3-modda. Nobank kredit tashkilotlari
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Banklar tomonidan amalga oshiriladigan ayrim moliyaviy operatsiyalarning ushbu Qonunda ruxsat etilgan majmuini amalga oshiruvchi quyidagi kredit tashkilotlari nobank kredit tashkilotidir:
mikromoliya tashkiloti — mikromoliyalashtirish faoliyatini amalga oshiruvchi, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa xizmatlarni koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
lombard — shaxsiy isteʼmolga moʻljallangan koʻchar mol-mulkning (ashyoning) zakalat tarzidagi garovi asosida jismoniy shaxslarga qisqa muddatli mikroqarzlar berishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti — moliyaviy mablagʻlarni jalb qilish va ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yoʻnaltirish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
kafolatlar berish tashkiloti — yuridik va jismoniy shaxslarning kredit tashkiloti oldidagi pul majburiyatini bajarish boʻyicha kafolatlar (kafilliklar) berish faoliyatini professional asosda amalga oshiruvchi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa xizmatlarni koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
faktoring tashkiloti — pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs.
