Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish hamda ularning xalqaro standartlar talablariga muvofiq oʻtkazilishini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (181-son)
14.04.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida” 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, klinik tadqiqotlarni xalqaro talablarga muvofiq rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri (keyingi oʻrinlarda — Klaster) hududida davlat muassasasi shaklidagi Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
dori vositalarining klinik tadqiqotlarini xalqaro etik va ilmiy standartlar talablariga muvofiq tashkil etishni joriy etish;
respublika hududida klinik tadqiqotlarni rivojlantirish hamda klinik bazalarni jahon standartlari asosida modernizatsiya qilishni muvofiqlashtirish;
“Zarur klinika amaliyoti (GCP)” talablariga muvofiq dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazishni tashkil etish;
jenerik dori vositalarining original dori vositalariga farmakologik bioekvivalentligini aniqlash;
klinik tadqiqot subyektida dori vositalarining farmakokinetik tadqiqotlarini oʻtkazish;
tibbiyot xodimlarining klinik tadqiqotlar oʻtkazish sohasida malakasini oshirish;
“Zarur klinika amaliyoti (GCP)” yoʻnalishida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
3. Belgilansinki:
Agentlik Markazning muassisi hisoblanadi;
Markazda qurilish-montaj, ichki muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini barpo etish, tibbiy texnika, klinik va laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash ishlari Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, “Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasi” doirasida Koreya Eksimbanki (EDCF) jamgʻarmasi kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi.
4. “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
koʻrsatilgan pulli xizmatlardan tushadigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Agentlik, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2022 — 2026-yillarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarini davlat investitsiya dasturlari doirasida qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlashda ulardagi klinik bazalarni “Zarur klinika amaliyoti (GCP)” talablariga muvofiq qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash choralarini koʻrsin.
7. Agentlik
a) bir oy muddatda:
Markaz ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin hamda uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
Markaz tuzilmasi va shtatlar jadvalini tasdiqlasin;
Markazning rahbar va xodimlari mehnatiga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlarini belgilasin;
b) Markazni yuqori malakali mutaxassis xodimlar bilan toʻldirish chorasini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) ikki oy muddatda mahalliy va xorijiy tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan dori vositalari klinik tadqiqotlarining xalqaro standartlar talablariga muvofiq oʻtkazilishini taʼminlashni nazarda tutuvchi Farmakologik vositalarning yoki dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda klinik tadqiqotlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Klinik tadqiqotlar oʻtkaziladigan davolash-profilaktika muassasalarining roʻyxatini;
b) bir oy muddatda:
oʻz tuzilmasidagi Klinik tadqiqotlar oʻtkaziladigan davolash-profilaktika muassasalarini rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini belgilangan tartibda tasdiqlasin;
boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-aprel,
181-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-apreldagi 181-son qarorigaILOVA
“Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazish markazi faoliyatini tashkil etish
CHORA-TADBIRLARI
T/r Chora-tadbir nomi Amalga oshirish shakli Amalga oshirish muddati Masʼul ijrochilar 1. Markaz ustavini belgilangan tartibda tasdiqlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish Ustav 2022-yil may Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi 2. Markaz tuzilmasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash Tuzilma va shtatlar jadvali 3. Markazning rahbar va xodimlari mehnatiga haq toʻlashning Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlarini belgilash Tarif setkasi 4. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish Texnik-iqtisodiy asos 2022-yil iyul Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 5. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini Koreya tomoni bilan kelishish Kelishilgan loyiha hujjati 2022-yil avgust-sentabr Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 6. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ekspertizadan oʻtkazish Ekspertiza xulosasi 2022-yil oktabr Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 7. Koreya Eksimbanki (EDCF) jamgʻarmasi bilan farmatsevtika klasterining ilmiy-oʻquv qismini tashkil etish boʻyicha loyihani muhokama qilish bayonini (MOD) imzolash Muhokama qilish bayoni (MOD) 2022-yil noyabr Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Moliya vazirligi 8. Koreya Eksimbanki (EDCF) jamgʻarmasi bilan farmatsevtika klasterining ilmiy-oʻquv qismini tashkil etish boʻyicha imtiyozli moliyalashtirish shartlarini kelishish va qarz shartnomasini imzolash Qarz shartnomasi 2022-yil dekabr Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi 9. Loyihani amalga oshirish boʻyicha Koreya maslahatchilarini aniqlash uchun tender/tanlov oʻtkazish Maslahatchilarni tanlash 2023-yil fevral Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 10. Koreya maslahatchilari tomonidan loyihani amalga oshirish rejasini va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish Loyiha-smeta hujjatlari 2023-yil oktabr Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 11. Loyiha boʻyicha bosh pudratchini belgilangan tartibda aniqlash Bosh pudratchi bilan shartnoma tuzish 2023-yil dekabr Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 12. Zarur jihozlar va inventarlar roʻyxatini aniqlash va ularni yetkazib berish tartib-taomillarini boshlash Maslahatchilarning texnik shartlari 2023-yil dekabr Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi 13. Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazish markazining qurilish-montaj ishlarini boshlash Qurilish maydonining tasdiqlangan bosh rejasi 2024-yil yanvar Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Qurilish vazirligi 14. Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini oʻtkazish markazida maxsus tibbiy texnika va jihozlarni oʻrnatish va ishga tushirish Maxsus tibbiy texnika va jihozlarni ishga tushirish dalolatnomasi 2024-yil noyabr Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi
Izoh. Ushbu Chora-tadbirlardagi belgilangan muddatlar Koreya Eksimbanki (EDCF) jamgʻarmasi bilan erishiladigan kelishuvga muvofiq oʻzgarishi mumkin.
