3-modda. Asosiy tushunchalar
Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-764-son) · Sana: 15.04.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
axborotlashtirish obyekti — turli darajadagi va maqsaddagi axborot tizimlari, telekommunikatsiya tarmoqlari, axborotga ishlov berishning texnik vositalari, ushbu vositalar oʻrnatilgan va foydalaniladigan xonalar;
kiberjinoyatchilik — axborotni egallash, uni oʻzgartirish, yoʻq qilish yoki axborot tizimlari va resurslarini ishdan chiqarish maqsadida kibermakonda dasturiy taʼminot va texnik vositalardan foydalanilgan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar yigʻindisi;
kibermakon — axborot texnologiyalari yordamida yaratilgan virtual muhit;
kibertahdid — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soluvchi shart-sharoitlar va omillar majmui;
kiberxavfsizlik — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganlik holati;
kiberxavfsizlik hodisasi — kibermakonda axborot tizimlarining ishlashida uzilishlarga va (yoki) ulardagi axborotning ochiqligi, yaxlitligi va undan erkin foydalanilishining buzilishiga olib kelgan hodisa;
kiberxavfsizlik obyekti — axborotning kiberhimoya qilinishini hamda milliy axborot tizimlari va resurslarining kiberxavfsizligini taʼminlashga doir faoliyatda foydalaniladigan axborot tizimlari majmui, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi obyektlari;
kiberxavfsizlik subyekti — milliy axborot resurslariga ega boʻlish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish hamda ulardan foydalanish boʻyicha elektron axborot xizmatlari koʻrsatish, axborotni himoya qilish hamda kiberxavfsizlik bilan bogʻliq muayyan huquqlar va majburiyatlarga ega boʻlgan yuridik shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor, shu jumladan muhim axborot infratuzilmasi subyektlari;
kiberhimoya — kiberxavfsizlik hodisalarining oldini olishga, kiberhujumlarni aniqlashga va ulardan himoya qilishga, kiberhujumlarning oqibatlarini bartaraf etishga, telekommunikatsiya tarmoqlari, axborot tizimlari hamda resurslari faoliyatining barqarorligini va ishonchliligini tiklashga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik chora-tadbirlar, shuningdek maʼlumotlarni kriptografik va texnik jihatdan himoya qilish chora-tadbirlari majmui;
kiberhujum — kibermakonda apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalardan foydalangan holda qasddan amalga oshiriladigan, kiberxavfsizlikka tahdid soladigan harakat;
muhim axborot infratuzilmasi — muhim strategik va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarining, axborot tizimlari hamda tarmoqlar va texnologik jarayonlar resurslarining majmui;
