlash choralari va qurilish konstruksiyalarini korroziyadan himoya qilish;
suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya;
isitish, ventilatsiya va havoni konditsionerlash boʻyicha yechimlar;
fuqarolar muhofazasi obyektlari boʻyicha yechimlar;
qurilishni tashkil etish qoidalari;
yuk koʻtaruvchi va toʻsuvchi konstruksiyalarning tasviri koʻrsatilgan bino va inshootlarning tarhlari (qavatlar boʻyicha), qirqimlari va binolarning fasadlari;
qurilish konstruksiyalarining korroziyadan himoya qilish yechimlari.
Murakkab boʻlgan isitish, ventilatsiya va havoni konditsionerlash tizimlari, shuningdek suv taʼminoti va kanalizatsiyaning asosiy inshootlari uchun texnik yechimlar alohida tarhlar va qirqimlar koʻrinishida ishlab chiqilishi mumkin.
g) smeta hujjatlari:
Loyihada (uning tegishli boʻlimlarida) yakka tartibda ishlanadigan, shu jumladan namunaviy boʻlmagan va nostandart uskunalar uchun dastlabki talablar keltirilishi lozim.
korxona, bino va inshootlarning namunaviy loyiha hujjatlari tarkibi ushbu ShNQning 3-ilovasida keltirilgan.
2-§. Ishchi hujjatlar
22. Ishchi hujjatlar tushuntirish xati, ishchi chizmalar, uskunalar va materiallarga boʻlgan talablar roʻyxati, smeta hujjatlari hamda namunaviy loyiha hujjatlarining katalog varaqlaridan tashkil topadi.
3-§. Ishchi loyiha
23. Ishchi loyiha qabul qilingan loyiha yechimlar haqida maʼlumot beruvchi tushuntirish xatidan va ishchi hujjatlaridan tashkil topadi.
4-§. Texnik yechimlar
24. Namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlarining texnik yechimlari tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) loyihalash uchun birlamchi maʼlumotlar, oʻxshash konstruksiyalar, buyumlar va tugunlarni loyihalash, tayyorlash va qoʻllash boʻyicha mavjud tajribalar haqida qisqacha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan tushuntirish xati;
hisoblash sxemalari, kattaliklar va hisobiy yuklamalar jamlanmasi hamda ularning asosnomasi;
konstruktiv yechim variantlarining qisqacha tavsifi va qabul qilingan variantning asosnomasi;
konstruksiya va buyumlarning (asosiy oʻlchamlari, vazni, material sarfi koʻrsatilgan) nomenklaturasi va qoʻllanish sohasi;
konstruksiya va buyumlarni tayyorlash, taxlash, tashish va montaj qilish usullari, ularni korroziyadan himoya qilish va yongʻinga chidamliligini taʼminlash boʻyicha qisqacha bayonnoma;
asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar, ularni oʻxshash koʻrsatkichlar bilan taqqoslash, ishlab chiqarish hamda montaj boʻyicha mehnat resurslariga talablar;
b) asosiy chizmalar — joylashtirish sxemalari, konstruksiya, buyum, tugunlarning asosiy tarkibiy qismlari, tutashuv tugunlarining umumiy koʻrinishi chizmalari (yigʻma chizmalardan tashqari) va loyihaviy yechimini baholash uchun zarur boʻlgan boshqa chizmalar.
Namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlarining ishchi chizmalari buyurtmachi tomonidan texnik yechimlar maʼqullangandan soʻng ishlab chiqiladi.
5-§. Ishchi chizmalar
25. Namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlarining ishchi chizmalari tarkibi, ularni jamlash va rasmiylashtirish boʻyicha standartlar talabiga muvofiq boʻlishi lozim.
Ommaviy ravishda ishlab chiqarishga moʻljallangan qurilish konstruksiyalari va buyumlarining ishchi chizmalarini tayyorlash bilan bir vaqtda, zarur boʻlsa, texnik shartlar ham tuziladi.
6-§. Smeta hujjatlari
26. Namunaviy loyiha hujjatlari tarkibida smeta hujjatlari ishlab chiqilganda, loyihalashtirilayotgan korxona, bino va inshootlarning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini aniqlash va baholash hamda qurilish qiymatini joriy narxlarda aniqlash lozim boʻladi.
27. Smeta hujjatlari ShNQ 4.01.01 va ShNQ 4.01.16 ga muvofiq ishlab chiqiladi.
Smeta hujjatlarini tayyorlashda konstruksiya, buyum va materiallar narxlari smeta hujjatlarini tayyorlash vaqtida amalda boʻlgan, qurilishda foydalaniladigan moddiy-texnik resurslarning joriy narxlari boʻyicha qabul qilinadi.
28. Namunaviy loyiha hujjatlarining smetalari quyidagi ish turlari va xarajatlari boʻyicha alohida tuzilishi lozim:
umumiy qurilish (binoning yer osti va yer usti qismlari) ishlari;
sanitar-texnika ishlari;
elektr montaj ishlari;
aloqa, signalizatsiya, avtomatika uskunalarini olish va oʻrnatish;
ishlab chiqarish;
xoʻjalik jihozlari va mebellar.
Namunaviy loyiha hujjatlarida loyihaviy yechimlari turli variantlardan tashkil topsa, bu variantlar uchun qabul qilinadigan ishlar tarkibi, hajmi va qiymati, shuningdek smetalarning shifri, tartib raqami va birlik narxlari umumiy tuzilgan smeta hujjatlarida keltiriladi.
Namunaviy loyiha yechimlarining smeta hujjatlari, ularni ishlab chiqish uchun berilgan loyihalash topshirigʻida koʻrsatilgan hajmda bajariladi.
Namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlarining chizmalari uchun smeta hujjati tuzilmaydi.
7-§. Alohida talablar
29. Namunaviy loyiha hujjatlari tarkibiga kompyuterda hisoblash dasturlari va hisoblash uchun zarur boʻlgan dastlabki maʼlumotlar ham kiritilishi mumkin. Ulardan namunaviy loyihalarni joylarga bogʻlash va tahrir qilishda qoʻllanish tavsiya etiladi.
30. Namunaviy loyiha hujjatlari GOST 21.101-97, GOST 21.501-93, GOST 2.105-95 hamda QLHT va KHYaT tizimlariga kiruvchi standartlar talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Loyiha hujjatlar GOST 21.101-97 ga muvofiq mutasaddi xodimlar tomonidan imzolanadi.
Shu bilan birga:
bosh reja tarhlari — boʻlim boshligʻi va ijrochi;
boshqa materiallar — loyihaning bosh muhandisi (arxitektori), boʻlim boshligʻi, sifat nazorati taftishchisi va ijrochi;
smeta hujjatlari — ularni ishlab chiqishda ishtirok etgan boʻlim boshligʻi va ijrochilar tomonidan imzolanadi.
Texnik yechimlar va ishchi chizmalar loyihani tayyorlashda ishtirok etgan laboratoriya rahbari, boʻlim boshligʻi va ijrochilar tomonidan imzolanadi.
7-bob. Namunaviy loyiha hujjatlarini tasdiqlash
31. Korxona, bino va inshootlarning namunaviy loyiha hujjatlari, shuningdek namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlarining chizmalari buyurtmachi tashkilot tomonidan tasdiqlanadi.
Namunaviy loyihalar va namunaviy loyiha yechimlari “loyiha” (ishchi loyiha) bosqichida va namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlarining chizmalari esa “ishchi chizma” bosqichida tasdiqlanadi.
32. Namunaviy loyiha hujjatlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror (buyruq)da ushbu ShNQning 4-ilovasiga muvofiq maʼlumotlar kiritiladi.
8-bob. Namunaviy loyiha hujjatlari fondi
33. Namunaviy loyiha hujjatlari tasdiqlanganidan soʻng loyiha tashkiloti tomonidan Namunaviy loyiha hujjatlari fondiga (keyingi oʻrinlarda — Fond) topshiriladi.
34. Fond Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi yoki uning nomidan tayyorlash, saqlash, nashr qilish va tarqatish uchun masʼul etib belgilangan loyiha tashkiloti tomonidan yuritiladi.
35. Amaldagi meʼyorlarga mos kelmasligi sababli namunaviy loyiha hujjatlariga tuzatish kiritish yoki ularni amaliyotdan chiqarish ishlari ularni tasdiqlagan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
36. Fondga kiritilgan, amal qilish muddati uzaytirilgan hamda Fonddan chiqarilgan namunaviy loyiha hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining veb-saytida eʼlon qilinadi.
37. Fonddan chiqarib tashlangan namunaviy loyiha hujjatlaridan tavsiyaviy maʼlumot sifatida foydalanish mumkin.
9-bob. Namunaviy loyiha hujjatlarini nashr etish va tarqatish, eskirganlarini qayta koʻrib chiqish va bekor qilish
38. Namunaviy loyiha hujjatlarini nashr etish va tarqatish ishlari Fondni yurituvchi tashkilot tomonidan buyurtmalarga koʻra amalga oshiriladi.
39. Buyurtmachilar va Fondni yurituvchi tashkilot qurilish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlardagi oʻzgarishlarni hisobga olish maqsadida namunaviy loyiha hujjatlarini muntazam ravishda koʻrib chiqishlari zarur.
40. Eskirgan namunaviy loyiha hujjatni bekor qilish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish yoki ularga oʻzgartirish kiritish masalalari hujjatni tasdiqlagan idoralar tomonidan koʻrib chiqiladi.
10-bob. Namunaviy loyiha hujjatlarini qoʻllash
41. Namunaviy loyiha hujjatlari qurilish maydoni va hududi xususiyatlarini hisobga olgan holda aniq qurilish maydoniga bogʻlanishi lozim. Namunaviy loyiha hujjati qurilish uchun ishchi hujjatlarni tayyorlash jarayonida bogʻlanadi.
42. Namunaviy loyiha hujjatini bogʻlashda loyiha tashkiloti:
bino va inshootlarning koordinatalari va balandlik sathlarini aniqlashi;
qurilish maydonining geologik va gidrogeologik xususiyatlaridan kelib chiqib poydevorlarning oʻlchamlari, oʻrnatish chuqurligi va konstruktiv yechimlariga aniqlik kiritishi va qoʻshimcha konstruktiv chora-tadbirlarini ishlab chiqishi;
binoning yarim yertoʻla (tsokol) yoki yertoʻla qavatlari yechimini aniqlashtirishi, shuningdek qurilish maydonining relyefiga qarab, tonel, galereya va shu kabi inshootlarni tutashuv tugunlarini hal etishi;
hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib toʻsuvchi konstruksiyalarning issiqlik oʻtkazishga qarshiligini meʼyoriy talablarga muvofiqlashtirishi, zarur hollarda toʻsuvchi va yuk koʻtaruvchi qurilish konstruksiyalarning qabul qilingan yechimlariga, shuningdek isitish jihozlari va ventilatsiya uskunalarining turlariga va soniga aniqlik kiritishi;
mahalliy sharoitni eʼtiborga olgan holda ishlar hajmini va qurilishning smeta qiymatini qayta aniqlashi;
loyihada koʻzda tutilgan uskunalar, konstruksiyalar va buyumlar ishlab chiqarishdan olib tashlangan boʻlsa, shuningdek normativ hujjatlarda qoida va talablar oʻzgarganda namunaviy loyiha hujjatlariga zarur oʻzgartirishlarni kiritishi;
loyiha hujjatining sifatini, shuningdek uning zamonaviy fan-texnika darajasiga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, standartlarga, portlash, yongʻin va texnik xavfsizligi talablariga muvofiqligini taʼminlashi lozim.
43. Loyiha hujjatining ishchi chizmalarida namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlariga havolalar keltirilishi lozim.
Agar qoʻllanish sharoitida bunday chizmalarga oʻzgartirishlar kiritish lozim boʻlsa (masalan, qoʻshimcha quyilma detallar oʻrnatish koʻzda tutilsa), ishchi hujjatlar tarkibiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar aks ettirilgan chizmalar va qoʻllanilgan namunaviy buyumlar roʻyxati ilova qilinadi.
Oʻzgartirilgan buyumlarga qoʻllanilgan namunaviy buyum markasi beriladi va unga harfli yoki raqamli indeks qoʻyiladi.
44. Bekor qilingan namunaviy loyiha hujjatlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
ShNQ 1.03.04-22 Namunaviy loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga1-ILOVA
(tavsiyaviy)
I. Korxona, bino va inshootlarning namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha topshirigʻiga umumiy talablar
Korxona, bino va inshootlarning namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha topshirigʻi ushbu ShNQ talablariga muvofiq ravishda tuzilib, quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
namunaviy loyiha hujjatining (namunaviy loyiha yechimining) toʻliq nomi;
ishlab chiqish uchun asos;
bosh loyiha tashkiloti va bu ishda qatnashadigan boshqa loyiha tashkilotlarning nomi, ular orasidagi ish taqsimoti;
ishlab chiqish bosqichlari;
tasdiqlash uchun topshirish muddati va tasdiqlovchi organ nomi;
obyektning foydalanish maqsadi, tarkibi va asosiy tavsiflari (quvvati, sigʻimi, oʻtkazish qobiliyati yoki boshqa koʻrsatkichlari, nomenklaturasi va mahsulot ishlab chiqarish hajmi hamda ularning sifatiga qoʻyiladigan talablar;
qurilish-iqlim sharoitlari va ularga nisbatan namunaviy hujjatlar ishlab chiqilgan shartli qurilish maydonlarining maʼlumotlarini koʻrsatgan holda namunaviy ishchi hujjatlar roʻyxati;
atrof-muhit sharoitlari va atrof-muhitni muhofaza qilish talablari;
suv, energiya, gaz va issiqlik taʼminoti (issiqlik tashuvchining turi, qiymati, parametri) hamda kanalizatsiya sharoitlari;
korxona, bino va inshootlarning asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari;
meʼmoriy-badiiy, hajmiy-rejaviy yechimlar boʻyicha talablar, bir-biriga jipslashtirish talablari (korxona, bino va inshootlarning turlari boʻyicha);
korxona, bino va inshootlar hamda konstruksiyalarning parametrlarini unifikatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar;
konstruktiv yechim, yigʻma konstruksiya elementlarining chegaraviy vazni, yuk koʻtaruvchi va toʻsuvchi konstruksiyalarning materiali va pardozlashga oid talablar;
smeta qiymatini hisoblashga oid shartlar;
namunaviy loyiha hujjatini yoki uning alohida qismlarini, shuningdek alohida yechimlarini tanlov asosida ishlab chiqish talablari;
alohida loyiha yechimlarini manfaatdor idora va tashkilotlar bilan kelishish zarurligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar;
buyurtmachi tomonidan bosh loyihachi tashkilotiga va subpudratchi tashkilotlarga taqdim etiladigan qoʻshimcha maʼlumotlar tarkibi;
ishning maxsus shartlari, shu jumladan tadbirlari, tabiiy va texnogen xaraktyerga ega boʻlgan favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasiga qoʻyiladigan talablar;
korxona, bino va inshootlarning energiya samaradorligini va energiya tejamkorligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar.
II. Korxonalarning bino va inshootlari namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha topshirigʻiga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar
Korxonalarning bino va inshootlari namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyihalash topshirigʻi ushbu ilovaning I-boʻlimida belgilanganlardan tashqari quyidagi talablarni va dastlabki maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
ishlab chiqarishni tashkil etish texnologiyasi va usullariga talablar;
xomashyo va yoqilgʻi xususiyatlariga talablar;
ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish boʻyicha talablar;
sanoat oqova suvlarini tozalash, ishlab chiqarish chiqindilarini zararsizlantirish va yoʻq qilish hamda ikkilamchi energiya resurslaridan foydalanish oid talablar;
qurilish va foydalanish sharoitlari (iqlim va grunt sharoitlari, harorat-namlik rejimi va xonalardagi havo tozaligi, tovush bosimi darajasi va boshqalar);
texnologiya, uskunalar, qurilish konstruksiyalari va materiallari sohasidagi ilmiy-texnika yutuqlaridan foydalanish boʻyicha topshiriq.
III. Turar joy hamda fuqaroviy bino va inshootlarning namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha topshirigʻi mazmuniga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar
Turar joy hamda fuqaroviy bino va inshootlarning namunaviy loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha topshirigʻi ushbu ilovaning I-boʻlimida belgilanganlardan tashqari quyidagi talablarni va dastlabki maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
bino va inshootlarning funksional foydalanish maqsadi;
turar joy binolarining turlari (qavatlar soni, blok-boʻlimlar soni va boshqalar), turar joy binolari tarkibida qoʻshib qurilgan xizmat koʻrsatish muassasalari, ularning funksional foydalanish maqsadi, turlari, quvvati, hajmi, qabul qilish imkoniyati, oʻtkazuvchanligi va boshqalar;
kvartiralarning turlari, ularning aholi demografik tarkibiga va qurilish hududiga muvofiqligi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning yashash sharoitlarini taʼminlashga qoʻyiladigan talablar;
loyiha yechimlari uchun variantlarni ishlab chiqish, loyiha doirasida qoʻshimcha hujjatlarni va taqdimot materiallarini tayyorlash bilan bogʻliq koʻrsatmalar.
ShNQ 1.03.04-22 Namunaviy loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga2-ILOVA
(tavsiyaviy)
Namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlari chizmalarini ishlab chiqish uchun loyiha topshirigʻiga qoʻyiladigan umumiy talablar
Namunaviy qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlari chizmalarini ishlab chiqish uchun loyiha topshirigʻi ushbu ShNQ talablaridan kelib chiqib tuzilishi va quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim:
chizmalari ishlab chiqiladigan konstruksiyalar, buyumlar va tugunlarning nomi;
ishlab chiqish uchun asos;
chizmalarni ishlab chiqadigan bosh loyiha tashkiloti nomi;
chizmalarni ishlab chiqishda ishtirok etuvchi loyiha, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik tashkilotlari nomi va ular oʻrtasidagi ishlar taqsimoti (agar bunday maʼlumot boʻlsa);
ishlab chiqish bosqichlari;
qurilish konstruksiyalari, buyumlari va tugunlarining maqsadi, vazifasi va materiallari xususiyatlari;
hisoblash va konstruksiyalash boʻyicha maxsus koʻrsatmalar;
konstruksiyalar va buyumlarni unifikatsiyalash, ishlab chiqarish texnologik talablar va ishlab chiqarish sharoitlari;
foydalanish, tashish, saqlash va qoʻllash shartlari;
texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari;
loyiha ishlarining natijalari va ishlarning tarkibi (seriya va nashr);
loyiha chizmalarini manfaatdor idora va tashkilotlar bilan kelishish zarurligi toʻgʻrisida koʻrsatmalar.
ShNQ 1.03.04-22 Namunaviy loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga3-ILOVA
(tavsiyaviy)
Korxona, bino va inshootlarning namunaviy loyiha hujjatlari tarkibi
I-bosqich — loyiha:
1. Umumiy tushuntirish xati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ishlab chiqilayotgan namunaviy hujjatlar shartlari;
meʼmoriy-rejalashtirish va konstruktiv yechimlar;
muhandislik va texnologik uskunalar yechimlari;
binolarni pardozlash boʻyicha yechimlar;
texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha koʻrsatmalar (turar joy binolari uchun);
texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar va boshqa maʼlumotlar.
2. Asosiy chizmalar:
qurilish maydonining bosh reja chizmasi (M 1:500, 1:1000);
fasadlar (M 1:100, 1:200);
qavatlarning texnologik rejasi (turar joy binolari uchun mebel jihozlarini joylashtirish variantlari bilan) (M 1:50, 1:100);
qavatlar rejasi (M 1:100, 1:200);
blok-boʻlimlar rejalari (M 1:50, 1:100);
xarakterli joylar boʻyicha qirqimlar (M 1:50).
3. Smeta hujjatlar.
4. Qoʻshimcha hujjatlar (mavjud boʻlganda).
5. Taqdimot materiallari (loyihalash topshirigʻiga koʻra).
II-bosqich — Ishchi loyiha:
1. Umumiy tushuntirish xati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
bino va inshootlarning funksional foydalanish maqsadi;
meʼmoriy-rejaviy va konstruktiv yechimlar;
muhandislik va texnologik uskunalar yechimlari;
binolarni pardozlash boʻyicha yechimlar;
texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha koʻrsatmalar (turar joy binolari uchun);
texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar va boshqa maʼlumotlar.
2. Chizmalar:
qurilish maydonining bosh rejasi, jumladan obyekt hududini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish uchastkalari aks etilgan bosh reja (M 1:500, 1:1000);
fasadlar (M 1:100, 1:200);
qavatlarning texnologik rejasi (turar joy binolari uchun — mebel jihozlarini, jamoat binolari uchun — texnologiya uskunalarini joylashtirgan holda) (M 1:50, 1:100);
qavatlar rejasi, jumladan meʼmoriy-rejaviy yechimlari (0.000 balandlik sathidan pastki va ustki qismlari alohida) (M 1:100, 1:200);
blok-boʻlimlar rejalari (M 1:50, 1:100);
xarakterli joylar boʻyicha qirqimlar (M 1:50);
isitish, ventilatsiya va konditsionerlash, ichki suv, gaz va elektr taʼminoti hamda kanalizatsiya, aloqa, signalizatsiya va avtomatlashtirish tizimlari hamda muhandislik uskunalari boʻyicha ishchi hujjatlari toʻplami;
yakka tartibda ishlab chiqariladigan (nostandart) qurilish konstruksiyalari va buyumlarining ishchi chizmalari, buyurtma roʻyxatlari va soʻroq varaqlari (zarurat boʻlsa);
namunaviy boʻlmagan konstruksiyalar va buyumlar, muhandislik jihozlari hamda uskunalarning umumiy koʻrinishi chizmalari.
3. Smeta hujjatlar.
4. Qoʻshimcha hujjatlar (mavjud boʻlganda).
5. Taqdimot materiallar (loyihalash topshirigʻiga koʻra).
ShNQ 1.03.04-22 Namunaviy loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga4-ILOVA
(tavsiyaviy)
Namunaviy loyiha hujjatlarini tasdiqlash haqidagi hujjatga kiritiladigan asosiy maʼlumotlar va texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar
Maʼlumotlar va texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar tarkibiga quyidagilar kiritilishi kerak:
korxona, bino va inshootning nomi;
asosiy texnik-iqtisodiy maʼlumotlar va koʻrsatkichlar;
quvvati (yillik mahsulot chiqarish hajmi, sigʻimi, qabul qilish imkoniyati, xizmat koʻrsatish hajmi va shu kabilar) hisobiy birliklarda yoki mln.soʻmda;
xizmat qiluvchi xodimlar hamda ishchilar soni (ishlab chiqarish obyektlarida);
bino va inshootning maydonlari (korxonalar uchun — ishchi maydoni, turar joy va fuqaroviy binolari uchun — foydali maydoni, qurilish maydoni, kv.m);
bino va inshootning qurilish hajmi, kub.m.
smeta qiymati (umumiy), mln.soʻm, shu jumladan, qurilish-montaj ishlari;
hisobiy birlikka umumiy smeta qiymati, soʻm;
mahsulot hisobiy birligining tannarxi, soʻm (ishlab chiqarish obyektlari uchun);
mehnat unumdorligi (kishi boshiga yillik mahsulot hajmi), ming.soʻm.
hisobiy birlikka energiya resurslari (issiqlik va elektr energiyasi) sarfi;
qurilishda mehnat sarfining hisobiy birliklari — odam-soat;
qurilish-montaj ishlari — mln.soʻm;
hisobiy birlik uchun qurilish materiallari (sement, metall, yogʻoch materiallar va boshqalar) sarfi;
ishchi hujjatlarni tayyorlashga doir koʻrsatmalar (zaruriyat boʻlsa);
namunaviy loyiha hujjatining amal qilish muddati (zaruriyat boʻlsa).
