98-modda. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining huquqlari
Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-763-son) · Sana: 12.04.2022 · Amalda
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi quyidagilarga haqli:
qarzdorning rahbaridan qarzdorning joriy faoliyati, sud sanatsiyasi rejasida nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi hamda qarzni toʻlash jadvalining bajarilishi jarayoni haqida axborot talab qilishga;
qarzdorning rahbaridan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun pul mablagʻlari oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishini talab qilishga;
qarzdor mol-mulk inventarizatsiyasini oʻtkazgan taqdirda unda ishtirok etishga;
kreditorlarning joriy talablari qarzdor tomonidan oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga;
ushbu Qonun 96-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda qarzdorning bitimlari va qarorlarini kelishib olishga hamda mazkur bitimlar va qarorlar haqida kreditorlarga axborot taqdim etishga;
ushbu Qonunning 63, 64 va 65-moddalarida belgilangan tartibda qarzdorning bitimlarini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida sudga ariza berishga;
qarzdorning kreditorlar talablarini tan olishga yoki bunday talablarni aniqlangan deb topish uchun asoslarni tasdiqlashga doir harakatlari yoxud qarzdorning kreditorlar talablarini koʻrib chiqish borasidagi harakatsizligi ustidan ushbu Qonunning 60 va 87-moddalarida belgilangan hollarda hamda tartibda sudga shikoyat berishga;
ushbu Qonun 96-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda qarzdorning rahbarini oʻz vazifasini bajarishdan chetlashtirish haqidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga;
qarzdor rahbaridan, taʼsischilaridan (ishtirokchilaridan) va (yoki) davlat organlaridan qarzdorga taalluqli boʻlgan axborotni va hujjatlarni soʻrab olishga;
oʻz vakolatlarini amalga oshirishni taʼminlash uchun davlat xizmatlaridan, shu jumladan davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan xizmatlardan oldindan toʻlovlarni amalga oshirmasdan foydalanishga;
qarzdorning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish toʻgʻrisidagi, shu jumladan mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxslarga oʻtkazish, shuningdek bunday choralarni bekor qilish haqidagi iltimosnoma bilan sudga murojaat qilishga.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
