13-modda. Nobank kredit tashkilotining firma nomi
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-765-son) · Sana: 20.04.2022 · Amalda
Nobank kredit tashkilotining firma nomida uning tashkiliy-huquqiy shakliga koʻrsatma, shuningdek tashkilotning turiga qarab “mikromoliya tashkiloti”, “faktoring tashkiloti”, “ipotekani qayta moliyalashtirish” yoki “lombard” degan soʻz yoki soʻz birikmasi, mikromoliya tashkilotining qisqartirilgan nomida esa (mavjud boʻlganda) “MMT” degan qisqartma soʻz boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ilgari tashkil etilgan yoki tashkil etilayotgan banklarning yoxud nobank kredit tashkilotlarining firma nomlari bilan chalkashtirib yuborish darajasida oʻxshash boʻlgan firma nomlaridan foydalanish taqiqlanadi, bundan nobank kredit tashkilotlarining ularni tashkil etgan banklarning yoki aksiyadorlarning ular tashkil etgan banklarning firma nomlaridan foydalanishi, shuningdek oʻz faoliyatini mikromoliya banki faoliyatiga oʻzgartirgan mikromoliya tashkilotlari foydalanishi mustasno.
Nobank kredit tashkiloti rasmiy blankalarda, muhrlarda, shtamplarda va oʻz faoliyati bilan bogʻliq boshqa hujjatlarda, shuningdek reklamada, peshlavhalarda, bosma maʼlumotnomalarda va bosma nashrlarda oʻz ustavida belgilanganidan farq qiladigan firma nomidan foydalanishga haqli emas.
Nobank kredit tashkilotining turlaridan biri sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan, biroq davlat roʻyxatidan oʻtganidan keyin uch oy davomida hisob roʻyxatidan oʻtish uchun hujjatlarni taqdim etmagan yuridik shaxslar oʻz firma nomida “mikromoliya tashkiloti”, “ipotekani qayta moliyalashtirish”, “faktoring tashkiloti” soʻz birikmasidan yoki “MMT” degan qisqartma soʻzdan, shuningdek lombard faoliyatini boshlaganlik haqida Markaziy bankka xabarnoma yubormagan yuridik shaxslar — “lombard” degan soʻzdan foydalanish huquqiga ega emas.
Nobank kredit tashkilotlari boʻlmagan yuridik shaxslar oʻz firma nomida faktoring tashkilotining, lombardning faoliyatini, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish yoki jismoniy shaxslarga kredit berish faoliyatini amalga oshirishini anglatuvchi soʻzdan, soʻz birikmasidan va (yoki) qisqartirma soʻzdan foydalanishga haqli emas, bundan ushbu faoliyatni qonunchilikka muvofiq amalga oshiruvchi yuridik shaxslar mustasno.
Ushbu moddaning talablari kafolatlar berish tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
