3-modda. Asosiy tushunchalar
Organik mahsulotlar toʻgʻrisida (O‘RQ-766-son) · Sana: 25.04.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
avtorizatsiyalashtirish — muvofiqlikni baholash boʻyicha akkreditatsiya qilingan organ sifatida faoliyatni amalga oshirishga ushbu Qonunda va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi organik mahsulotlarga doir boshqa normativ hujjatlarda belgilangan talablarga rioya etilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli davlat organi tomonidan ruxsatnoma berish;
inspeksiya nazorati — organik mahsulotlarning organik mahsulotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikda va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiqligini baholash tartib-taomili;
organik mahsulotlar — ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, transportda tashish va realizatsiya qilishning barcha bosqichlarida organik mahsulotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob beradigan ishlab chiqarish texnologiyalarini qoʻllagan holda olingan sertifikatlashtirilgan mahsulotlar;
organik mahsulotlarni ishlab chiqarish — organik jihatdan muvofiqlik sertifikatini olish uchun rioya etilishi zarur boʻlgan organik mahsulotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob beradigan ishlab chiqarish texnologiyalarini qoʻllagan holda mahsulotlarni ishlab chiqarishga va qayta ishlashga doir faoliyat;
organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi — organik mahsulotlarni ishlab chiqarishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs.
