15-modda. Nobank kredit tashkiloti ishtirokchilari (aksiyadorlari) tarkibining oʻzgarishi
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tegishincha yaqin qarindoshlari hamda ularga aloqador boʻlgan shaxslar bilan birgalikda harakat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari (bundan buyon matnda norezidentlar deb yuritiladi) bir yoki bir nechta bitim natijasida nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi):
oʻn va undan koʻproq foizni, lekin koʻpi bilan yigirma foizni tashkil etadigan ulushini bevosita yoki bilvosita olguniga qadar Markaziy bankni xabardor qilishi;
yigirma va undan koʻproq foizni tashkil etadigan ulushini bevosita yoki bilvosita olguniga qadar Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq xabardor etishda nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olish uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning manbalari toʻgʻrisida hujjatlar bilan tasdiqlangan axborot Markaziy bankka taqdim etiladi.
Agar nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish talab etilsa, nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olishga doir dastlabki ruxsatnomani olish uchun berilgan ariza Markaziy bank tomonidan monopoliyaga qarshi organning qarorini hisobga olgan holda koʻrib chiqiladi.
Dastlabki ruxsatnomani olish uchun nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini olishni niyat qilgan shaxs Markaziy bankning elektron platformasi (bundan buyon matnda elektron platforma deb yuritiladi) orqali Markaziy bankka quyidagilarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:
1) nobank kredit tashkilotining ishtirokchilari (aksiyadorlari) tarkibiga yangi ishtirokchi (aksiyador) kirgan taqdirda:
a) nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olish uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning manbalari toʻgʻrisidagi hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotni;
b) nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini olishni niyat qilgan shaxsning ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi maʼlumotlarni;
