36-modda. Kiberxavfsizlik sohasidagi xalqaro hamkorlik
Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-764-son) · Sana: 15.04.2022 · Amalda
Vakolatli davlat organi kiberxavfsizlik sohasidagi xalqaro hamkorlikni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq xalqaro kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga doir axborotni chet davlatlarga va xalqaro tashkilotlarga soʻrov boʻyicha taqdim etadi.
Xalqaro kiberjinoyatlarga qarshi kurashish masalalariga doir axborot, agar bunday maʼlumotlar dastlabki tergov harakatlariga yoki sud jarayonlariga toʻsqinlik qilmasa hamda kiberhujumlarni toʻxtatishga, kibermakondan foydalanilgan holda sodir etiladigan jinoiy xatti-harakatlarni oʻz vaqtida aniqlashga va ularga barham berishga xizmat qilsa, chet davlatlarga va xalqaro tashkilotlarga oldindan soʻrovsiz berilishi mumkin.
